Tarixiy ko‘prikning zamonaviy qiyofasi

Qarshi shahrida tubdan qayta rekonstruksiya qilingan Amir Temur ko‘prigi va uning atrofida barpo etilgan go‘zal xiyobon foydalanishga topshirildi. Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlangan bu tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi.

Qashqadaryo viloyati hokimi Z. Ro‘ziyev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. Mamlakatimizning barcha hududlarida iqtisodiy-ijtimoiy infratuzilma rivojlanib, shahar va qishloqlarimiz zamonaviy qiyofa kasb etmoqda. Qarshi shahri ham har tomonlama ko‘rkamlashib, aholi uchun barcha zarur sharoit yaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2013 yil 25 iyuldagi “Qarshi shahrini kelajakda qayta qurish rejasi va zamonaviy yo‘l-transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Buyuk Amir Temur tomonidan barpo etilgan mazkur ko‘prikning Vatanimiz mustaqilligining 25 yillik bayrami arafasida tubdan rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilganida ham chuqur ramziy ma’no mujassam.

Bu tarixiy ko‘prik qadimda Qashqadaryo daryosining ikki qirg‘og‘ini o‘zaro bog‘lab, xalqaro ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarga vosita bo‘lgan. O‘rta asrlarda Nasaf orqali Eron va Hindistonni Yevropa bilan bog‘lagan muhim karvon yo‘llari o‘tgan. Shu bois bu voha asrlar davomida gullab-yashnagan. Olim va sayyoh German Vamberining yozishicha, 1860-yillarda Qarshi shahrida 10 karvonsaroy, katta bozor, shahar aholisi dam oladigan bog‘ bo‘lgan. U bunday bog‘ni boshqa yurtlarda uchratmaganini alohida qayd etgan. Bugun o‘sha tarixiy bog‘ ham qayta tiklandi.

 

Amir Temur ko‘prigi zamonaviy talablar asosida qayta barpo etildi. Qashqadaryo daryosida uchta to‘g‘on qurildi. Qirg‘oq bo‘yidagi eski binolar o‘rnida go‘zal xiyobon bunyod etildi. Daryo sohili bo‘ylab kemalar to‘xtaydigan to‘rtta joy qurilib, yoritish ustunlari o‘rnatildi. 51 dona katamaran, 2 ta turistik kater va 4 ta attraksion keltirildi. Daryo qirg‘og‘i bo‘ylab 14 ta kottej, 4 ta kafe-bar, bolalar maydonchalari, 4 ta sun’iy qoplamali sport maydonchasi barpo etildi.

4 kilometr ichimlik suvi, 4, 2 kilometr kanalizatsiya, 29, 3 kilometr elektr tarmog‘i tortildi. 144, 8 ming kvadrat metr maydonni sug‘orishga mo‘ljallangan uskunalar o‘rnatilib, xiyobon to‘liq ko‘kalamzorlashtirildi. 4 mingdan ortiq manzarali daraxt va butalar ekilib, qariyb 68 ming kvadrat metr maydonga bruschatka yotqizildi.

 

Yana o‘qing:  Qo‘riqxonada media-tur

Amir Temur ko‘prigi qayta tiklangani va uning atrofida go‘zal xiyobon barpo etilgani Qashqadaryo aholisi uchun quvonchli voqea, katta bayram tuhfasi bo‘ldi. 700 yillik tarixga, puxta va mustahkam muhandislik yechimlariga ega ushbu inshoot qaytadan go‘zal qiyofaga ega bo‘lishi Prezidentimiz rahnamoligida tariximizni o‘rganish, tiklash va asrab-avaylashga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasidir.

– Mustaqilligimizning har bir kunida bir mo‘jiza yaratilmoqda, desak xato bo‘lmaydi, – deydi milliy kurash bo‘yicha jahon chempioni, xalqaro toifadagi sport ustasi Jaloliddin Shernazarov. – Amir Temur bobomiz qurdirgan ushbu ko‘prikning butunlay yangi qiyofa kasb etishi mustaqilligimizning 25 yillik to‘yiga ajoyib tuhfa bo‘ldi. Bugun yurtimizning qay bir chekkasiga bormang, ulkan o‘zgarishlarning guvohi bo‘lasiz. Bunyodkorlik xalqimizga xos yuksak fazilat. Biz, yoshlar qaysi sohada faoliyat yuritmaylik, ana shunday jasur, mard va fidoyi ajdodlarimizga munosib bo‘lish, Prezidentimiz rahnamoligida yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan samarali foydalanishimiz lozim.

Prezidentimiz Islom Karimov 2015 yil 30 iyun kuni viloyatga tashrifi chog‘ida mazkur maskanni xalqimiz dam oladigan go‘zal va zamonaviy xiyobonga aylantirish bo‘yicha zarur tavsiyalar bergan. O‘tgan qisqa vaqt ichida bu yerda keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Ko‘prik va uning atrofida barpo etilgan ko‘rkam sayilgoh nafaqat mamlakatimiz aholisi, balki chet ellik sayyohlarning ham sevimli maskaniga aylanadi.

– Qadimiy Qarshi va Shahrisabz shaharlari menda katta taassurot qoldirdi, – deydi xitoylik sayyoh Lin Xay. – Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lganman, lekin O‘zbekistondek go‘zal yurtni ko‘rganim yo‘q, desam ishonavering. Tabiati betakror, odamlari xushmuomala, mehmondo‘st, turli millatlar bir oiladek ahil-inoq yashayotgan O‘zbekistonning kelajakda buyuk davlat bo‘lishiga barcha asoslar bor. Xitoy ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston haqida, uzoqni ko‘ra oladigan donishmand Prezident Islom Karimov haqida ko‘p o‘qiganman, eshitganman. Bugun O‘zbekistonga kelib, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘rib, bunga o‘zim bevosita guvoh bo‘lib turibman. Qalbi go‘zal va niyati ulug‘ insonlargina bunday ezgu ishlarga qodir bo‘ladi.

– O‘zbekiston qadimiy va buyuk tarixga ega kam sonli davlatlardan biri. Bu diyor meni tarixiy obidalari, milliy qadriyatlari, go‘zal tabiati va bag‘rikeng xalqi bilan maftun etdi, – deydi sudanlik sayyoh Isameldin Ahmad Abdulrahmon. – Tarixiy obidalarning mukammal, o‘ziga xos me’morchiligiga tan bermasdan iloj yo‘q. Necha ming yillik minoralar hamon yangiday qad rostlab turibdi, ohori to‘kilmagan. Xalq bu tarixiy merosini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab kelmoqda. O‘zbekiston o‘z kelajagini o‘z qo‘li bilan qurmoqda. Mana bu tarixiy ko‘prik, uning atrofida barpo etilgan go‘zal xiyobon shu darajada uyg‘unki, go‘yo o‘tmishi buyuk xalq o‘zining buguni va kelajagini ham shunday ulug‘layotgandek tuyuldi menga.

Yana o‘qing:  Maxsus bolalar muassasalariga vitaminlashtirilgan sabzavot aralashmalari yuboriladi

Taniqli san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar tadbirga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A. Ikromov so‘zga chiqdi.

 

O‘lmas BAROTOV,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: