Birinchi Prezidentimiz xotirlandi
2017 yil 25 yanvar kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Uyushma raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo ochib, Ulug‘ Yo‘lboshchimiz hayoti va faoliyati, u kishining davlatimiz va jamiyatimiz ravnaqiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘zladi.
Tadbir doirasida Birinchi Prezidentimiz xotirasiga bag‘ishlangan she’rlar jam bo‘lgan “Ozod va obod Vatanga baxshida umr” kitobining taqdimoti ham o‘tkazildi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati homiyligida nashr etilgan ushbu to‘plamdan ustoz shoirlar bilan bir qatorda yosh ijodkorlar, shuningdek kombinatda mehnat qilayotgan turli kasb egalari, oddiy ishchilarning she’rlari joy oldi.
Tadbirda so‘z olganlar garchi ayrim mualliflarning mashqlari professional she’riyat talablariga javob bermasa-da, barcha she’rlarda bitta xususiyat ko‘zga tashlanishini: ularda Birinchi Prezidentimizga chuqur mehr, ehtirom borligini ta’kidladilar.
Kichik mushoira ham tashkil etilib, xotira she’rlari o‘qildi.
Orif Tolib
Suratlarni Rustam Nazarmatov olgan.