Yoshlar – huquq bilimdoni

Mamlakatimizda yoshlarning kelajagi porloq bo‘lishini, sog‘lom va barkamol inson sifatida voyaga yetishlarini ta’minlash Bosh Qomusimizda ham o‘z ifodasini topgan. Konstitutsiya farzandlarimiz hayotida nechog‘li ahamiyat kasb etishini ang­latish, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish esa dolzarb vazifalardan biridir. Har yili O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi va Adliya vazirliklari qator tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazib kelinayotgan “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” deb nomlangan ko‘rik-tanlovdan ko‘zlangan maqsad ham aslida yuksak huquqiy bilim va ko‘nikmaga ega avlodni shakllantirishdan iborat.

Mazkur tanlov 4 bosqich 2 yo‘nalishda tashkil etilib, uning quyi bosqichlarida 4 milliondan ziyod o‘quvchi o‘zining ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi.

“Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” respublika ko‘rik-tanlovi nafaqat o‘quvchi-yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish, balki demok­ratik va adolatparvarlik tamo­yillarini yozma ishlarda, tasviriy asarlarda, ko‘rgazmali vositalarda ifodalash, o‘quvchi – yoshlarni qonunlarni bilish, hurmat qilish ruhida tarbiyalash maqsadida 2001 yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda.

Tanlovning respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi doirasida Yoshlar ijod saroyida o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan ijodiy ishlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

– Yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Namangan viloyatida ham ijodkor o‘quvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. O‘tgan yili “Huquq bilimdonlari” respublika ko‘rik-tanlovida tumanimizdagi 16-, 8-maktab o‘quvchilari muvaffaqiyatli ishtirok etishgan. Bugun esa 32-, 22-umumta’lim maktablarining 9-sinf o‘quvchilari Oydina Nuriddinova hamda Zarifa O‘rinboyeva tanlovning respublika bosqichida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi. Buning zamirida yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish uchun ko‘rsatilayotgan e’tibor yotadi, – dey­di Namangan tuman Xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi xodimi Abduqodir Mirzaahmedov.

– Bosh Qomusimizning tarixiy obidalarni muhofaza qilish, bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish, kasb tanlash erkinligiga oid moddalari asosida chizgan rasmlarim bilan viloyat bosqichida g‘olib bo‘lib respub­lika miqyosida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdim. Ota-onam va ustozlarim ishonchini oqlaganimdan faxrlanaman. Tanlov bahona tengdoshlarimning ijod namunalari bilan ham yaqindan tanishdim, – deya suhbatimizga qo‘shiladi Oydina Nuriddinova.

Ta’kidlash joiz, shu yilning 15 noyabridan 15 dekabrigacha ta’lim muassasalarida “Konstitutsiyamiz – huquq va erkinligimiz kafolati” shiori ostida huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar oyligi o‘tkazildi.

Oylik doirasida yurtimizdagi ta’lim muassasalarida “Inson huquqlari – eng oliy qadriyat”, “Men obod yurt farzandiman”, “Mening huquqlarim kafolatlangan” kabi mavzularda olimlar, yozuvchilar, huquqshunoslar ishtirokida ma’rifiy uchrashuvlar, madaniy tadbirlar o‘tkazildi.

Yana o‘qing:  BIRINCHI TIRIK MIKROCHIP YARATILDI

Maktabgacha ta’lim muassasalarida “O‘zbekiston – mening Vatanim” mavzusida, ta’lim muassasalarida boshlang‘ich sinflarda “Baxtli bolaligim”, yuqori sinflarda “Konstitutsiya mening taqdirimda” mavzularida insholar, referatlar, esselar tanlovi tashkil etildi.

“Barkamol avlod” bolalar markazlarida ham “Konstitutsiya bolalar nigohida” nomli rasmlar ko‘rgazmalari, Axborot-resurs markazlari va ta’lim muassasalari kutubxonalarida O‘zbekiston Respublikasi Kons­titutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag‘ishlab yuridik adabiyotlar ko‘rgazmalari tashkil etilgani baxtimiz Qomusi targ‘ibotida muhim o‘rin tutadi.

Darhaqiqat, yaratib berilgan munosib shart-sharoitlargina qo‘lga kiritilajak yutuqlar uchun zamin hozirlaydi. Ko‘rik-tanlov natijalariga ko‘ra insholar yo‘nalishida Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani 1-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi 9-sinf o‘quvchisi Xumora Saydullayeva 1-o‘rinni egalladi. Namangan tumani 22-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi 9-sinf o‘quvchisi Zarifa O‘rinboyeva 2-o‘rin hamda Navoiy shahridagi 3-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Ozoda O‘roqova 3-o‘rin sohibi bo‘lishdi. Tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha esa Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatining 9-sinf o‘quvchisi Dildora Abdusalimova 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Buxoro viloyati Buxoro shahar 34–umumta’lim maktabi o‘quvchisi Sherzod Zoyirov 2-o‘rinni, Xorazm viloyati Xonqa tumanidagi 16-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Xosiyat Hayitboyeva 3-o‘rinni egallashdi.

– “Keksalarni e’zozlash yili”, “Mustahkam oila”, “Tinchlik” mavzularidagi chizgan rasmlarim birinchi o‘ringa loyiq topilganidan juda quvondim. Qomusimiz xuddi oftob singari yo‘llarimizni yoritib turibdi. Adolat mezoni barqaror yurt farzandi ekanligimdan baxtiyorman, – deydi ko‘rik-tanlov g‘olibi Dildora Abdusalimova faxr bilan.

Jamila HAYDAROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: