Kashandalik va homiladorlik

Yuqoridagi sarlavhaga ko‘zi tushgan mushtariy albatta bu mas’uliyatli davrda bo‘lajak ona sigaret cheksa nafaqat o‘zi, balki tug‘ilajak farzandining sog‘lig‘i ham xavf ostida qolishini ko‘z oldiga keltiradi. Barcha ommaviy axborot vositalarida tamakining zarari xususida batafsil ma’lumotlar doimo berib borilmoqda. Hatto, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan har bitta sigaret qutisi ustiga uning salomatlikka ziyoni xususida ogohlantirish berilmoqda. Ammo, chekish va chekmaslik har bir insonning irodasiga bog‘liq.

Quyida biz tamaki mahsulotlarining bo‘lajak ona va homila organizmiga salbiy ta’siri xususida to‘xtalib o‘tamiz.

Mutaxassis-shifokorlarning fikricha xotin-qizlarning chekishi tuxum hujayrasiga halokatli ta’sir etar ekan. Bu esa o‘z navbatida bepushtlikka sabab bo‘ladi. Chunki, tamaki tutuni bilan ayol organizmiga kiradigan vodorod sulfid zaharli moddasi tuxum hujayrasining yetilish jarayonini kechiktiradi. O‘z navbatida esa bu holat hayz siklining buzilishiga olib keladi. Natijada esa ovulyasiya (tuxumdondan follikula yorilib undan yetilgan tuxum hujayraning qorin bo‘shlig‘iga chiqishi. Ovulyasiya gonadotrop gormonlari ta’sirida bo‘ladi) jarayoni sekinlashadi. Ayol organizmi barvaqt qariydi, ya’ni klimaks erta boshlanadi.

Yana shuni ham alohida ta’kidlash o‘rinliki, nafaqat bo‘lajak onaning chekishi, balki bo‘lajak otaning kashandalikka ruju qo‘yishi ham tug‘ilajak farzand salomatligiga ziyon yetkazadi. Chunki, chekuvchi erkak kishining spermasi(shahvat)da harakatchan spermatozoid (urug‘ hujayrasi) kama­yib ketadi. Kashanda erkaklarning mijozi ham susayib ketadi va ularda impotensiya kuzatiladi. Ayniqsa, bu holat chekuvchi erkaklar xafaqon(gipertoniya) kasalligi bilan og‘risa yanada ko‘proq kuzatiladi.

Homiladorlikning dastlabki uch oyligida chekishning oqibatlari

Agar chekuvchi ayol o‘zining homilador bo‘lganligini sezib qolsa, u birdaniga odat bo‘lib qolgan chekishni tashlashni istamaydi. Chunki, chekuvchining organizmi nikotinga o‘rganib qoladi va uni tez-tez xumor tutib turadi. Bu salbiy illat o‘z nav­batida qanday oqibatlarga olib keladi?

Ma’lumki, urug‘langan tuxum hujayrasidan homila rivojlanadi. Homila rivojlanishining ilk haftalarida turli xil ichki a’zolar nuqsonlari shakllanishi ehtimoli yuqori bo‘ladi. Shuningdek, homila tushishi va uning rivojlanmay qolishi kuzatiladi. Bir kunda besh dona sigaret chekuvchi va yoshi 35dan oshgan ayollarda homilaning nogiron tug‘ilish xavfi yanada oshadi. Ayol organizmi yosh va sog‘­lom bo‘lsagina homiladorlik davri asoratsiz kechadi. Homiladorlik bo‘lajak ona organizmini ikki hissa jadal faoliyat yuritishga majbur etadi. Bu davrda yurak qon tomir tizimi ham ortiqcha yuklama bilan ishlaydi. Ana endi chekuvchi ayol organizmi qay holatda faoliyat yuritishini tasavvuri etavering. Shuningdek, kashanda ayollar homilador bo‘lsalar ulardagi surunkali kasalliklar ham qo‘zg‘aladi.

Yana o‘qing:  PNEVMOKOKK INFEKSIYASI HAQIDA OGOHLIK

Chekish payti va undan bir oz o‘tgach ham qon tomirlar toraygan holatda bo‘ladi. Shunday qilib, homila organizmiga kislorod yetib bormaydi. Bu esa uning nobud bo‘lishiga olib keladi. Homiladorlikning erta muddatlarida embrion nobud bo‘lsa, kechki muddatlarida surunkali kislorod yetishmovchiligi tufayli go‘dakning tug‘ma nuqsonlar bilan tug‘ilishi kuzatiladi. Ilmiy izlanishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, kashanda ayollarning go‘daklari ko‘pincha yuz va jag‘ sohasi nuqsonlari («quyonlab», «bo‘ri og‘iz») bilan tug‘ilmoqda. Bu nuqsonlarining yuzaga kelishiga homiladorlik davrida organizmda kislorod yetishmovchiligi sabab ekan. Ushbu tug‘ma nuqsonlar hozirda jarrohlik yo‘li bilan davolanmoqda. Ammo bo‘lajak ona hali homilador bo‘lmasidan avvalroq chekishni tashlasa farzandi sog‘lom tug‘ilishiga zamin yaratgan bo‘ladi.

Homiladorlikning kechki muddatlarida kashandalik homilaga qanday ta’sir etadi?

Bo‘lajak ona chekishga qanchalik ruju qo‘ysa, nafaqat tug‘ilajak go‘dagining hayotini, balki o‘z hayotini ham xavf ostiga qo‘yadi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek chekish oqibatida qon tomirlar torayishi sababli yo‘ldosh (plansenta) ko‘chadi. Yo‘ldosh ko‘chishi sababli ayol kishi ko‘p qon yo‘qotishi mumkin. Bunday holat faqat operatsiya yo‘li bilan bartaraf etiladi.

Homilaning tug‘ilish muddati yaqin qolganida yo‘ldosh ko‘chsa ona kesarcha usulda operatsiya qilinadi. Ammo go‘dakni kamdan kam holatda saqlab qolishning iloji bo‘ladi. Omon qolgani ham nogiron tug‘iladi. Sababi yo‘ldosh ko‘chgan paytda homilada o‘tkir kislorod yetishmovchiligi kuzatiladi. Shuningdek, homilador ayolning chekishi unda xafaqon(gipertoniya) kasalligining rivojlanishiga zamin yaratadi. Yana homiladorlik gestozi(kechki toksikoz)ham bo‘lajak ona hayotiga xavf soladi. Kashanda ayollarning muddatidan oldinroq «ko‘zi yoriydi». Chala tug‘ilgan bolani parvarish qilish qiyinligini tasavvur qilmasa ham bo‘ladi. Juda ham chala tug‘ilgan go‘daklar keyinchalik oyoqqa turib ketsada, baribir ularning sog‘lig‘ida muammo bo‘ladi. Tamaki tarkibidagi zararli moddalar yo‘ldoshda distrofik (to‘qimalarda moddalar almashinuvining buzilishi oqibatida kelib chiqadigan murakkab patologik jarayon) o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi.

Shunday qilib chekuvchi onadan o‘z vaqtida tug‘ilgan go‘daklarning ham vazni va bo‘yi sog‘lom tug‘ilgan bolalarga nisbatan kam bo‘ladi. Og‘ir holatlarda onada homiladorlikning kechki toksikozi — gestozi kuzatilishi sababli homila o‘lik tug‘ilishi mumkin. Chekish narkotik moddalar iste’mol qilish, spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish, umuman olganda insonning yengil hamda sayoq hayot kechirishiga keng yo‘l ochib beradi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yana o‘qing:  Erta nikoh – kelajak zavoli

Tug‘ruqdan so‘ng…

Bo‘lajak onaning nafaqat chekishi, balki uning kashanda bilan yopiq bir xonada tamaki tutunidan nafas olishi ham passiv kashandalikka kiradi. Passiv kashanda ayolning homilasiga ham tamaki tutuni katta zarar yetkazadi.

Chekuvchi va passiv kashanda onalardan tug‘ilgan bolalarning immuniteti past bo‘ladi. Ular tez-tez kasallikka chalinishadi. Ayniqsa, bu kabi bolalarda bronxit, zotiljam (pnevmoniya), astma va o‘pka kasalliklariga moyillik yuqori bo‘ladi. Mutaxassislar fikricha, kashanda onalarning chaqaloqlarida bir yoshgacha bo‘lgan davrda to‘satdan o‘lim holatlari ko‘p kuzatilar ekan. Bunga sabab bo‘lajak onaning zaharli tamaki tutunini yutoqib chekishi bo‘lsa ajab emas. Agar go‘dak eson-omon tug‘ilib, unga maktabgacha ta’lim muassasi va maktabga qatnash baxti nasib qilsa, uning xulq-atvoridagi tajovuzkorlik, beqarorlik, xotiraning pastligi, janjalkashlik (bu hali muammoning hammasi emas) kabi salbiy holatlar kashanda onaning farzandiga «mehribonchiligi»dan darakdir.

Homilador ayol chekishni asta-sekinlik bilan tashlagani maqsadga muvofiq. Chunki, homila ham ona qornida nikotinga qaram bo‘lib qolgan bo‘ladi. Bo‘lajak ona birdaniga bir kunda chekishni tashlay olmaydi. Buni uning atrofidagilari to‘g‘ri tushunib, homilador onani irodali bo‘lishiga yordam berishlari zarur. Kam-kam chekib yurgan ayollar esa bir kunda sigaretdan voz kechganlari ma’qul. Uzoq vaqt davomida kamroq chekib yurgan ayollarda nikotinga qaramlik bir necha kunda o‘tib ketadi. Psixologik jihatdan qaramlikni esa homilador ayol «chekish tug‘ilajak go‘dagim hayotiga xavf soladi» degan fikrga tayanib yengishi osonroq kechadi. Ongli ravishda tamaki chekishdan voz kechish, homiladorlik toksikozi tufayli stressiz(ruhiy zo‘riqishsiz) bo‘lajak onani kashandalikdan qutilishiga yordam beradi.

Biroq, qo‘liga ilk bora sigaretni olgan xotin-qizlarga aytar so‘zimiz shuki, homilador bo‘lguningizgacha tamakidan voz keching. Shunda sizning organizmingiz tamaki tutunidan zaharlanmaydi. Tug‘ilajak farzandingiz sog‘lig‘i va hayoti xavf ostida qolmaydi. Xorijlik mashhur ginekolog Roberta Velch minglab homiladorligi asoratli kechgan ayollarga umid bag‘ishlab, yordam qo‘lini cho‘zgan. Ammo shunday mutaxassis ayol ham homilador ayol chekishni tashlamasa qo‘lidan hech narsa kelmasligini tan olgan.

«Zahri qotil»ning homilaga xavfi

Tamaki tutuni turli xil zaharli komponentlardan iborat. Bular tarkibiga sianid zahari ham kiradi. Zararli moddalarning 60 dan ziyodi rak(saraton) kasalligini keltirib chiqarishi mutaxassislar tomonidan aniqlandi. Kashanda onaning qon tomirlariga so‘rilgan tamaki tutunidagi zahar yo‘ldosh orqali homila organizmi ayniqsa, uning miyasini zaharlaydi. Eng yomoni go‘dak tug‘ilgach qorni to‘q, tagi quruq, biror joyi og‘rimasada nikotin xumor qilgani sababli chinqirib yig‘lar ekan. Bu fojea nafaqat oilaning kulfati, balki kelajakda nosog‘lom nasl tufayli jamiyat ham zarar ko‘radi. Chekuvchi ayol tug‘ilajak farzandini kislorod tan­qisligiga mubtalo qilib, uni cho‘kayotgan odam somon naychasi orqali nafas olishga majbur bo‘lganidek holatga soladi.

Yana o‘qing:  Parhez – qandli diabet profilaktikasida muhim omil

Qizil qon tanachalari kislorod tashish o‘rniga, zaharli is gazini homila organizmiga yetkazib beradi. Tamaki tutunidagi birorta ham modda foydali emas. Nikotin va is gazi esa juda ham zararli. Bu har ikkala zahar homiladorlikni asoratli kechishida katta xavf tug‘diradi. Eng achinarlisi homilaning o‘lik tug‘ilishi, vaqtidan avval tug‘ruq jarayonining kechishi, chaqaloqning kam vazn bilan tug‘ilishining sababi qonda kislorod tanqisligi tufaylidir. Kam vazn bilan tug‘ilgan bolalar jismoniy rivojlanishdan orqada qolishadi.

Homiladorlikda chekish tug‘ilajak go‘dak miyasiga salbiy ta’sir etadi. Bu o‘z navbatida bolaning kelajakda xulq-atvori va o‘zlashtirishi(intellekti)da aks etadi. Laboratoriya hayvonlari ustida olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, chekuvchi onaning qornidayoq go‘dak miyasi kashandalikka moyil bo‘lar ekan. O‘smirlik chog‘ida chekuvchi onalardan tug‘ilgan bolalar bir-ikkita sigaret chekishidayoq ashaddiy kashandaga aylanishi hech gap emas ekan.

Yuqorida bayon qilingan barcha statistik ma’lumotlar kishini quvontirmasada ogohlikka chorlaydi. Ayniqsa, bolam sog‘­lom dunyoga kelsin, kelajagi porloq bo‘lsin degan har qanday ota-ona qo‘liga sigaret olishidan avval chuqurroq mulohaza qilishini istar edik. Ya’ni, tanlash ixtiyori sizda azizlar! Xohlang atrofingizni tutunga to‘ldirib, havoni va o‘z hayotingizni, hamda yaqinlaringizning hayotini zaharlang. Xohlang sog‘lom turmush tarziga amal qilib barkamol avlod tarbiyasiga o‘z hissangizni qo‘shing.

Gulchehra ShIRINOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: