Samarqandda ko‘rishguncha, xayr!

Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” stadionida 28 may kuni “Universiada – 2016” respublika sport o‘yinlarining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barcha sohada amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida aholi, ayniqsa, yoshlarning baxtli va farovon hayot kechirishi, ezgu orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishiga keng imkoniyatlar yaratish maqsadi mujassam. “Universiada – 2016” sport o‘yinlari davomida bu maqsadlarning ijobati yana bir karra namoyon bo‘ldi.

Maydonga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri terma jamoalari kirib keldi. “Universiada – 2016” sport o‘yinlari ishtirokchilari timsolida bugun katta hayotga qadam qo‘yayotgan, Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan yoshlarimiz gavdalanadi. Musobaqada xalqaro sport arenalarida Vatanimiz sharafini himoya qilib, yuqori natijalarga erishayotgan tajribali sportchilar bilan birga yangi iste’dod sohiblari kashf etildi.

Hayajonli daqiqalar – “Universiada – 2016” sport o‘yinlari g‘oliblarini taqdirlash marosimi boshlandi.

Musobaqada eng ko‘p medal jamg‘arib, birinchi o‘rinni egallagan Toshkent shahri jamoasi yuksak mukofot – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Universiada – 2016” sport o‘yinlari ishtirokchilariga tabrigining asl nusxasi va Prezident sovg‘asi – “Damas” avtomobili bilan taqdirlandi.

Umumjamoa hisobida ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan Farg‘ona va Samarqand viloyatlari jamoalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi – “Damas” avtomobillari topshirildi.

Murosasiz kurashlarda alohida mahorat ko‘rsatgan, tengqurlari orasida yuqori natijalarga erishgan bir guruh talaba-sportchilar maxsus sovrinlarga sazovor bo‘ldi.

– G‘alaba sururini his qilib, intilishlarimiz natijasini ko‘rib turganimdan g‘oyat baxtiyorman, – deydi “Universiada – 2016” sport o‘yinlari g‘olibi, poytaxtlik Zokir Mansurov. – Bu nufuzli sport anjumani davlatimiz rahbari tomonidan sog‘lom va barkamol insonlar bo‘lib kamolga yetishimiz, iqtidor va salohiyatimizni yuzaga chiqarishimiz uchun ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasidir. Maqsadim xalqaro sport arenalarida ham yuqori o‘rinlarni egallab, Vatanimiz obro‘si yanada yuksalishiga hissa qo‘shishdir.

Sarvinoz SAIDXO‘JAYEVA,

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi, tennis bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, xalqaro turnirlar sovrindori:

– “Universiada – 2016” sport musobaqalari biz, yoshlar qalbini nechog‘li to‘lqinlantirganini so‘z bilan ifodalab berish qiyin. Prezidentimizning musobaqa ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida yoshlarga qarata “aziz farzandlarim” deya mehr bilan aytilgan so‘zlaridan har birimiz juda qattiq ta’sirlandik. Yurakdan aytilgan so‘z yuraklarga borib yetadi. Tabrikdagi “olijanob fazilatlar bugun sport maydonlarida, ertaga hayot maydonlarida har biringizga hamisha yor bo‘lsin!” degan so‘zlarni eshitganimda quvonchdan ko‘zlarim yoshlandi. Bunday mehr va ishonchdan shunday suyundimki, go‘yo parvoz qilishga qanot paydo bo‘ldi.

“Universiada – 2016” sport o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida menga mash’ala yoqishdek baxt nasib etganidan boshim ko‘kka yetdi. Minglab tomoshabinlar qarshisida hayajonlangan bo‘lsam-da, ko‘nglimdan yuksak faxr tuyg‘ulari o‘tdi. Yurtboshimizning yoshlarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi bizga yanada mas’uliyat yuklamoqda. Kelajakda xalqaro musobaqalarda o‘zimni ko‘rsatib, bu ishonchni oqlashga harakat qilaman.

Universiada musobaqalari 15 sport turi – basketbol, boks, voleybol, gandbol, dzyudo, yengil va og‘ir atletika, stol tennisi, suzish, taekvondo (WTF), tennis, futbol, shaxmat, erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha tashkil etildi.

Yana o‘qing:  JAMIYATIMIZ TARAQQIYOTIDA YOSHLARNING O‘RNI

Yettinchi bor o‘tkazilgan Universiada tom ma’noda sport, yoshlik va go‘zallik bayramiga aylandi.

– Barcha musobaqalar unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi, – deydi Farg‘ona davlat universiteti talabasi Nozima Qamchibekova. – Viloyatimiz jamoasining g‘alabasiga hissa qo‘shganimdan xursandman. Prezidentimizning “Universiada – 2016” sport o‘yinlari ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigidagi har qaysi yigit-qiz o‘z ustida tinimsiz ishlashi, irodasini chiniqtirishi, bu yo‘ldagi qiyinchiliklar oldida bo‘sh kelmay, g‘alabaga erishish uchun o‘zini ayamasdan, hal qiluvchi daqiqalarda butun borlig‘ini safarbar etishga tayyor bo‘lishi darkor, degan so‘zlari bizni yanada ulkan marralar sari ruhlantirdi.

– Musobaqa doirasida ko‘plab madaniy-ma’rifiy tadbirlar, taniqli sportchilar, yozuvchi va shoirlar, san’at namoyandalari bilan uchrashuvlar, Farg‘ona shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohatlar, turli shou-konsertlar tashkil etildi, – deydi Universiada ishtirokchisi, andijonlik Rustam Teshaboyev. – Bu bizning madaniy hordiq chiqarishimiz va ko‘plab do‘stlar orttirishimizda muhim ahamiyat kasb etdi.

…Stadion uzra musiqa sadolari yangradi. “Universiada – 2016” sport o‘yinlarining bayrog‘i tushirildi. Uni farg‘onalik yoshlar navbatdagi Universiadaga mezbonlik qiladigan Samarqand viloyati sportchilariga topshirdi.

“Universiada – 2016” sport musobaqalarining tantanali yopilish marosimi sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari va san’atkorlarning katta konserti bilan yakunlandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoev ishtirok etdi.

 

Bayram AYTMURODOV,

Ma’sudjon SULAYMONOV,

O‘zA maxsus muxbirlari

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: