Sportni yanada ommalashtirish ustuvor vazifaga aylanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 31 oktyabr kuni jismoniy tarbiya va sport sohasida boshqarish tizimini takomillashtirish, ommaviy sportni rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni tanlash va tarbiyalash, sohani malakali kadrlar bilan mustahkamlash hamda zamonaviy sport inshootlarini barpo etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Prezidentning Davlat maslahatchisi, tegishli vazirlik va qo‘mitalar rahbarlari ishtirok etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil 15 fevraldagi “Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimiz sporti rivojida yangi davrni boshlab berdi. Bundan tashqari, joriy yilda sohaga oid yana 20 dan ortiq hujjat – Prezidentimizning farmoyish va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari qabul qilindi. Bu ham davlatimizning jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirishga qaratayotgan e’tiboridan dalolat beradi. Joriy yilning o‘tgan davrida mahalliy va xalqaro sport musobaqalarida sportchilarimiz tomonidan 483 ta oltin, 394 ta kumush, 536 ta bronza, jami 1 ming 413 ta medal qo‘lga kiritildi.

Yig‘ilishda sport sohasi uchun malakali kadrlar va murabbiylar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada asosiy bilim maskani bo‘lgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti Chirchiq shahriga ko‘chirildi. Natijada institut malakali sportchi va murabbiylarni o‘qitish hamda tayyorlash uchun zarur infratuzilmaga ega bo‘ldi, zamonaviy sport shaharchasi barpo etish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, institutda 2017–2018 o‘quv yilidan boshlab sirtqi ta’lim olish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu institut huzurida Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tashkil etildi. Markazda hozirgi kunga qadar 800 dan ortiq xodim malaka oshirdi. Yig‘ilishda institut faoliyatini yanada takomillashtirish, o‘quv jarayoniga yangi innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, ilmiy izlanishlar uchun maxsus laboratoriyalar tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Jismoniy tarbiya institutini zamonaviy sport ta’lim muassasasiga aylantirish, o‘quv dasturlarini zamonaviy ilm-fan yutuqlari asosida tashkil etish bo‘yicha 2018–2020 yillarga mo‘ljallangan dastur tuzish zarurligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 3 iyundagi “Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohadagi yana bir muhim hujjat bo‘ldi. Ushbu qaror bilan O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Dasturda 2017–2021 yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish uchun 995,2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanishi, sport maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 167 ta sport inshooti, jumladan, 90 ta sport majmuasi va 77 ta suzish havzasini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash, jihozlash va qayta jihozlash nazarda tutilgan.

Yana o‘qing:  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlangan uchrashuvdagi nutqi

Dastur doirasida joriy yilda 153 ta bolalar maydonchasi ta’mirlangan, 232 ta zamonaviy maydoncha, Nukus shahrida sportning olimpiya va milliy turlariga ixtisoslashtirilgan sport majmuasi foydalanishga topshirilgan.

Yig‘ilishda bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 39 ta sport inshootini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari jadvaldan ortda qolgani, suzish havzalarini zamonaviy anjomlar bilan jihozlash kechiktirilgani tanqid qilindi. Bu kamchiliklarni bartaraf etish, yil oxirigacha qurilish ishlarini yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Sport majmualaridan foydalanish samaradorligini oshirish, yoshlarni ularga yanada keng jalb etish zarurligi qayd etildi.

Sport maktablari, respublika oliy sport mahorati maktablari hamda sport federatsiyalarining iqtidorli yoshlarni kashf etish borasidagi hamkorligi, seleksiya ishlari talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagani tanqid qilindi. Bu borada aniq shaffof mexanizm yaratish va barcha hududlarni qamrab olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mamlakatimiz sportchilarini nufuzli xalqaro musobaqalar, jumladan, bo‘lg‘usi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga puxta tayyorlash masalalari ham muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 martdagi O‘zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlashga oid qarori ijrosi doirasida O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda sport tashkilotlari hamkorligida iqtidorli sportchilarni saralash va terma jamoalarni shakllantirish, sportchilarning mahalliy va xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish, ularning nufuzli musobaqalardagi munosib ishtirokini ta’minlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Yig‘ilishda xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritilayotgan medallar faqat boks, dzyudo, og‘ir atletika va sport kurashlari bilan chegaralanib qolayotgani tanqid ostiga olindi. Gimnastika, trampolin, yengil atletika, taekvondo, baydarka va kanoeda eshkak eshish, velosport kabi boshqa salohiyatli sport turlari bo‘yicha ham ko‘proq yutuqlarga erishish yuzasidan aniq choralar belgilab berildi. Xalqaro sport federatsiyalari bilan hamkorlikni mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi faoliyatining quyi bo‘g‘inlari ishini kuchaytirish, aholi barcha qatlamlarini sport bilan shug‘ullanishga jalb qilish, sohada xususiy sektorni rivojlantirish va boshqa dolzarb masalalarga ham e’tibor qaratildi.

Tegishli qo‘mita va mutasaddilar oldidagi vazifalar belgilab berildi.

Yana o‘qing:  Hisobot yig‘ilish o‘tkazildi

O‘zA materiali asosida tayyorlandi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: