TA’LIM JARAYONI INNOVATSION TEXNOLOGIYALAR ASOSIDA

Yangi o‘quv yili arafasida yana bir yuksak e’tirofni o‘qib hursand bo‘ldik. Fransiyaning “Insead” xalqaro biznes maktabi va Jahon intellektual mulk tashkiloti (JIMT) tomonidan tayyorlanib, 2012 yil 3 iyulda e’lon qilingan “2012 yildagi innovatsiyalarning global indeksi” deb nomlangan tahliliy ma’ruzada ta’lim sohasidagi innovatsiyalar ko‘rsatgichi bo‘yicha O‘zbekiston ikkinchi o‘rinni egalladi.

Jahonning 141 ta mamlakatini qamrab olgan tadqiqotning reytinglar ro‘yxatida 75,70 ball bilan Irlandiya birinchi o‘rindan joy olgan. Mamlakatimiz esa 75,38 ball bilan keyingi o‘rinni band etgan. Daniya, Yangi Zelandiya, Islandiya, Belgiya singari dunyoning rivojlangan mamlakatlari ushbu reytingning keyingi saflarida turishibdi.

Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi 205- hamda 223-maktablarda pedagogik innovatsiyalar borasida olib borilayotgan ishlar hamda yangi o‘quv yili rejalari bilan tanishdik.

O‘QITUVCHI IBRAT BO‘LSIN

Nasiba Hayitmetova, Toshkent shahridagi 205-maktab direktori:

— Maktabimizda 41 nafar pedagog 600 nafardan ziyod o‘g‘il-qizlarga bilim berib kelishmoqda. Mustaqillik yillarida ilm-ma’rifatga, intellektual taraqqiyotga intilish, yoshlarimizni aynan shu ruhda tarbiyalash masalasi ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Shu bois bizning maktabimizda ham yildan-yilga o‘quvchilarning yanada puxta bilim olishlarini ta’minlash maqsadida zamonaviy ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida dars o‘tilishiga alohida shart-sharoitlar yaratilmoqda. O‘tgan o‘quv yilida informatika xonasi to‘liq ta’mirdan chiqarildi va zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlandi. Kompyuter sinflarida masofaviy o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. 2-9-sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan biologiya, fizika, ona tili, kimyo fanlari bo‘yicha o‘zbek va rus sinflari uchun 40 ta elektron darsliklar kompyuterga joylashtirildi. Masalan, “O‘zbekistonning tarixiy shaharlari bo‘ylab virtual sayohat” 3D lavhalaridan tarix darslarida interfaol usuldan foydalaniladi. Fizika o‘qituvchisi Olga Rukavish’enkova, “Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari” fani o‘qituvchisi Mahbuba Abduxoliqova, biologiya fani o‘qituvchisi Dilorom Sodiqovalarning multimediya asosida o‘tayotgan darslari o‘quvchilarning shu fanlarga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirmoqda.

Shuningdek, bolalarni jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol bo‘lib voyaga yetishlarini ta’minlash maqsadida sportning turli yo‘nalishlari uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Maktabning sport zali qayta ta’mirlanib, kerakli sport anjomlari bilan jihozlandi.

Bugungi pedagogdan har qachongidan-da puxta bilim, zamonaviy texnologiyadan xabardorlik va albatta o‘quvchilarga bugun nimani o‘rgataman, degan savolga javob beradigan dars rejasi talab etiladi. Men pedagog-kadrlarning kundalik dars rejalarini nazorat qilishdan erinmayman. Har bir o‘qituvchini “Dars muqaddas” yo‘llanmasi bilan tanishib chiqishini talab qilaman. Chunki, tikuvchi tikkan ko‘ylagining xatosini to‘g‘rilay oladi, ammo o‘qituvchi xatoga yo‘l qo‘ysa, bilimi sayoz kadrlar ko‘payadi. Demak, millat ko‘zgusi — farzandlar kelajagi bizning qo‘limizda ekanini bir daqiqa bo‘lsa-da esdan chiqarmasligimiz lozim. O‘tgan o‘quv yilida maktabimizni 70 nafar o‘g‘il-qiz tamomlagan bo‘lsa, shularning 24 nafari akademik litseylarga, 46 nafari kasb-hunar kollejlariga to‘liq joylashdilar. Bu ham ishimizning samarasidir.

Yana o‘qing:  Jarrohliksiz radioto‘lqinli davolash usuli

Nargiza Nigmatova, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi: — Bu yilgi o‘quvchilarimiz ancha zehnli. Yozgi ta’til davrida ham ota-onalarning iltimosi bilan bolalarni maktabga tayyorladik. “Bilimlar kuni”da biz o‘quvchilar bilan Mustaqillik yillarida Prezidentimiz rahnamoligida yurtimizda qurilgan yangi inshootlar, bolalarning bilim olishlari, o‘z iqtidorini namoyon etishlari uchun yaratilgan sharoitlar haqida suhbatlashdik. Prezident sovg‘asini qo‘liga olgan o‘quvchilarning ko‘zlaridagi baxtiyorlikni so‘z bilan ta’riflash qiyin. O‘quvchilarimiz orasida Nurbonu Idrisova, Maftuna Abdumavlonovalar gimnastika bilan shug‘ullanishar ekan. Balki kelajakda ulardan chempionlar yetishib chiqar.

Raisa Armasova, ingliz tili o‘qituvchisi, Salomat Bobonazarova, matematika fani o‘qituvchisi:

— Bu yilgi o‘quv yilida o‘z ishimizga yanada mas’uliyat bilan yondoshmoqdamiz. Boisi mamlakatimiz yuksalish bosqichida ekan, har bir kasb egasiga yildan-yilga talab yuksalib boraveradi. Biz pedagoglarda esa kelajak avlod tarbiyasi va barkamolligi uchun javobgarlik mas’uliyati yanada oshadi.

Kelajak biznikidir

9-sinf o‘quvchisi Aziza Begjanova kelajakda Toshkent Vestminstr universitetiga o‘qishga kirish niyati borligini aytganida hozirgi ko‘pchilik yoshlarning o‘qishga qiziqishi yuksakligidan qalbimiz xushnud bo‘ldi.

— Yozgi ta’til davrida oilamiz bilan o‘tkazgan mazmunli hordiqdan so‘ng ingliz tili hamda matematika fanlaridan qo‘shimcha ta’lim oldim. Maktabimizda ko‘pchilik fanlarni yangi innovatsion texnologiyalar asosida o‘tilishi biz uchun nihoyatda qiziqarli. Chunki o‘tilayotgan mavzuga bag‘ishlangan filmlar namoyishi bizda katta ta’ssurot qoldirish bilan birga fanga bo‘lgan qiziqishimizni ham orttiradi,— deydi u.

Donoxon Jobborova badiiy kitoblarni o‘qishni yaxshi ko‘rar ekan. — Chunki hayot, odamiylik haqidagi bilimlarni kitoblardan o‘rganamiz. Ta’til davrida L.Tolstoyning “Urush va tinchlik” asarini o‘qib chiqdim va hozirgi tinchlik davrimizni qadriga yetishimiz, biz uchun yaratilgan barcha sharoitlardan oqilona foydalanib, faqat a’lo baholarga o‘qishimiz kerakligini, kelajakda hayotda o‘z o‘rnimizni topishimizda bularning barchasi asqotishini yana bir bor qalbimdan his qildim, — deydi u.

Javlon Xolmuhammedov kelajakda aloqachi bo‘lishni niyat qilibdi.

— Buning uchun barcha fanlardan ayniqsa matematikadan chuqur bilimga ega bo‘lish talab qilinadi. Yigit kishi yurt, oila tayanchi. Birinchi navbatda sog‘lom kishi har bir ishga qodir bo‘ladi. Shuni yaxshi anglagani uchun u o‘z salomatligini mustahkamlash maqsadida sportning suzish turi bilan shug‘ullanar ekan. Javlon bu yilgi o‘quv yilida o‘tgan yilgi xatolarini takrorlamasligi, ko‘proq vaqtini bilim olishga bag‘ishlashini aytdi.

Yana o‘qing:  UMRNING NURAFSHON MANZILLARI

Bizga Havas Qilganlar kO‘p,

— deydi 223-umumta’lim maktab direktori Minnikamol Alti’nbekova.

— Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul qilindi. Ushbu xujjatlarda ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalarni biz o‘z ishimizga izchillik bilan tadbiq etib, kelajagimiz bo‘lgan yoshlarning chuqur bilim egallashlari yo‘lida o‘z hissamizni qo‘shib kelmoqdamiz. Maktabimizda o‘quvchilarga besh yildan beri ingliz tilidan chuqurlashtirilgan bilim beriladi. Bu yilgi o‘quv yilida ilk qaldirg‘ochlarimizni uchirma qilamiz.

Maktabimiz 2007 yilda kapital ta’mirdan chiqarildi. Shu yili informatika fani xonasi zamonaviy texnikalar bilan jihozlandi. O‘quvchilarimiz bundan unumli foydalanib, internet orqali kerakli qo‘shimcha ma’mumotlarni oladigan bo‘lishdi. Ko‘pchilik pedagoglar o‘z fanini yangi innovatsion texnologiyalar yordamida o‘tishmoqda. Natijada o‘quvchilarning o‘zlashtirish samaradorligi oshmoqda.

Yangi o‘quv yilida maktab vasiylik kengashi a’zolari bo‘lgan ota-onalar qishgi mavsumga tayyorgarlik ishlarida ya’ni tomni va sport zalini ta’mirlashga yordam berishdi. Bu yilgi o‘quv yilida pedagog-kadrlarimiz nomidan o‘quvchilarimizni har qachongidan-da chuqur bilim olishlari uchun yanada mas’uliyat bilan mehnat qilishga shaymiz deb ayta olaman.

Azzatjon Karimova, ingliz tili o‘qituvchisi: — Pedagog sifatida men o‘quvchilarimizni kelajakda Oliy bilim dargohlarida ta’lim olib yurtimiz taraqqiyotiga munosib xissalarini qo‘sha oladigan mutaxassislar bo‘lib voyaga yetishlari uchun bor bilim va tajribalarimni ayamayman. Barcha maktablar qatori bizning bilim maskanimizda ham ilg‘or pedagogik texnologiyalar proyektor yordamida slayd orqali yoki o‘zimiz tayyorlagan ko‘rgazmali qurollar yordamida dars o‘tishni yo‘lga qo‘yganmiz. O‘tgan o‘quv yilida “Binar” (ikkita fanni uyg‘unlashtirgan holda) usulida kimyo fani o‘qituvchisi bilan hamkorlikda mazkur darsni ingliz tilida o‘tdik. Bu yil ham shu tajribamizni boshqa fanlarni o‘tishda davom ettirish niyatidamiz. Faolligi va qiziqishi kundan-kunga oshib borayotgan o‘quvchilarimizning barcha savollariga javob berish uchun doimo izlanishdamiz. O‘quvchilarimizdan Muhayyo Qayumova 2012 yilda tuman maktablararo o‘tkazilgan “Orasta qizlar” ko‘rik-tanlovida 1-o‘rinni, Ulug‘bek Jumaniyozov “Kelajak ovozi”, “Yangi avlod” ko‘rik-tanlovlarining shahar bosqichida 3-o‘rinni, Muhammadsodiq Abdurahmonov “Bilimlar bellashuvi”ning Respublika bosqichida 3-o‘rinni egalladi. Ular o‘zlarining iqtidori bilan maktabimiz faxri hisoblanadilar.

Dilafro‘z Nishonova, 9-A sinf o‘quvchisi, —Ta’til davrida sevimli o‘zbek adiblarimizdan X.To‘xtaboyevning “Mungli ko‘zlar”, “Besh bolali yigitcha”, O‘tkir Xoshimovning “Tanlangan asarlar”, Amerika yozuvchisi Stefani Mayerning “Zulmat ostonasidagi muhabbat” asarlarini qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Odamiylik, yaxshilik kabi insoniy fazilatlarni o‘rgandim.

Yana o‘qing:  Umumta’lim elektron kutubxona loyihasini amalga oshirishda Janubiy Koreya tajribasi qo‘llaniladi

Ozoda Boymurodova — ona:

— Bu yil ikkinchi farzandim Mohira qizim 1-sinfga o‘qishga chiqdi. Mazkur ingliz tiliga chuqurlashtirilgan maktabda qizim yaxshi bilim olishiga ishonaman. Repetitor o‘qishga tayyorlayotib qizimning zukkoligini aytganida ko‘zlarimda yosh qalqidi. Biz ota-onalar o‘qituvchilar bilan hamkorlikda ish olib borsak farzandlarimizning kelajakda sog‘lom fikrlaydigan, ma’naviyatli yoshlar bo‘lib yetishishini ta’minlagan bo‘lamiz. Buni har bir ota-ona yurakdan his etishini hohlardim.

Ha, maktablarda bolalarning sho‘x-shodon ovozi yangramoqda. Bilimga chanqoq bu beg‘ubor qalblarning kelajagiga javobgarlik hissini qalbiga tuygan ustozlar ularga parvona. Bolajonlarning kitob o‘qishga, yangi texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishining ortayotgani ustozlar mehnati natijasidir. Har ikkala maktab faoliyati bilan tanishar ekanman, pedagoglar bilan yangi — innovatsion texnologiyalar tajribasini yanada kengaytirish xususida fikrlashdik. Chunki bugungi kunda har birimiz uchun intellektual bilim kundalik hayot mazmuniga aylanar ekan, Yurtboshimiz aytganlaridek, kelajak avlodga ozod va obod Vatan qoldirishimiz muqarrar bo‘ladi. Bilim maskanlarida o‘tgan onlarim bugungi kunga shukronalik, kelajakka ishonch, o‘qituvchidek sharafli kasb egalariga havas va hurmat kabi ezgu hislarni qalbimga jo etdi. O‘sha muqaddas ostonaga yana va yana qaytgim keldi.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA,

muallif olgan suratlar.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: