“Islom birdamligi sport o‘yinlari”da sportchilarimiz 12 ta medal jamg‘arishdi
Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida IV “Islom birdamligi sport o‘yinlari”ning musobaqalar davom etmoqda. O‘zbekiston delegatsiyasi medallar jamg‘armasi yana bitta oltin va bitta kumush hamda ikkita bronza medal bilan boyidi.
Avvaliga 58 kg. vazn toifasidagi og‘ir atletikachi Muattar Nabiyeva bronza medalga ega bo‘ldi. U turkiyalik Kentli Sumayye (207 kg.) va Indoneziyalik Jagaddhita Achedyadan keyin (199 kg.) uchinchi bo‘ldi. O‘zbekiston vakilining ko‘rsatkichi -196 kg.
Dzyudochi Gulnoza Matniyozova O‘zbekiston uchun ikkinchi oltinni keltirdi. -70 kg vazn toifasida matga chiqq dzyudochi qiz finalda turkiyalik Sukran Bakachakni mag‘lubiyatga uchratdi.
Navbatdagi medalni ham dzyudo vakili olib keldi. -81 kg. vazn toifasida janglarni o‘tkazadigan Davlatbek Bobonov yarim finalda imkoniyatni boy berib qo‘ygandi. Bronza medali uchun bo‘lib o‘tgan bahsda u qatarlik raqibi Osamma Hajamni yengdi va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Badiiy gimnastikachi Anastasiya Serdyukova “Islom birdamligi sport o‘yinlari”da o‘zining ikkinchi medalini qo‘lga kiritdi. 13 may kuni u jamoaviy bahslarda kumush medal sohibiga aylangandi. Shuningdek, halqa bahslarida ishtirok etgan Serdyukova yakuniy natijalarga ko‘ra ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Uning ushbu medali O‘zbekiston sport delegatsiyasining turnirdagi 12-medaliga aylandi. 2 ta oltin, 2 ta kumush va 8 ta bronza.
N.NORBOBOYEV