Quyon, sichqon, gumdon…

Xotining bog‘chada tarbiyachi bo‘lsa yaxshi-da! Hammaning bolasi “bog‘chaga bormayman, oyijon!” desa, biznikilar tong sahardan safga shay turishadi. Ertalabdan kechgacha onasi-yu, bolalardan ko‘nglim xotirjam. Asosiysi, oyisidan: “Dadasi, bugun ishdan kechroq qaytaman. Bolalarni o‘zingiz bog‘chadan olarsiz”, degan gaplarni eshitmayman.

Menga havasingiz kelyaptimi? Kelyapti!… Lekin… bog‘cha opaning eri bo‘lishning ham o‘ziga yarasha noqulay tomonlari bor.

Ikki yil ilgari xotinim quloq-miyamni yeyavergach, tug‘ilgan kuniga tulki mo‘ynali shuba olib bergan edim. Bir yil kiydi. O‘tgan yili qarasam, shuba qurg‘urning yengi yo‘q.

Bu nima qilganing? – deb so‘rasam, “Nimcha qildim” deydi. Yengidan ikkita quyoncha tikkanmishlar. Ha, bilganingni qil, deb birinchi gal indamadim. Bu yil esa nimchadan ham darak yo‘q. O‘zidan so‘rasam, indamadi. Bolalar qiqir-qiqir kulishib: “Sichqonlardan so‘rang”, deyishdi. Bechora nimchadan sichqon yasashibdi, ortgani esa gumdon…

Eh, buyog‘ini so‘rasangiz, shuba tugul omborxonamizdagi ungacha qolmayapti. Unni nima qilardi, dersiz? Undan xamir qilib choynak, piyola kabi idish-tovoqlarning ustiga yopishtirishadi. Qotgach, kesib olib, bir-biriga ulab o‘yinchoqlar yasasharkan. Xullas, tarbiyachi xotinimning dastidan uyda tosh ham, loy ham qolmadi. Axiyri, fig‘onim ko‘kka chiqib, bunga chek qo‘yish maqsadida bog‘cha mudirasining oldiga bordim. Qabulxonasida tursam, opa shoshgancha kelib qoldilar. Salomlashib, endi gapirishga og‘iz juftlagandim: “Iltimos, uka, mashinadagi yuklarni olib chiqishga yordam berib yuboring”, dedilar. Mashinaga zich qilib joylashtirilgan duxoba ko‘rpa-yu, ko‘rpachalarni ichkariga olib kirdim.

– Opa, bularni nima qilmoqchisiz? – dedim qiziqib.

– Bir haftadan keyin shahar markazida, qo‘lda tayyorlangan o‘yinchoqlar ko‘rgazmasi bo‘ladi. Shunga bulardan yumshoq o‘yinchoqlar tikamiz deb, uyimdagi “eski-tuski” paxtalarni olib kelaverdim. O‘zingiz nima yumushlar bilan yuribsiz? – degancha shoshilinch ko‘rpalarning qavilgan iplarini shart-shurt qilib uza boshladi opa.

Mudira opaning eri ko‘z oldimga keldi. Angrayib qoldim. Ha, kuygan bitta men emas ekan…

Jonfig‘on akaning tilidan Nilufar SAPAYEVA yozib oldi.

Yana o‘qing:  Tog‘ burguti

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: