BU YURTGA G‘ALABALAR YARASHADI



Dunyodagi eng zamonaviy sport maskanlaridan kam joyi yo‘q, yirik xalqaro turnirlarni yuqori saviyada o‘tkazishga moslashgan bu buyuk inshootga boqib, biz kim edik, bugun kim bo‘ldik, mustaqil bo‘lib taraqqiyot yo‘lida nimalarga, qanday yuksak marralarga erishdik, degan shukronalik hissiyoti beixtiyor qalbimizni to‘ldiradi.

Prezident Islom Karimovning poytaxtimizdagi “Bunyodkor” sport kompleksining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan nutqidan.


Xalqimizda “to‘yga to‘yona” bilan degan juda ham ajoyib naql mavjud. Har bir tantana-yu, bayramlarda shunga muvofiq tarzda sovg‘a tayyorlash bizda an’anaga aylanib ulgurgan. Yoshu qari birdek sovg‘a berib bir-birining ko‘nglini ko‘tarishga oshiqadi.

Xabaringiz bor, yaqinda o‘zbek futbolining 100 yillik to‘yi keng miqyosda nishonlandi. Joylarda ushbu yo‘nalishdagi turli uchrashuv va tadbirlarning tashkil etilishi, yangi sport maktablari va muhtasham “Bunyodkor” stadionining ochilishi sportchilar va futbol muxlislari-yu, unga daxldor bo‘lgan insonlarga juda katta sovg‘a bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ushbu jahon andozalari talabiga to‘liq javob beradigan yangi sport inshootining ochilish marosimida Prezidentimiz – “…Bunday ulug‘vor va hashamatli, o‘zida 7 ta zamonaviy futbol maydonini, bolalar va o‘smirlar futbol maktabi, yotoqxonalar, basseyn va boshqa bir qator zarur ob’yektlarni mujassam etgan, jami 56 gektar yerni egallagan bu majmua poytaxtimiz – azim Toshkentimizda qisqa davrda qad rostlagani, haqiqatan ham barchamizga mo‘jizaday tuyuladi. Hech shubhasiz, bunday go‘zal, har qanday yuksak talablarga javob beradigan salobatli va ko‘rkam sport majmuasini barpo etganimiz biz uchun eng ustuvor, eng oliy maqsad bo‘lmish bolalarimizni, yoshlarimizni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom avlod etib o‘stirish, sportchilarimiz, futbolchilarimizning jahon sport maydonlarida yuksak marralarni egallashiga, O‘zbekistonimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishning garovi sifatida xizmat qilajak”, – deya ta’kidladi.

Ana shu gap mening nazarimda futbolchi va murabbiylarimizga nisbatan g‘alabalar uchun berilgan oq fotiha sifatida yangradi desam aslo yanglishmagan bo‘laman. U yog‘iga voqealar rivoji jadallab ketdi.

3 oktyabr. Poytaxtimizdagi JAR stadionida Toshkentning “Bunyodkor” hamda Avstraliyaning “Adelaida Yunayted” jamoalari klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionlar ligasi musobaqasining chorak final javob uchrashuvida o‘zaro kurash olib borishdi. Anchayin qiziqarli kechgan ushbu bahsda “Bunyodkor” irodali g‘alabaga erishib, muxlislarga olam-olam quvonch ulashib turgan bir vaqtda maydondagi sharhlovchi futbol bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi (U16) Eronda o‘tkazilayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati yarim final bahsida musobaqa mezbonini mag‘lub etib final bahsiga yo‘l olgani haqidagi xabarni e’lon qilib barchaning quvonchiga quvonch qo‘shdi. Zero, bu o‘smirlarimizning ikkinchi marotaba Osiyo chempionati finaliga chiqishlari edi.

Yana o‘qing:  YOSH OILALARGA “KAMOLOT” UYLARI

6 oktyabr. O‘smirlarimiz Osiyo chempionati finalida qit’amizning eng kuchli terma jamoalaridan biri bo‘lgan Yaponiyani penaltilar seriyasida ishonchli mag‘lubiyatga uchratib o‘zbek futboli tarixida yangi sahifa ochishga muvaffaq bo‘lishdi. Shu tariqa O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi o‘zbek futboli yubileyida o‘z sovg‘asi bilan ishtirok etib xalqimiz ishonchini oqladi.

Musobaqani dastlab qandaydir ishonchsiz tarzda boshlagan Dilshod Nuraliyev shogirdlari yakunda o‘zlarining nimalarga qodir ekanliklarini isbotlashdi. Dastlab Xitoy o‘smirlari bilan qayd etilgan durang, Hindiston bilan qiyin o‘yindagi 1:0 hisobidagi minimal g‘alaba va Suriyaga qarshi kechgan uchrashuvdagi mag‘lubiyat futbolchilarimizning guruhdan chiqish imkoniyatlarini keskin kamaytirib yubordi. Zero, Xitoy terma jamoasi bilan to‘plar nisbatining bir xilligi va ochkolar hisobida ortda qolayotganimiz O‘zbekiston o‘smirlarining guruhda qolib ketishlariga yetarlicha sabab bo‘la olardi. Ammo so‘nggi turda Xitoy va Hindiston o‘smirlari o‘zaro durangga imzo chekishgandan keyin biz uchun hammasi yaxshi tomonga o‘zgardi.

Shundan so‘ng o‘smirlarimiz o‘zlaridagi tushkunlikka barham berib Osiyoning eng kuchli terma jamoalaridan biri hisoblanadigan Janubiy Koreya termasini chorak finalda mag‘lub etib yarim finalga yo‘l olishdi. Bu o‘yin asosiy vaqti 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Penaltilar seriyasida esa o‘smirlarimiz darvozabon Sarvar Karimovning faolligi evaziga g‘alaba qozonishdi. Keyingi bosqichda bizni musobaqa mezbonlari Eron o‘smirlar terma jamoasi qarshi oldi. Eron bilan bo‘lgan o‘yinda yigitlarimiz juda chiroyli o‘yin namoyish etib 3:2 hisobidagi g‘alabaga erishishdi.

Final. O‘yinni yaponiyaliklar o‘z uslublariga mos ravishda hujumkor ruhda boshlashdi. Darvozamiz oldida ketma-ket uyushtirilgan hujumlar o‘z samarasini bermay qolmadi. O‘yinning ilk daqiqalaridan hujumga otlangan Yaponiya o‘smirlari Mizutani Takumaning sa’y-harakatlari evaziga 6-daqiqadayoq hisobni ochishdi. O‘tkazib yuborilgan tezkor gol vakillarimizga salbiy ta’sir qildi va ular o‘z o‘yinlarini namoyish eta olmadilar. Tanaffus vaqtida murabbiy Dilshod Nuraliyev shogirdlariga kerakli ko‘rsatmalarni berdi.

Ikkinchi bo‘limda vakillarimiz nihoyat o‘zlariga kelishdi va 52-daqiqada butun uchrashuv davomida faol harakat qilgan Akobir To‘rayev hisobni tenglashtirdi.

Aytish kerakki, o‘yin haqiqiy finalga xos tarzda o‘tdi.

Bu safar ham uchrashuvning asosiy vaqti durang natija bilan yakunlangach g‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi. Bu safar ham darvozabon Sarvar Karimov faollik ko‘rsatib yaponiyaliklarning ikkita zarbasini qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. Yakunda hisob penaltilar bo‘yicha 4:2 va O‘zbekiston U16 Osiyo chempioni.

Yana o‘qing:  Farmatsevtika sohasi – yuksalish pallasida

Ushbu musobaqa futbolimizda yangi nomlarning kashf etilishiga turtki bo‘ldi. Osiyo chempionati davomida darvozabon Sarvar Karimovning ko‘rsatgan yorqin o‘yini barchaga birdek manzur bo‘ldi. Bundan tashqari Akobir To‘rayevning hujumdagi faolligi ham muxlislarda yaxshi taassurot qoldirdi.

8 oktyabr. Toshkent xalqaro aeroporti. Barchamizning ko‘nglimizda cheksiz g‘urur va iftixor tuyg‘ularini yana bir karra uyg‘otgan o‘smirlarimizni kutib olish katta shodiyonaga aylanib ketdi. Tegishli vazirlik va idoralar vakillari, futbol jamoatchiligi, jurnalistlar, ota-onalar hamda muxlislar jam bo‘lib chempionlarimizni bayramona kayfiyatda kutib olishdi.

9 oktyabr. O‘FF anjumanlar zalida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Dilshod Nuraliyev ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etishdi.

– Dilshod aka, hakamning final hushtagi yangraganidan keyingi his-tuyg‘ularingiz qanday bo‘ldi?

– Shuncha yo‘lni bosib o‘tib, finalga yetib borganimizdan keyin Yaponiya terma jamoasining kuchini yaxshi bilardik. Ularga qarshi yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Yaponiyaning kuchini barcha ko‘rdi. O‘smirlarimizga rahmat aytaman. 19 kun bir joyda futbol o‘ynash og‘ir, ayniqsa bu yoshda. Ikkinchi bo‘limda hisobni tenglashtirdik va penaltilar bahsida omad biz tomonda bo‘ldi.

Hushtak chalingandan keyingi holatni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Barchamiz ko‘zda yosh bilan g‘alabani nishonladik. Aminmanki, bizning o‘sha paytdagi holatimizni ekran orqali tomosha qilgan yurtdoshlarimiz ham birdek his qilishdi.

– Jamoa har ikkala penaltilar seriyasida ham juda muvaffaqiyatli harakat qildi. Jamoani penaltilar seriyasiga tayyorlaganmidingiz?

– Musobaqadan avval 2 haftalik yig‘in o‘tkazganimizda, har kuni mashg‘ulot yakunida yarim soat penalti tepish bilan shug‘ullandik. Ham futbolchilar, ham darvozabonni bu vaziyatga ruhan tayyorlab bordik.

Osiyo chempionati kashfiyotlaridan biri bo‘lgan, nimchorak final va final bahslarida hal qiluvchi gollarga mualliflik qilgan Akobir To‘rayev to‘g‘risida murabbiy shunday dedi:

– Akobirni guruh bosqichidagi o‘yinlarda maydonga tushirmadik. Biz har kungi nazariy mashg‘ulotlar davomida unga tushuntirish ishlarini olib bordik. U shoshmasligi kerakligini, o‘z vaqtini kutishi lozimligini ta’kidladik. U ishonchimizni oqladi va muhim gollarni urdi.

Har kuni ertalabki mashg‘ulotlarda Akobirning funksional tayyorgarligini ushlab turishga harakat qildik.

Musobaqa g‘oliblarni taqdirlash masalasida berilgan savollarga O‘FF Terma jamoalar markazi rahbari Asqar Tolibjonov quyidagicha javob berdi:

Yana o‘qing:  Xotin-qizlar sporti: yuksalish pillapoyalarida

– Hukumatimiz tomonidan sport va sportchilarga juda katta e’tibor berib kelinmoqda. G‘olib bo‘lgan sportchilarimizni ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan rag‘batlantirish mamlakatimizda ezgu an’anaga aylangan. Shu sababdan 18 oktyabr kuni O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasini taqdirlash marosimini o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Bu tadbirda har bir futbolchining ota-onasi ishtirok etadi.

Bugun yosh sportchilarimizning ulkan g‘alabalari tillarda doston bo‘lmoqda. Umid qilamizki, ushbu g‘alaba kelajakdagi muvaffaqiyatlar uchun beshik vazifasini bajaradi. Hali kelajakda bizni ko‘plab g‘alaba va muvaffaqiyatlar kutib turganidan darak bermoqda. Hozirda bu yigitlarga nisbatan butun xalqimizning tili-yu dilida bir gap: “Otanggizga rahmat o‘zbegimning azamatlari.”

Farhod TOLIPOV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: