Calomatlik posbonlari

Samarqand shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi 1924 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugun ushbu muassasa hududdagi 3 million 720 ming 173 nafar fuqaroga sifatli va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Shifoxonaning asosiy vazifalari va yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

– yuqumli va parazitar kasalliklar bilan kasallangan bemorlarga tashxis qo‘­yish, davolash va ularni dispanserizatsiya qilish;

– ushbu hududda yuqumli kasalliklarni o‘rganish va tahlil qilish;

– viloyatda yuqumli kasalliklarning oldini olish, xastalikning epidemik o‘sish darajasini pasaytirish, o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar profilaktikasi va davolash rejalarini ishlab chiqish;

– shifoxonaga viloyat, shahar va tumanlardan yuborilgan yuqumli kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarga malakali va ixtisoslashgan yordam ko‘rsatish;

– shahar va tumanlarda Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi xodimlari bilan hamkorlikda tashkiliy-uslubiy va amaliy faoliyat ko‘rsatish.

 

Muassasa 350 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, undan 300 o‘rin bolalar, 50 o‘rin esa kattalar uchun mo‘ljallangan. Bugun shifoxonaning yuqumli ichak va tif-partifoz kasalliklar, enteral virusli gepatit, o‘tkir ichak kasallik­lari, surunkali virusli gepatitlar va jigar sirrozi, virusli etiologiyali xastaliklar, havo-tomchi orqali yuqadigan kasalliklar, brutsellyoz kabi bir necha bo‘limlarida bemorlar samarali davolanmoqda.

Markazda viloyat yuqumli kasalliklar klinikasi zaruriy texnik bazasi ta’minlangan bo‘lib, bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Ayni paytda muassasa hududida qo‘shimcha ikkita yangi bino qurilmoqda. Bu yaqin kelajakda aholiga navbatsiz davolanish imkonini yaratadi.

Bemorlarning aksariyat qismini bolalar tashkil etgani sabab markazdagi muhit ham kichkintoylarga mos ravishda yaratilgan. Dizayn va jihozlar xuddi bolalar bog‘chasidagi manzarani ifodalaydi. Bu orqali bemor bolalarning ruhiy holati ham sog‘lomlashadi.

– Uzoq yillik faoliyatim davomida shuni angladimki, bemorning sog‘lom hayotga qaytishi uning ruhiyatiga bevosita bog‘liq, – deydi tibbiyot fanlari doktori, shifoxona bosh shifokori Allabergan Bayjanov. – Insonda a’lo kayfiyat, sog‘ayishiga ishonch bo‘lsa, davolanish yaxshi samara beradi. Davolanish uchun kelgan bemorlarning yuz-ko‘zidagi mamnunlikni ko‘rib, mehnatimiz zoye ketmayotganidan xursand bo‘lamiz. Men kasbimni nafaqat burchim va mas’uliyat yuzasidan, balki ushbu sohaga mehrim baland­ligi uchun ham yaxshi ko‘raman.

…Allabergan Bayjanov oilaning to‘ng‘ich farzandi. Qahramonimiz bu hayotda yaqinlariga tog‘dek suyanchiq bo‘lib, ularni har qanday vaziyatda qo‘llab-quvvatladi. Allabergan aka bugun oqila rafiqasi Zulfiya opa bilan mazmunli hayot kechirmoqda. Farzandlari ota kasbini tanlab, tibbiyot oliygohida tahsil olishmoqda. Ishda va shaxsiy hayotida atrofidagilarga ibrat bo‘layotgan bu inson o‘zgalarga ham ezgulik ulashishni sira kanda qilmaydi.

Yana o‘qing:  QALBLARGA EKILGAN MEHR DARAXTI

Tajribali shifokor umrini kasbiga bag‘ish­lagan fidoyilardan. U Samarqand davlat tibbiyot institutini tamomlagach, mehnat faoliyatini o‘zi tahsil olgan oliygohda klinik ordinator sifatida boshladi. Qahramonimiz tez orada ustozlar nazariga tushdi. Uzoq yillar mobaynida tibbiyot muassasalarida rahbar lavozimlarida ishladi. Ayni paytda u boshchilik qilayotgan Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi ham aholiga sifatli xizmat ko‘rsatayotgan ilg‘or tibbiyot mussasalaridan sanaladi.

– Yaqinda besh yoshli qizimning terisiga toshmalar toshganidan xavotirlanib, uni viloyat yuqumli kasallik­lar klinik shifoxonasiga olib keldik. Shifokorlarning tezkor yordami bilan qizimning harorati me’yorga keldi. Kerakli muolajalardan so‘ng dilbandim darddan butunlay forig‘ bo‘ldi. Bu yerdagi qulay sharoitlar, hamshiralarning shirin so‘zligi bemorlar qalbiga davo bo‘lmoqda, – dey­di ­Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi ­Xolida aya Sa’dullayeva.

Biz Samarqand shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi fidoyi xodimlarining el salomatligi yo‘lidagi ezgu ishlariga omad va zafarlar tilaymiz.

Oygul RAZZOQOVA,

Samarqand viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: