Betakror yurt dunyo sayyohlari nigohida

O‘zbekiston sayyohlik ko‘lami va tarixiy qadamjolarning ko‘pligi bo‘yicha jahonda yetakchi o‘n davlat qatorida turadi.

Yurtimizdagi minglab madaniy va tarixiy yodgorliklar, betakror tabiat dunyo sayyohlari oqimini o‘ziga maftun etmoqda. Bugun turizm aksariyat mamlakatlarda milliy iqtisodiyotga salmoqli daromad keltiruvchi sohalardan biri hisoblanadi. Jahon sayyohlik tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur soha daromadi yiliga bir necha trillion dollarni tashkil etadi.

Mamlakatimizda turizmni iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy jihatdan jadal rivojlantirish, hududlar salohiyatidan samarali foydalanish, turizm tarmog‘ini boshqarishni tubdan takomillashtirish borasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qashqadaryo zamini o‘zining boy tarixi, qadimiy osori-atiqalari, o‘tmish yodgorliklari, betakror tabiati bilan soha rivojida muhim o‘rin tutadi. Bugun viloyatda 1 ming 311 madaniy meros ob’yekti ro‘yxatga olingan.

– Viloyatning Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘, G‘uzor va Qarshi tumanlarida madaniy ob’yektlar talaygina. Qolaversa, soha rivojida ekoturizmning o‘rni alohida bo‘lib, Shahrisabz shahrida qurilayotgan “Village Eso Park” majmuasi muhim o‘ringa ega. Mazkur loyiha mehmonxona, restoran, kafe, sport maydonchalari va attraksionlarni o‘z ichiga oladi. Majmuaning 2018 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati vakili Otabek Olimjonov.

Viloyatda turistik resurslardan samarali foydalanish, ko‘rsatilayotgan xizmat turlarini ko‘paytirish va sifatini zamon talablariga moslashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar tufayli bugun Qashqadaryoda 30 ta mehmonxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Yildan yilga ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, zamon talablari darajasida xizmat ko‘rsatish imkoniyati kengaymoqda.

Buxoro – Markaziy Osiyoning eng qadimiy shaharlaridan biri, “Buyuk Ipak yo‘li”dagi eng yirik va mashhur markazlardan hisoblanadi. Shahar minglab yillar bilan o‘lchanadigan o‘zining boy tarixi, madaniy-ma’rifiy va ma’naviy-diniy qadriyatlarning rivojiga qo‘shgan hissasi bilan butun jahonga dong‘i ketgan. 1993 yilda Buxoro shahrining tarixiy markazi YUNYeSKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

2017 yil 19 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017–2019 yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyati sayyohlik salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra Buxoro shahri va Buxoro viloyatida shahar tansport infratuzilmasi, sayyohlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan sub’yektlar va Yevropa, Afrika, Osiyo va MDH davlatlaridan sayyohlar oqimini samarali jalb etish uchun zamonaviy mehmonxonalar sonini oshirish borasida kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish belgilandi.

Yana o‘qing:  Zamonaviy psixolog olimlar bola tarbiyasi haqida shunday fikrlarni bildiradilar

Shu sabab, Buxoro shahri va Buxoro viloyatida yangi mehmonxonalar, madaniy-sog‘lomlashtirish va savdo-ko‘ngilochar markazlar hamda boshqa sayyohlik infratuzilmalari ob’yektlarini qurish, turizmni rivojlantirish uchun zarur sharoitlarni yaratish rejalashtirilmoqda. Jumladan, Shofirkon tumanidagi “Og‘utma” ko‘li atrofida sayyohlik infratuzilmalarini yaxshilash, “Jayron” ekologik markazi “Tashrif” markazini kapital ta’mirlash hamda uning atrofida zoologik bog‘ tashkil etish rejalashtirilgan. Peshku tumanidagi “Qoraqir” ko‘lida ov, plyaj va sport turizmi bilan shug‘ullanish uchun zarur sharoitlar yaratiladi. “Afshona” muzeyi atrofidagi hududlarni obodonlashtirish va ixtisoslashgan davolash uylarini qurish kutilmoqda. Shu bilan birga, “Ark” majmuasini to‘liq restavratsiya qilish choralari ko‘riladi. Ichki hovlining vayron bo‘lgan qismini qayta tiklash ishlari 2021 yilga qadar yakunlanishi belgilangan.

Sayqali ro‘yi zamin deya ta’rif etilgan Samarqand shahri ichki turizm va xorijdan tashrif buyuruvchi sayyohlarning eng sevimli maskanlaridan biridir. Deyarli 3000 yillik tarixga ega bo‘lgan mazkur afsonaviy shaharning qay go‘shasiga nazar solmang, ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lasiz.

Sayyohlikning ekologik, sog‘lomlashtirish, agro va faol turlarini rivojlantirish, ichki turizmni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Urgut, Samarqand, Jomboy, Paxtachi, Nurobod tumanlarida yangi sayyohlik yo‘nalishlari ochildi. Soha uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, Samarqand davlat chet tillari instituti hamda Sartepa turizm va maishiy xizmat kasb-hunar kollejida yangi mutaxassislik va ta’lim yo‘nalishlari tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining BMT Jahon sayyohlik tashkiloti bilan hamkorlikda tayyorlagan ma’lumotiga ko‘ra, 2017 yilning birinchi yarmida 1 million 125 ming sayyoh yurtimizga kelgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 18 foizga ko‘pdir.

Xurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: