BOLANGIZNING MURABBIYI KIM?

Bu savolni hech o‘zingizga berib ko‘rganmisiz? Farzandingizning sport bilan jiddiy shug‘ullanishi yaxshi. Lekin unga tarbiya berayotgan murabbiy qanday odamligi, o‘z sohasida qanday natijalarga erishgani, mashg‘ulotlarni qay tartibda o‘tishi, shogirdlarida qay darajada sportga mehr uyg‘ota bilishi va g‘alabaga ruhlantira olishi – shular bilan qiziqib ko‘rganmisiz?

Bu mavzuga qo‘l urishimga sabab o‘zimning ham o‘g‘lim kurash to‘garagiga qatnaydi. Olti oyda ozmi-ko‘pmi usullarni o‘rgandi. Dunyoqarashi, fikri, xatti-harakatlari keskin o‘zgardi. Odamovi bola kutilmaganda kirishimli, hozirjavobga aylandi. Mana sportning yana bir foydasi.

Shunday bo‘lsa-da, o‘g‘limning mashg‘ulotlarda qanday mashqlarni bajarishi, nimalar bilan shug‘ullanishi haqida tasavvurga ega emasman. Bilishimcha, u sportchi sifatida gigiyenaga, ovqatlanish me’yori va tartiblariga qat’iy rioya qilishi kerak. Ana shulardan xabardor bo‘lish uchun ham sportchi bolaning murabbiysi va ota-onasi doimo hamfikr, hamkor bo‘lishi shart ekan.

– Buning uchun maktablarda bo‘lganiday, murabbiylar ham vaqti-vaqti bilan otalar majlisini o‘tkazib tursa, yaxshi bo‘lardi, – deydi Toshkent shahridan Azizbek Rasulov. – Bolamizning o‘sha sportga iqtidori, qiziqishi bor-yo‘qligini bilgan bo‘lar edik. Axir, farzandimizning musobaqalarda g‘alaba qozonishi faqat sport zalidagi mashg‘ulotlarga emas, balki oiladagi muhitga, shart-sharoitga ham bog‘liq. Masalan, musobaqa oldidan mashg‘ulotlar yana ham kuchaytirilgani uchun bolalar ko‘p kuch yo‘qotadi. Ularga vitaminli ovqatlar berish kerak. Bularning hammasi trener bilan bamaslahat olib boriladi-da.

* * *

Ba’zi murabbiylar iqtidorli, musobaqalarda yaxshi natija ko‘rsatadigan shogirdlariga e’tiborni kuchaytirib, boshqalarini biroz nazardan qochirishadi. Zero, bunday bolalar ham ertaga kuchli sportchiga aylanishi mumkin, hech bo‘lmaganda, salomatligi mustahkamlanadi.

“Trener mashg‘ulotlarni shunday o‘tishi kerakki, har bir bola uyiga “ustoz bugun faqat men bilan shug‘ullandi”, degan tasavvur bilan ketsin”, – deya fikr bildirgandi sport fidoyisi Anvar Kenjayev. – Bu esa, ota-onaning sport zaliga tez-tez borib, mash-g‘ulotlarni, farzandining xatti-harakatlarini muntazam kuzatib borishi murabbiyning ham mas’uliyatini oshiradi.

Qolaversa, bunday paytda ota-onalarning o‘zlari ham trenerga aylanib qolishadi. Bolalarini sportga qiziqtiribgina qolmay, ularning bu boradagi muammolariga jiddiy e’tibor qaratadigan bo‘lishadi.

* * *

Bir tasavvur qiling-a, otalar sport zalini to‘ldirib tursa. Yoki bo‘lmasa, ular har bir musobaqada farzandining yonida yursa, unga zo‘r ruhiy dalda, kuch bergan bo‘ladi. Ortida uni qo‘llaydigan odamlar borligini his qilgan bola musobaqada yaxshi natija ko‘rsatish uchun yana ham faolroq harakat qiladi.

Yana o‘qing:  Buvimning duolari meni qo‘llaydi

“Har safar o‘g‘limni musobaqaga jo‘natguncha, singilchasini juda yaxshi ko‘rgani uchun, “sen Sevinch uchun ham g‘alaba qilishing kerak”, deb uni ruhlantiraman”, – deydi bir do‘stim. Aslini olganda, har bir ota farzandining kelajagi, sog‘lig‘i va muvaffaqiyatlari uchun yanada mas’ul bo‘lishi lozim. “Mashg‘ulot pulini to‘lab qo‘yganman, turnirlar uchun trener bosh qotirsin”, degan bilan bo‘lmaydi-da. Ota-ona va murabbiy hamkorligi haqidagi masalani jiddiy o‘ylab ko‘rish payti allaqachon kelgan. Ha, aytgancha: ishqilib, bolangizning trenerini taniysizmi, birodar?!

Abdurazzoq MURODOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: