Yetti yuz bor sahnaga chiqqan «Navoiy»

Mabodo aktyor biror bir narsa haqida hammavaqt o‘ylab, xayolida uni doim yorqin tasavvur qilsa, beixtiyor o‘sha obrazga aylanib qolar, undan kundalik turmushda ham osonlikcha qutilolmas ekan.

Betakror san’atkor Olim Xo‘jayev Alisher Navoiy spektaklida bosh rolni ijro etgan paytda shu holga tez-tez tushar, aktyorning obrazdan chiqib ketishi juda-juda qiyin kechardi. Buni yaxshi tushungan san’atkorning rafiqasi Shohidaxonim munosib ish tutar, turmush o‘rtog‘i teatrdan uyga kelgach, uni bezovta qilmaslikka harakat qilardi. O‘sha kuni Buxorodan jiyanlari kelganda ham shunday bo‘ldi: Olim Xo‘jayevga mehmonlar kelganini aytmadi. Bundan uy sohibi ranjiganday bo‘ldi:

 

Xonim, kecha kechqurun ulug‘ mehmonlar kelibdi-yu ogohlantirmabsiz ham…

Tarki odat amrimahol, vujudingizdan Navoiyning tuyg‘ulari erkin chiqib ketishiga monelik qilolmadim. Siz o‘shanda shoir holatida edingiz…

 

Bunday paytlarda Shohida opa aktyorni holatdan chiqarishni bilardi, spektakldagi “… Biz bechora yer, Siz samosiz…” deb Guli monologini aytardi. San’atkor partnyor roliga kirar, voqealar ipini bog‘lab yuborardi.

Olim aka sahnadoshi va safdoshi, olima Shohida opani shunday paytlarda ich-ichidan yaxshi ko‘rib ketardi. Umr yo‘ldoshiga mehri tovlanardi. Ikkalasini uchrashtirgan taqdirdan mamnun bo‘lardi. Sahnada uchrashib, sevgi izhor qilganini o‘ylardi. O‘tgan asrning 30-yillarida respublika teatr truppasiga qabul qilingani, keyin Mannon Uyg‘ur rahbarligida rollar ijro etgani, qatag‘on yillarida uning boshiga ham ne-ne kulfatlar solgani, hozir o‘ziga mehr bilan boqib turgan Shohidasi bilan tergov organlarida tanishgani…

Sahnada 700 marta ulug‘ shoir obrazini gavdalantirish bilan san’atkor o‘zidagi Navoiyga bo‘lgan mehrni tomoshabinlarga ham yuqtira olgan edi.

Spektakl yakunida Husayn Boyqaroning “Qayoqqa?” deb bergan savoliga “Xalqimga, ijodimga” deya sahnadan tomoshabinlar orasiga tushganida teatr devorlari qarsaklardan yorilay derdi. Muxlislar olqishi to aktyor sahnaga chiqquniga qadar davom etardi…

O‘zbekiston Milliy universiteti (avvalgi Toshkent davlat universiteti)ning o‘qituvchisi, olim Xayrulla Ismatullayev biz bo‘lajak jurnalistlarga sahna tili, Navoiy tilini Olim Xo‘jayevdan o‘rganish zarurligini qayta-qayta takrorlardi. Shu mavzuda kurs ishi yozgan talaba sifatida o‘sha paytda ulug‘ aktyor ishtirok etgan spektakllarni diqqat bilan tomosha qilgandim. Aktyor “Ey Nasimiy, subh, ahvolim diloromimg‘a ayt”, deyishi bilan ishtirokchilar XV asr, uning eng yorqin sahifasi – Navoiyni tasavvur qilardi… San’atkorning yuksak ijrosini kuzatib, sahnada til birinchi darajali vosita ekanini yaqqol his qilgandim.

Yana o‘qing:  UCHAR GILAM FAQAT ERTAKLARDA BO‘LMAYDI

Ulug‘ aktyor Olim Xo‘jayevni san’at yo‘lidagi mehnatlari xalqimiz tomonidan e’tirof etilgan. Bugun O‘zbek Milliy akademik drama teatri muzeyidagi buyuk aktyor hayoti va ijodiga oid eksponatlar bilan tanishib, Olim Xo‘jayev bilan xayolan suhbatlashganday bo‘lasiz…

 

Pardaboy TOJIBOYEV,

Jizzax viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: