O‘sha kuni avgust oyi oxir edi…

Otasi quloq qilinishini eshitib qochib ketganida u jajjigina qizaloq edi. “Quloq” degan so‘zning ma’nosini tushunmasa-da, oiladagi ko‘rguliklar sababi shu so‘z bilan bog‘liq ekanini anglardi. Og‘ziga kuchi yetmaganlarning: “Quloq”ning qizi”, deb pichirlashlaridan bezib ketdi. Otasini sog‘inib, pana-panada yig‘lab oldi.

Ota oyda, yilda yarim tun yashirincha kelib, bolalarini mahkam quchoqlab o‘tirar, so‘ng qanday to‘satdan paydo bo‘lsa, shunday g‘oyib bo‘lardi. Bir-birlarining diydorlariga to‘ymay qolishardi. Sho‘rlik ona erining “quloq” bo‘lishiga sabab bo‘lgan kichkinagina tegirmonga la’nat aytgani aytgan edi.

Oradan yillar o‘tib, ota xor-zorlikda vafot etdi. Qayerda, qanday jon berdi, qayerda dafn etildi, yaqinlari bilmadi ham. O‘shanda ilk bor jajjigina qizaloqning yuragi titrab ketdi…

Yillar o‘tdi. Balog‘at yoshiga yetgan qizni yor-yor sadolari ostida uzatishdi. Biroq, u atigi bir oygina oila deb atalmish sirli saltanatning bekasi bo‘ldi. Urush boshlanib, erini frontga jo‘natishdi. Qornida qolgan gumonasiga ota diydorini ko‘rish nasib etmadi.

Keyin esa… Ukasini avval uyida Abdulla Qodiriy asarlarini saqlagani uchun, so‘ng Oqsaroy haqida she’r yozgani uchun surgun qilishdi…

Uning qalbida ismsiz savollar g‘ujg‘on o‘ynadi: nega otasi “quloq” qilindi? Nega darbadarlikda o‘lib ketdi? O‘zi bahor yoshida beva qolgani, ukasining gul umri qamoqda o‘tgani-chi?

Uni Mustaqillik uyg‘otib yubordi. U yuragidagi ismsiz savollarga javob topganday bo‘ldi. Qarang-a, kichkina bir tegirmonni deb otasi kun ko‘rmadi. Endi esa… Kuchi yetganlar zavodlar qurayapti, korxonalar sotib olishyapti.

Abdulla Qodiriy asarlarini saqlagani, Oqsaroy haqida bir jajji she’r yozgani uchun sho‘rlik ukasining ko‘rmagan azobi qolmadi. Ikki marta surgun qilindi.

Bugun esa… Televizordan “O‘tkan kunlar” filmi tushmaydi! Kumush yoki Otabek haqida she’r yozmagan shoirning o‘zi yo‘q! O‘zbekistonning uchta muazzam shahrida Amir Temurning haykali salobat to‘kib turibdi! Qadimiy Shahrisabzga Amir Temur ordeni berildi! Amir Temur millatning g‘ururiga aylandi!

Afg‘on tuprog‘ida bedarak yo‘qolgan bolasi sog‘inchida yuragi yongan ayolni ko‘rib o‘zining ham yuragi yongan edi.

Bugun esa… O‘zbekiston siyosiy mustaqil! O‘z taqdirini o‘zi hal qiladi!

Paxta ekib, kosasi oqarmagan dehqon tanishiga begonalar “paxta ishi” ishtirokchisi, deya ayb qo‘yishdi. Qamab yuborishdi.

Yana o‘qing:  Rozmarin dorivor o‘simligi

Bugun esa… O‘zbek o‘ziga bek!

U bularning hammasini idrok etdi. Bularning hammasini chog‘ishtirdi va Mustaqillikning ulkan qudratini his qildi. Lablari sekingina pichirladi:

– Men Vatanni qayta kashf etdim!

1991 yil 31 avgust.

 

Lola O‘ROQOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: