Bu bir elkim, quyosh har tong kulib boqqay

Bahorda sayohatga chiqishning gashti o‘zgacha. Ruhing yayraydi. Taning toza havodan to‘yinadi. Asablaring tinchlanib, xotirjam tortasan. Turfa o‘y-fikrli kishilarni uchratasan, suhbatiga guvoh bo‘lasan. Birini ko‘rib shukr qilasan, birini ko‘rib fikr. Eng muhimi esa jonajon Vatanimizning jannatmonand tarovatiga, go‘zal tabiatiga hayrat bilan boqasan. Shu aziz yurtning farzandi bo‘lganingdan faxrlanasan. Azim poytaxtimizdan vodiy gavhari, qadimiy va maftunkor Qo‘qon shahri tomon safar qilarkanman, xayolimdan beixtiyor shu o‘y-fikrlar o‘tadi.

Yo‘l-yo‘lakay atrofga razm solaman. To‘piqni ko‘mar darajada bo‘y berayotgan maysalarning shiviri, qushlarning xonishi, yaproqlarning shitiri mayin va yoqimli shabodaning “hur-hur” ovoziga ulanib, avtomobil oynasidan bizni so‘roqlaydi. Ruhim masrurlik hissini tuyadi. Axir, bu nasim ozodlik, tinchlik, birdamlik va ahillik nasimi. Yurti, mahallasi, qo‘ni-qo‘shnisi, oilasi osoyishta kishilarning qalbigina go‘zallikdan bahra oladi. Har bir kuniga shukronalar aytadi.

Dalada ter to‘kib ketmon chopayotgan, adirda suruv-suruv qo‘yini haydab ketayotgan dehqonu cho‘ponlarni kuzataman. Ular ro‘zg‘or butligi, bolalarining kelajagi uchun ter to‘kib mehnat qilishmoqda. Har birining ko‘nglida yagona umid bor: “Farzandim ilmu hunar o‘rgansin, shu Vatanning ravnaqiga hissa qo‘shsin”. Aslida inson uchun bundan yaxshi orzu-niyat bormi?! Mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shish, yurt kelajagi uchun qayg‘urish nafaqat o‘z oldimizdagi, balki kelajak avlod oldida ham ulkan mas’uliyatimiz, farzimiz va qarzimizdir.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar bizdan hech kimdan kam emasligimiz va kam bo‘lmasligimizni his qilgan holda faqat va faqat olg‘a intilishni, azmi qat’iy, shijoatli hamda tadbirli bo‘lishimizni talab etadi. Zero, jonajon O‘zbekistonimizda har bir islohot inson omiliga xizmat qiladi. Kishilarning manfaati, ularning ijtimoiy shart-sharoiti har qanday dolzarb masaladan ustun turadi.

Tog‘ni yorar shiddatimiz bor

Qamchiq dovoniga yaqinlasharkanmiz, bizni go‘zal manzarali tog‘lar qarshi ola boshlaydi. Boshida hamon qishning ziynati bo‘lmish oppoq qorlarni baland tutib turgan qoyalar diqqatimizni tortadi. Ko‘zimizni quvnatadi. Go‘yo bu yurtning har bir qarichi aziz avliyoyu, anbiyolarning xokidan bunyod bo‘lgani, dinu diyonatli el ekanidan darak beradi. Ha, bu yurtning tog‘lari ham xalqimizning imon-e’tiqodi kabi qadimiy. Nuroniy otaxonlarimiz kabi fayzli. Salla o‘rashni kanda qilmaydi.

Yana o‘qing:  VATAN BAYROG'I

Avtomobil yo‘li bilan yonma-yon ildamlayotgan, bunyodkorlik ishlari hali davom etayotgan temir yo‘l e’tiborimni tortadi. Beixtiyor, xotiramda o‘zbek xalq og‘zaki ijodining nodir durdonasi, milliy qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizni o‘zida mukammal ifoda etgan “Alpomish” dostoni voqealari gavdalanadi. O‘n to‘rt botmonli yoyni shahd bilan tutgan Alpomishning birgina paykon bilan “Asqartog‘”ning mustahkam qoyasini qulatganini eslayman. Ulug‘ mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin”ida Farhodning tog‘u toshlarni talqondek maydalab, xalq uchun suv chiqarganini o‘ylayman va qalbim faxr-iftixor tuyg‘ularidan jo‘sh uradi. “Tog‘ni yorar shiddatimiz bor-a”, deya sevinaman. O‘zbekiston fuqarosi ekanimdan, shunday yurtda, shunday osoyishta zamonda yashayotganimdan quvonaman. Yurtboshimiz ta’kidlagan, obod va ozod Vatanimizning kelajagi bo‘lmish tengdoshlarim – yoshlarning ongu-shuuridan chuqur joy egallagan bir haqiqatni hayqirib aytgim keladi. “Biz hech kimdan kam emasmiz va kam bo‘lmaymiz ham”.

Darhaqiqat, mazkur temir yo‘l o‘n million nafardan ziyod aholisi bor Farg‘ona vodiysini qulay transport-kommunikatsiya tizimi bilan ta’minlaydi. Sohadagi xizmat ko‘rsatish sifati va ko‘lamini kengaytiradi. Eng muhimi, mamlakatimiz yaxlit ichki temir yo‘l tizimiga ega bo‘ladi. Dunyodagi yirik loyihalardan biri sifatida baholanayotgan ushbu qurilish-bunyodkorlik ishiga milliardlab mablag‘ ajratilayotgani hech kimga sir emas. Bu sarf-xarajatlar esa yana bir bor yurtimizda inson omili qadriyat darajasiga ko‘tarilganidan darak berib turibdi. Tog‘lar orasida bunyod etilgan shinam va go‘zal temir yo‘l vokzali esa “Orzu” deb nomlanibdi. Haqiqatda ushbu temir yo‘l “Oltin vodiy” ahlining asriy orzusi edi. Istiqlol tufayli esa u ro‘yobga chiqayotir.

Shaharmisan, shahar

Qo‘qon. O‘tmish va bugunni o‘zida ifoda etgan shahar. Qariyb bir yuz yetmish yillik tarixga ega Qo‘qon xonligining poytaxti. Ilmu-ma’rifat, savdo-sotiq, hunarmandchilik rivoj topgan, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan muazzam go‘sha. Shaharni aylanar ekanmiz istiqlol yillarida u milliy va zamonaviy shaharsozlik an’analari asosida qayta bunyod etilganiga guvoh bo‘lamiz. Ko‘chalari keng va ravon. Shinam va ko‘rkam binolar ko‘zni quvnatadi. Xiyobonu ko‘chalarni aylanarkanmiz, kelin-kuyovlar, yosh oilalar, bolalar, nuroniy otaxonu onaxonlarni uchratamiz. Ularning baxtiyor qiyofasi, ertangi kunga ishonchi tinch va osoyishta zamondan mamnunlik hissini ko‘z-ko‘z etadi.

Darhaqiqat, Prezidentimizning 2009 yil 15 apreldagi “Qo‘qon shahrining arxitektura qiyofasi va shahar infratuzilmasini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan shahar butkul o‘zgacha qiyofa kasb etdi.

Yana o‘qing:  Kulgi san’ati

Qarorga asosan bolalar va yoshlarga mo‘ljallangan hududlar tashkil etildi. U yerda ma’naviyat markazlari, kutubxonalar, sport inshootlari qurildi. “O‘rda”, “Chorsu” hamda “Ozodlik” maydonlarini o‘z ichiga olgan shaharning markaziy qismi barpo qilindi. Tarixiy yodgorliklar qayta ta’mirlandi. Sanoat va aholi ob’yektlari, yakka tartibdagi uy-joylar yuksak saviyada bunyod etildi. Aholining turmushi va dam olishi uchun qulay sharoit yaratildi. Atrof-muhit ko‘kalamzorlashtirilib, ekologiya va inson salomatligi uchun muhim bo‘lgan daraxt ko‘chatlari ekildi. 2010-2012 yillar davomida olib borilgan bunyodkorlik, ko‘kalamzorlashtirish ishlari natijasida hozirda Qo‘qon shahri o‘zining tarixiy salohiyati va zamonaviy salobatini namoyon etayotir.

Bozorlari arzon el – boy el

Shaharni sayr etarkanmiz “Qo‘qon” buyum bozoriga kirib o‘tishni kanda qilmadik. Qadimdan ma’lumki, bozor el ma’murchiligining ko‘zgusi hisoblangan. Aholining ijtimoiy hayotidan darak bergan. Yurtdagi tinchlik, osoyishtalik, kishilarning madaniyati, dunyoqarashi, o‘y-fikrlaridan so‘zlagan. Buyum bozorini aylanarkanmiz hududning ozodaligi mahalliy aholining tozalikka, obodonchilik va bunyodkorlikka azaldan katta e’tibor qaratib kelganining amaliy ifodasi sifatida taassurot uyg‘otdi.

Bir-biridan bejirim va sifatli kiyim-kechaklar bilan to‘la rastalar xaridorlar bilan gavjumligini ko‘rdik. Eng muhimi esa mahsulotlar arzon, cho‘ntakbop. Hamma o‘zining dididan, dunyoqarashi va kasbidan kelib chiqib xohlagan kiyim-kechagini xarid qilishi mumkin. Sotuvga chiqarilgan mahsulotlarning aksariyati Farg‘ona vodiysi aholisining mehnati mahsuli ekani quvonarli hol. Birgina bozor “Oltin vodiy”da ishlab chiqarish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilik, jamiki inson salohiyatini namoyish etadigan barcha sohalar rivoj topganidan dalolat berardi.

Safar davomida Rishton, Uchko‘prik, Dang‘ara tumanlarida ham bo‘ldik. U yerdagi olamshumul o‘zgarishlarning guvohiga aylandik. Yurtimizning barcha hududlari kabi Farg‘ona vodiysi ham ko‘rkam qiyofa kasb etgani, odamlari izlanuvchan, tirishqoq va g‘ayratli ekanidan mamnuniyat hissini tuydik.

Bahodir HALIMOV,

Toshkent – Qo‘qon – Toshkent

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: