FARZAND SOG‘LIG‘I – OILA QUVONCHI

Toshkent turizm kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Asadulla Fatxullayev hozirdanoq oshpazlik sirlarini puxta egallagan. Uning tarvuz, qovoq, bodring, olma, anor singari meva-sabzavotlardan karving usulida yasagan mahsulotlarini san’at asari deysiz. Bir paytlar bu qo‘llar biror buyumni hatto ushlay olmaganiga ishonmaysiz.

…2011 yilning avgust oyi edi. Asadulla va uning onasi yo‘lda baxtsiz hodisaga uchradi. Mashinada chiqqan yong‘in bir lahzada ularni o‘z domiga tortdi. Asadulla tanasining yetmish foiz qismi jarohatlandi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelinganda ular umidsiz ahvolda edi. Mamlakatimiz tibbiyotidagi zamonaviy imkoniyatlar, shifokorlarning bilim va mahorati tufayli ona va bolaning hayoti asrab qolindi.

Uch oy davomida terini ko‘chirib qoplash bo‘yicha bir necha operatsiyalar, doimiy muolajalar o‘tkazildi. Yangi terining tanaga moslashishi bolaning harakatlanishiga ta’sir ko‘rsatar, barmoqlari bir-biriga yopishib, qo‘l va oyoqlari bukilmaydigan bo‘lib qolgan edi.

Soppa-sog‘, o‘ynab-kulib yurgan bolaning nogironga aylanib qolishi juda achinarli. Shunday og‘ir damda xalqimizga xos mehr-oqibat, ahillik va jonkuyarlik hissi bu oilaga tirgak bo‘ldi. Mahalla-ko‘y, hokimlik vakillari xabar olib turdi. O‘qituvchilari, tengqurlari Asadullani yolg‘iz qoldirishmadi. O‘qishda ortda qolmasligi uchun ustozlari uyga kelib dars o‘tishdi.

…Bir kuni bolakay televizorda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ko‘magida nogiron bolalar sog‘lomlashtirilayotgani haqidagi lavhani ko‘rganda uning yuz-ko‘zlarida quvonch jilvalandi. Asadullaning onasi darhol ushbu fondga murojaat qildi.

“Sog‘lom avlod uchun” fondi bilan “Friedensdorf International” xalqaro tashkilotining hamkorligi doirasida Asadulla Germaniya klinikalaridan birida davolandi. Uni kutib olish uchun aeroportga chiqqan ota-onasi o‘g‘lining qo‘llarini keng yozib, yugurib kelayotganini ko‘rib quvonchdan yig‘lab yubordi.

– Boshimizga tushgan bu ko‘rgulik biz uchun katta sinov bo‘ldi, – deydi Asadullaning onasi Surayyo O‘rmonova. – Nogiron bo‘lib qolayozgan bolamning sog‘ayib, hayotga qaytishi uchun ko‘pchilikning mehnati singdi. Avvaliga Toshkentda, keyin xorijda bepul davolandi. Xudoga beadad shukr, bugun bag‘rimda, yuzi kulib, ko‘zlari chaqnab yuribdi! Buning uchun mehr-oqibatda tengsiz xalqimizga, har bir bolaga e’tibor bilan qarayotgan davlatimiz rahbariga qancha tashakkur aytsam, oz!

Asadulla hovlidagi issiqxonada otasi bilan ko‘chat parvarishlayotgan ekan. Yosh bo‘lishiga qaramay, hayotning achchiq sinovlarini boshidan o‘tkazgan bu bola hayotda sog‘liq eng bebaho boylik ekanini yaxshi anglaydi.

Yana o‘qing:  YOSH OILALARGA “KAMOLOT” UYLARI

– Shifoxonada yotgan kunlarim o‘rnimdan bir martagina turib yurishni orzu qilgandim, – deydi u. – Yaxshi insonlarning yordami bilan nafaqat oyoqqa turdim, balki butunlay tuzalib ketdim. Hech kimdan kam joyim yo‘q. Sport bilan shug‘ullanaman. Hunar o‘rganyapman. Menga yordam bergan barcha odamlardan qarzdorman. Kelajakda o‘zim ham ko‘makka muhtoj kishilarga yaxshilik qilishni xohlayman.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, kam ta’minlangan oilalardagi bemor bolalarni ijtimoiy va tibbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida qator xayrli ishlarni amalga oshirmoqda. Germaniya, AQSH, Janubiy Koreya, Singapur, Hindiston singari mamlakatlar bilan hamkorlikda turli loyihalarni hayotga tatbiq etayotir.

– O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti o‘rtasidagi uch tomonlama shartnoma doirasida 35 nafar bola Germaniya klinikalariga yuborildi, – deydi fondning boshqaruvi raisi o‘rinbosari Nozimjon Mo‘minov. – Bir yil ilgari davolanish uchun yo‘naltirilgan 26 o‘g‘il-qiz sog‘lomlashib, yurtimizga qaytib keldi. Hamkorlik doirasida jami 300 dan ziyod bolalar mamlakatimiz klinikalarida sog‘lomlashtirildi. Tug‘ma yurak nuqsoni bilan og‘rigan 39 bemor uchun Toshkent pediatriya tibbiyot institutining kardioxirurgiya klinikasiga oksigenator va uning butlovchi qismlari bepul yetkazib berildi hamda barcha operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda ham ko‘plab sog‘lomlashtirish dasturlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumani bolalar shifoxonasi va Yuqori Chirchiq tumanidagi qariyalar uyida “Ewha womans university” gospitali shifokorlari ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi. Ularga 530 ga yaqin kishi, asosan, ayollar va bolalar qamrab olindi.

Buxoro va Navoiy viloyatlarida Janubiy Koreyaning “Vision care servise” xalqaro tashkiloti oftalmologlari bilan birgalikda katarakta xastaligini bartaraf qilish, ko‘z gavharini almashtirish maqsadida tekshiruv o‘tkazildi. Xayriya aksiyasi davomida 700 dan ziyod bemorga tavsiyalar berildi. Yuzga yaqin bemorda jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasiga Koreya Respublikasining “Junior Chamber International – JCI” tashkiloti va Cha universiteti qoshidagi Pundan Cha gospitali shifokorlari tashrif buyurishdi. Ular tug‘ma yurak nuqsoni bor 46 bemor bolani tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Ularning 6 nafari Janubiy Koreyaning nufuzli klinikalariga sog‘lomlashtirish uchun yuborildi.

Yana o‘qing:  Armiyamiz – tinchlik va taraqqiyotimiz posboni

Singapur Respublikasining “Smile Asia” xayriya tashkiloti bilan hamkorlikda Farg‘ona viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida yuqori lab va tanglayida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bolalar tekshiruvdan o‘tkazildi. Jarrohlik amaliyoti zarur bolalar shu yerning o‘zida sog‘lomlashtirildi.

Aholi salomatligini mustahkamlash, onalar va bolalarni sog‘lomlashtirish borasida amalga oshirilayotgan bunday ishlar haqida ko‘p gapirish mumkin. Chunki mamlakatimizda har bir bola mehr va e’tiborda. Bu ezgu tamoyil samarasida farzandlarimiz sog‘lom tug‘ilmoqda va sog‘lom ulg‘aymoqda. Hech kimdan kam bo‘lmay, ulkan orzu-maqsadlar bilan katta hayotga qadam qo‘ymoqda.

Go‘zal SATTOROVA,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: