Eng yaqin do‘st

Poytaxtimizdagi “Kitob olami” savdo markaziga yangi chop etilgan adabiyotlar bilan yaqindan tanishish maqsadida tez-tez borib turaman. Shunday kunlarning birida ushbu ziyo maskaniga bir guruh o‘qituvchi va o‘quvchilar, ota-onalar kirib kelishdi.

Ularni markaz xodimi Sayyora Qosimova ochiq chehra bilan qarshi oldi va mehmonlarni majmua tarixi, bugungi kundagi faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi.

Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi. Bugun yurtimizdagi ta’lim muassasalarida, oilalarda yosh avlod o‘rtasida kitob mutolaasini ommalashtirish, ular qalbida kitobga bo‘lgan mehr-muhabbatni oshirish bo‘yicha qator ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.

– “Kitob olami” savdo markazi eng sevimli maskanlarimizdan biri. Uydagi kutubxonamizni yangi adabiyotlar bilan boyitish yoki tug‘ilgan kunlarga sovg‘a olish maqsadida nevaralarim bilan ushbu dargohga tez-tez kelib turamiz, – deydi poytaxtlik Aziza opa Hamidova. – Bugun ham nabiralarim ta’lim olayotgan 279-umumta’lim maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari bilan birgalikda bu majmuaga tashrif buyurdik.

Badiiy asar mutolaasi orqali bola hayotni, insonlar bilan o‘zaro muomalani o‘rganadi.

 Asar qahramonlari taqdiri bilan tanishish barobarida yoshlar o‘ziga kerakli xulosalarni chiqaradi, hayotiy tajriba orttiradi. Ijobiy qahramonlarga o‘xshashga, salbiy qahramonlarning xato va kamchiliklarini takrorlamaslikka harakat qiladi.

– Nevaralarimning biri hayvonlar haqidagi kitoblarga qiziqsa, ikkinchisi ertaklarni yaxshi ko‘radi. Ularga ma’qul bo‘lgan kitoblarni olib berishga harakat qilaman, – deydi Aziza opa fikrini davom ettirib. – Nazarimda nafaqat bolalar, balki farzandini kelajakda aqlli, bilimli inson bo‘lib voyaga yetishini istagan har bir ota-ona bo‘sh vaqtida kitob o‘qishi, o‘z bilimini har tomonlama boyitib borishi zarur. Ana shunda ular qiziquvchan farzandining “Nima uchun? Nega bunday?” kabi savollariga to‘g‘ri javob bera oladilar.

Farzandlarimizda kitobga mehr uyg‘otish, ularni kitobxonlikka o‘rgatish ota-onalarning eng muhim vazifalaridandir. Chunki, kitob orqali bolaning ongu shuuriga insoniy fazilatlar, ezguliklar singadi. U oq va qorani ajrata boshlaydi. Kerak bo‘lsa asar qahramoni bilan tillashadi, unga o‘xshashga harakat qiladi. Yaxshi kitobni varaqlashdan, mutolaa qilishdan kishi zavqlanadi. Oq qog‘ozga muhrlangan inson qalbining haroratini, ko‘z nurining ranglarini his etadi, yurak zarbini sezib turadi. Ha, kitob bizning eng yaqin va beminnat do‘stimiz. Unga oshno bo‘lganning ma’naviyati ham, dunyoqarashi ham yuksak bo‘ladi.

Yana o‘qing:  Ta’lim – inson kapitali asosi

 

Muhabbat XO‘JAMURODOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: