VAFO VASADOQAT KUYCHISI
O‘zbek adabiyotining yirik namoyondasi Zulfiyaxonim she’riyatida buyuk erk, buyuk baxt, vafo mavzulari bilan bir qatorda vatanparvarlik, ona tabiatning mohirona chizgilari, ona tuproq qo‘shiqlari, onalik faxriyalariga keng o‘rin berilgan. U ko‘klam jarchisi, tong kuychisi butun hayotini, bilimini she’riyatga bag‘ishlagan. Farzand kamolini dildan tilagan onaizor kechinmalarini haqqoniy tasvirlagan shoiraning she’rlarida yosh avlodning sog‘lom, yetuk va komil inson sifatida voyaga yetishiga keng o‘rin berilgan. Zulfiyaxonim qalbi pok, mehridaryo ayol, vafodor yor, sevimli beka sifatida o‘zbek xotin-qizlarining yorqin timsoli. El sevgan shoiraning jarangdor ovozi, jo‘shqin she’rlari hamon o‘quvchi qalbini hayajonga to‘ldirib yangrab turibdi.
FARZAND
Nega sevmay, erkalab o‘pmay,
Nechun demay uni hayotim?
Nega demay ko‘zimning nuri,
So‘zlaganda qandim, novvotim?
Shirin ekan farzand, u bilan
Oilaga kirar ekan jon.
Ko‘zi ko‘zga tushishi bilan
Mehri bolqir ekan bepoyon.
Iqbol bo‘lib ko‘zing oldida,
Kundan kunga toparkan kamol,
Ne baxt, toza hayot bog‘ingda
O‘ssa toza, bebaho nihol.
U bor yerda qayg‘u va hasrat
Hayotingga begona ekan.
Qani ayting, farzanddan qimmat
Bu dunyoda nima bor ekan?
O…farzandim, ko‘zim nurisan,
Menga senday bo‘la olur kim?
Sen hayotim, seni ko‘rarkan,
Dilda behad jo‘shadi mehrim.
Qora ko‘zlaringga qarayman,
Unda borliq bo‘lar namoyon.
Mening baxtim yorqin, betumon
Jilvalanib ko‘rinar ayon.
Shirin so‘zing, cheksiz mehring bor,
Qilig‘ingda bir olam orom.
Sen bilan dil chiroyli gulzor,
Qo‘shig‘imga tuganmas ilhom.
Sen o‘s – sog‘lom, beqayg‘u, erkam,
Muhabbatim boshingga soya,
Men baxtiyor alla aytayin,
Qo‘shiqlarim ko‘p, benihoya.
Ko‘z yosh nima, sen bilma zinhor,
Senga porloq tilayman iqbol,
Bu dunyoda na yaxshiki bor
Senga, qo‘zim, senga bo‘lsin, ol!
Zulfiya