EHTIYOTSIZLIKNING MUDHISH OQIBATI

Haydovchilar ba’zan shoshib, ehtiyotsizlik tufayli, bilib-bilmay birovlarga zarar yetkazib qo‘yishi mumkin. Avtoulovni boshqarib borayotgan kishining butun diqqat-e’tibori yo‘lda bo‘lishi shart ekanini hammamiz yaxshi bilamiz. Ammo ba’zan yosh yigit-qizlarning uyali aloqa vositasida qizg‘in suhbat qurib avtomashina boshqarib borayotganining guvohi bo‘lasiz.

Beixtiyor ular bilan hamroh bo‘lib qolsakda, tanbeh berishga ko‘pincha andisha qilamiz. Bu andishamiz og‘ir oqibatlarga olib keluvchi yo‘l-transport hodisasiga sabab bo‘lishi haqida esa sira o‘ylab ko‘rmaymiz. O‘z e’tiborsizligi va ehtiyotsizligi tufayli bir keksa insonning umriga zomin bo‘lgan fuqaro N.To‘xtayev (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) ham “So‘nggi pushaymon o‘zingga dushman”, degan xalq maqoli naqadar to‘g‘riligini anglaganida ancha kech bo‘lgan edi.

…Haydar ota hovli-joylarga bir nazar tashladi-yu, ibodat uchun masjidga otlandi. 86 yoshni qarshilagan otaxon ohista odimlab borar ekan, yor-do‘stlar bilan yana diydor ko‘rishish, atrofdagi shahar manzaralari uning qalbiga taskin olib kirardi. Ammo kutilmaganda sodir bo‘lgan mudhish voqea hammasini butunlay o‘zgartirib yubordi.

…N.To‘xtayev “Matiz” rusumli avtomashinasining atrofini bir aylanib ko‘zdan kechirdi, so‘ngra odatdagidek ishga otlandi. U Yunusobod tumani S.Rahimov ko‘chasi bo‘ylab, Usta Shirin ko‘chasi tomoniga qarab harakatlandi. Usta Shirin va S.Rahimov ko‘chalari chorrahasida svetoforning qizil chirog‘i yongach to‘xtadi. So‘ngra yana harakatlanib, Ahmad Donish ko‘chasi tomonga burildi. Shahar ko‘chalari serqatnov. Bir-biriga yaqin harakatlanib borayotgan avtomashinalarni boshqarib borayotgan haydovchilar oraliq masofani va harakat tezligini inobatga olishi lozim. Ammo N.To‘xtayev haydovchilik mas’uliyati va yo‘l harakati qoidalarini his qilmasdan avtoulovni katta tezlikda boshqarib borar edi. Bu e’tiborsizlik oqibatida ko‘ngilsiz hodisalar ro‘y berishini xayoliga ham keltirmagandi. Qarangki, uning xayoliga kelmagan voqea zumda sodir bo‘ldi. Piyodalar yo‘lakchasidan asta o‘tib borayotgan Haydar ota ana shu etiborsizlik qurboniga aylandi. Haydovchi svetoforning avtomashinaning harakatlanishi uchun ruxsat etuvchi ishorasi yongan taqdirda ham piyodalarga qatnov qismini shu yo‘nalishda kesib o‘tishni tugallashga imkon berishlari kerak bo‘lsada, N.To‘xtayev bunga amal qilmasdan Haydar otani avtomobilning old chap qismi bilan urib yubordi. Natijada jabrlanuvchi avtohalokat tufayli olgan tan jarohatlaridan shu kuni shifoxonada vafot etdi.

Sudlanuvchi N.To‘xtayevning aybi jabrlanuvchining qonuniy vakilining ko‘rgazmalaridan tashqari voqea joyini ko‘zdan kechirish bayonnomasi, ekspertiza xulosalari va boshqa dalillar bilan tasdiqlandi. Shuningdek, sudga oid avtotexnika ekspertizasining xulosasiga ko‘ra N.To‘xtayev avtomobilni o‘z vaqtida tormozlantirish yo‘li bilan piyodani urib yubormaslik texnik imkoniyatiga ega bo‘lganligi aniqlandi.

Yana o‘qing:  Necha yoshdan ishlash mumkin?

Sudlanuvchi N.To‘xtayevga nisbatan jazo tayinlashda sud uning aybiga to‘liq iqrorligini, qilmishidan pushaymonligini, shaxsini aniqlab, muqaddam sudlanmaganligini, jabrlanuvchining qonuniy vakili sudlanuvchiga nisbatan qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘rab taqdim qilgan arizasini, shuningdek jinoyatni sodir qilinish usuli va xarakteri, hamda ish bo‘yicha boshqa holatlarni inobatga olib, uni jamiyatdan ajratgan holda qayta tarbiyalash va tuzatish mumkin deb hisoblab, unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 72-moddasini qo‘llab jazo tayinlashni maqsadga muvofiq deb hisobladi.

Yuqoridagilarga binoan va O‘zbekiston Respublikasi JPKning bir necha moddalari bilan N.To‘xtayev aybdor deb topilib, tegishli jazoga tortildi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, haydovchi mashina ruliga o‘tirar ekan avvalo, o‘zining va unga hamroh bo‘lgan yo‘lovchilar, qolaversa, piyodalar hayoti ham uning yo‘l qoidalariga naqadar amal qilishiga bog‘liqligini unutmasligi zarur. Zero, sergaklik kulfatlarning oldini olishning asosiy omilidir.

J.XUDOYQULOV,

Yunusobod tuman prokuraturasi tergovchisi,

G.ShIRINOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: