AVVALO, KO‘NGIL OBOD BO‘LSIN

Mamlakatimizda yoshlarning har tomonlama yetuk va barkamol voyaga yetishi, jamiyatga kerakli shaxs bo‘lib ulg‘ayishi, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalanishi uchun ta’lim-tarbiya sohasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Globallashuv jarayonida xalqning o‘ziga xosligini, milliy mentalitetini asrab-avaylash, ayniqsa, yoshlar tarbiyasida har bir narsaning muhim o‘rin tutishini anglagan holda o‘sib kelayotgan avlodni turli yot g‘oyalardan himoyalash davlat siyosatining ustuvor vazifasiga aylangan. Yurtimizda MTMlarning faoliyati ana shu himoyaning debochasi hisoblanadi. Birgina Yunusobod tumani, “Akbarobod” mahallasida joylashgan “Nihol” nomli 519-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida 466 nafar bola tarbiyalanmoqda.

Muassasada bolajonlar uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratilgan. Uch mahal issiq ovqat, xonalar shinam jihozlangan, logoped hamda psixolog har kuni bolalar bilan mashg‘ulotlar olib boradi. Ota-onalar farzandlarini maskanda qoldirib, ko‘ngli xotirjam ishga ketadi. Ushbu MTMning faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida u yerga borganimizda, mavjud sharoitlar ko‘ngildagidek ekaniga guvoh bo‘ldik.

Maskan atrofiga mavsumiy gullar ekilgan, turli ertak qahramonlarining xilma-xil haykalchalari o‘rnatilgan. Og‘a-ini ayiqlar, sholg‘om uzayotgan chol va kampir, arslon, turna, dehqon va yana bir qancha haykalchalar bolalarga olam-olam quvonch bag‘ishlamoqda. Ammo o‘sha qahramonlar orasida yarim ochiq kiyingan, mentalitetimizga butunlay yot bo‘lgan suv parisiga ko‘zimiz tushdi. Bola psixologiyasi magnitga o‘xshaydi, ko‘rgan narsasini darrov miyasiga qabul qiladi va unga taqlid qiladi. Behayolik aks etib turgan bu “qahramon” bolaga salbiy ta’sir o‘tkazmasligiga kim kafolat beradi?!

Ushbu masala yuzasidan muassasaning katta uslubchisi Zebo Omarovaga murojaat qilganimizda quyidagicha javob oldik:

– Maskanimizda bolalarning samarali ta’lim-tarbiya olayotganidan ota-onalar mamnun. Sharoitlar ham risoladagidek. Qishgi mavsum arafasida issiqlik batareyalarini yangidan o‘rnatdik. Bolalar turli yuqumli kasalliklarga qarshi emlab boriladi. Muassasamiz hududida xodimlar ishtirokida har kuni tozalik ishlari olib boriladi. Ko‘rib turganingizdek atrof saranjom. Suv parisining haykalchasi haqida gapirsam, ochig‘i, biroz e’tiborsizlik qilibmiz. Bunday timsollar bizning ma’naviyatimizga to‘g‘ri kelmaydi, albatta.

1986 yil ochilgan mazkur MTM qariyb 28 yildan buyon faoliyat yuritmoqda. Ko‘p yillik tajribaga ega muassasa xodimlari, bolalar tarbiyasi ustuvor vazifaga aylangan bir paytda “biroz e’tiborsizlik”ka yo‘l qo‘yishi qay darajada to‘g‘ri? Oddiy narsadek tuyulgan bu mavzu vaqt o‘tgan sari katta muammoni yuzaga keltirmaydi, deb kim ayta oladi?

Yana o‘qing:  YUQUMLI KASALLIKLARNING OLDINI OLISH – AHOLI SALOMATLIGINI ASRAYDI

Masalaning bu jihatini qo‘ya turaylik. Maktabgacha ta’lim muassasasining darvozasi atrofidagi vaziyat yanada ayanchli ahvolda ekanini ko‘rdik. Daraxtlar ekilgan maydonchada chiqindi uyumi mavjud. Non bo‘laklaridan tortib, shaxsiy gigiyena uchun ishlatiladigan buyumlargacha to‘kib tashlangan. Bolalarga ta’lim-tarbiya berish, ularning onggida tabiat va atrof-muhitga hurmat uyg‘otishi lozim bo‘lgan muassasaga borish yo‘lidagi dilni xira qiladigan manzaraga qanday baho berish mumkin? Nahotki, bu hol mahalla faollarini, bolalarini tarbiya muassasasiga yetaklab kelayotgan ota-onalarning qalbiga tashvish solmasa?!

– Atrofdagi chiqindilar haqida mahalla raisi bilan gaplashganmiz, – deydi MTMning xo‘jalik ishlari bo‘yicha mas’ul xodimi Hadya Roziqova. – “Tez orada barcha chiqindilarni olib tashlaymiz”, deb aytishadi. Tozalashadi ham, ammo, ko‘p o‘tmay yana shu ahvol. O‘tgan shanba kuni tarbiyachilar bilan birgalikda hashar o‘tkazib, muassasa hududi va undan tashqarida obodonlik ishlarini o‘tkazdik. Chiqindilarni ham olib tashlagandik. Lekin ko‘rib turganingizdek hafta boshida “uyumlar” tayyor. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, sal narida maxsus temir qutilar bor. Odamlar chiqindilarni o‘sha joyga emas daraxtlar orasiga to‘kib ketishadi.

“Mahalla – xalqning vijdoni”, degan edi muhtaram Yurtboshimiz. Mahallaning obodligi, saranjom-sarishtaligini ko‘rib shu yerda yashayotgan odamlarga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish tizimi faoliyatiga baho berish mumkin. Hududdagi chiqindilarning tevarak-atrofda sochilib yotishi barcha qatori kichkintoylarning salomatligiga ham ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Bu holatga oydinlik kiritish maqsadida mahalla idorasiga bordik, biroq “Akbarobod” mahalla raisi Mirshokir Karimovni uchratmadik. Telefon orqali oqsoqol bilan bog‘landik. Oqsoqol bizni uzoq tergab surishtirganidan mamnun bo‘ldik. Sababi mahalla raisi shu hududga mas’ul mutasaddi shaxs hisoblanadi. Ammo u kishidan yuqoridagi holatga izoh berishini so‘raganimizda to‘planib qolgan chiqindilarni nazorat qilish uning vazifasiga kirmasligini bot-bot takrorladi. Mahalla raisining ta’kidlashicha bu vazifa Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati zimmasida ekan.

Unda mahalla raisining vazifasi nimalardan iborat? Shu o‘rinda qonun hujjatlariga to‘xtalsak. “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida mahalla raisining maqsad va vazifalari belgilab qo‘yilgan. Xususan, “Fuqarolar yig‘inining ekologiya va tabiatni muhofaza qilish, obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha komissiyasi to‘g‘risida namunaviy nizom”ga muvofiq, ekologiya tizimlari, tabiat komplekslari va ayrim ob’yektlarning muhofaza qilinishini, fuqarolarning qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquqini ta’minlash, hududda joylashgan tashkilotlar rahbarlari bilan hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, sanitariya va atrof-tabiiy muhit holati ustidan nazoratning belgilangan tartibda amalga oshirilishiga ko‘maklashish Komissiya faoliyatining asosiy vazifalaridandir.

Yana o‘qing:  Qarash

Bundan tashqari, tegishli fuqarolar yig‘ini hududidagi aholi punktlari, suv ta’minoti manbalari, turar joylar, maktablar va boshqa ta’lim muassasalarining sanitariya va ekologik holati ustidan nazorat amalga oshirilishiga ko‘maklashish, aholi tomonidan chiqindilarning belgilangan joylarda tashlanishini nazorat qilish, mavsumiy xazonlar yoqilishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish ham komissiya faoliyatiga kiradi. Bu nizomning ijrosini ta’minlash va nazorat qilib borish mahalla raisining zimmasiga yuklatilgan.

Muxtasar aytganda, har kim o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashsa, mahallada sog‘lom muhit barqaror bo‘lsa, MTMlarda “biroz e’tiborsizlik”ka yo‘l qo‘yilmasa, farzandlarimiz ma’nan yetuk, jismonan kuchli bo‘lib ulg‘ayadi.

Dildora QARSHIBOYEVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: