Ko‘hna va boqiy Buxoro

Har bir xalq o‘z o‘tmishi, ota-bobolari bilan faxrlanishi mumkin. Lekin dunyoda jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan, asarlari o‘sha paytda eng nufuzli dargohlarda chuqur o‘rganilgan, hozirda ham qadr-qimmatini yo‘qotmagan hamda mashhur donishmand, olimu fuzalolar yetishib chiqqan o‘lkalar sanoqli.

Ular orasida O‘zbekistonning o‘rni benihoya kattadir. Bundan faxrlanmay, to‘lqinlanmay bo‘ladimi?!

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov g‘oyasi va tashabbusi bilan 2010 yilda barpo etilgan “Buxoro madaniy markazi” majmuiga kiruvchi “Ko‘hna va boqiy Buxoro” monumenti doimo odamlar bilan gavjum. 107 gektar maydonni egallagan ushbu so‘lim maskanda, shuningdek, viloyat musiqali drama teatrining yangi, muhtasham binosi hamda amfiteatr qad rostlagan. Mazkur majmua yosh avlod vakillari uchun uyushtiriladigan ekskursiyalar nafaqat maroqli madaniy hordiq chiqarishga, balki kishi ma’naviy dunyosini boyitishga, shu muqaddas zamin, uning tarixi, ulug‘ ajdodlarimiz uchun faxrlanish hissini kuchaytirishga, vatanparvarlik va yurtga sadoqat tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

“Ko‘hna va boqiy Buxoro” monumentida boqiy, umuminsoniy qadriyatlar aks ettirilgan. U ulug‘ ajdodlarimizga munosib bo‘lish va mustaqil yurtni obod etishga, avlodlar an’anasiga sodiqlikka undaydi. Mazkur obidaning yana bir muhim jihati, unda oila muqaddas, inson hamisha o‘zidan ezgu nom qoldirishi kerak, degan chuqur falsafiy g‘oya mujassam. Monument yoshlarni buyuk zotlarning avlodi ekanimizni teran anglashga, ota-bobolarimizga munosib farzand bo‘lishga chorlaydi.

Buxoro aql-zakovati, ilmu ma’rifati bilan yurtini sharaflagan, bashariyat tamadduni rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, ko‘plab ulug‘larga beshik bo‘lgan muqaddas zamindir. Monument devorining pastki qismiga bu yerda yashab ijod qilgan, jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Abu Ali ibn Sino, Bahouddin Naqshband, Imom Buxoriy, Abu Hafs Kabir, Muhammad Narshaxiy va boshqa ulug‘ zotlarning nomlari zarhal harflar bilan bitilgan. Ayniqsa, monument markaziy qismidan o‘rin egallagan ota-ona va bola, nihol o‘tqazayotgan bobo va nevara, uy bunyod etayotgan ota va farzand ko‘rinishi umrning o‘tkinchiligi, kishi ezgu ishlari va el-yurtining kelajagi bilan barhayot ekanligiga urg‘u berilgan.

Monument zinalaridan ko‘tarilib, yon-atrofga nazar tashlasangiz, Madaniy markaz hududiga eltadigan barcha yo‘llar salobatli “Ko‘hna va boqiy Buxoro” qarshisida tutashishini ko‘rasiz. Ajoyib va betakror manzara. Obida tepasida o‘rnatilgan yer shari shaklida mustaqil davlatimiz xaritasi tasvirlangan. Monumentda o‘zbek, arab va ingliz tillarida “Ilm o‘rganmoq har bir musulmon erkak va ayol uchun farzdir” jumlasi bitilgan. Ajdodlarimizning buyukligi, tarixda o‘chmas iz qoldirishi ilm ziyosi sabablidir. Demak, buni asrlar osha kelayotgan o‘git, kamolotga eltuvchi da’vat, ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish manbai sifatida qabul qilishimiz lozim. Bu esa tinimsiz o‘qib-izlanish, dunyoqarash va tafakkurni yuksaltirishni anglatadi.

Yana o‘qing:  Oydin istiqbol yo‘li

 

Karimjon XO‘JAMURATOV,

Toshkent iqtisodiyot va biznes kolleji o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: