Yangi test Alsgeymer kasalligini simptomlar paydo bo‘lishidan oldin aniqlash imkonini beradi
Hozirgi vaqtda vrachlar Alsgeymer kasalligiga uning simptomlari orqali diagnoz qo‘ymoqda. Kasallik paydo bo‘lishini oldinroq aniqlash esa Al’sgeymer rivojlanishini to‘xtatish, hatto uning oldini olish imkonini berishi mumkin. Olimlar buning yo‘lini topishdi, deb xabar beradi The Daily Mail nashri.
Tadqiqotda 63 – 87 yoshlardagi yigirma nafar odam qatnashdi. Ularning yarmida bilish funksiyasi bilan bog‘liq muammolar mavjud edi. Ishtirokchilar bir qator testlarni bajarayotgan vaqtda bosh miya faoliyatining grafik tasviri olindi.
Tekshiruvlardan so‘ng, bilish funksiyasi buzilmagan ishtirokchilarda topshiriqni bajarish davomida miya old hududlari faollashgani ma’lum bo‘ldi. Bilish funksiyasida muammolar bo‘lgan odamlarda esa bu holat kuzatilmadi. Aniqlik darajasi 100 foizni tashkil etdi. Lekin mutaxassislar yanada mukammalroq tadqiqotlar o‘tkazish zarurligini ta’kidlayapti.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.