Tenglar ichra nufuzi teng

Yaqinda ish yuzasidan “Sharq ziyokori” kitob do‘koniga kirgandim. Kitob rastalarini aylanib nogohon ko‘zim Gomerning “Odisseya” dostoniga tushdi-yu, nihoyatda xursand bo‘lib ketdim. Nega deysizmi? Meni ushbu durdona asarni o‘z ona tilimda o‘qish imkoniyati mavjudligi mamnun qildi.

Ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda yer yuzi aholisi uch mingga yaqin tilda so‘zlashar ekan. Ular orasidan 200 tasigagina davlat tili maqomi berilgan. Ona tilimiz ham ana shunday maqomga erishganiga yigirma to‘rt yil bo‘layotgan bo‘lsa, shu vaqt mobaynida uning mavqei tobora yuksalib borayotganligi hammamizda faxr uyg‘otadi.

Yurtimizda 21 oktyabr “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilingan kun tarixiy sana sifatida keng nishonlansa, 21 fevral Yunesko tashkiloti bosh konferensiyasining 30-sessiyasida xalqaro ona tili kuni sifatida nishonlanishi e’lon qilingan. Tilni rivojlantirish borasidagi bu kabi sa’y-harakatlar millatlararo yaqinlik, do‘stlik, birodarlik, hamjihatlikni ta’minlashdek ezgu maqsadlarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Jahon adabiyotining eng nodir namunalari – Gomerning “Iliada” va “Odisseya”, Firdavsiyning “Shohnoma”, Dantening “Ilohiy komediya”, Gyotening “Faust”, Shekspir, Balzak, Tolstoy, Markes kabi buyuk adiblarning asarlari, dunyo xalqlarining mashhur eposlari o‘zbek tiliga nihoyatda go‘zal tarjima qilinganligi ona tilimizning imkoniyatlari naqadar keng ekanligini ko‘rsatib turibdi. Hatto, ilmiy-texnikaga oid eng murakkab asarlar ham tilimizga o‘girilgan.

Har bir til o‘zining ichki imkoniyat­lari va boshqa tillar ta’sirida muttasil ravishda boyib boradi. Ayniqsa, mustaqillik yillarida ona tilimiz yanada boyib, imkoniyatlari kengayib bormoqda. Buni o‘zbek tilining 5 jildli yangi izohli lug‘ati, shuning­dek, ilm-fan va texnikaga oid lug‘atlar, bugungi kunda og‘zaki va yozma nutq­da qo‘llanilayotgan so‘zlar, atamalar misolida ham ko‘rish mumkin. Jahondagi turli kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat va sanoat mahsulotlari, dori-darmonlar, murakkab asbob-uskunalarning tanishtiruv va qo‘llash haqidagi hujjatlari hamda yorliqlari o‘zbek tilida ham ilova qilinmoqda.

Bugungi kunda tilimiz jahon bo‘ylab quloch yozmoqda. Turli mamlakatlarda o‘zbek tilining o‘rganishga ehtiyoj sezayotganlar, qiziqayotganlar yil sayin ko‘payib bormoqda. Milliy kurashimizga xos o‘zbekcha atamalar yetti iqlim bo‘ylab o‘tkazilayotgan nufuzli musobaqalarda yangrayapti.

Har bir xalqning o‘z tili uning eng bebaho qadriyati, faxri, g‘ururi. Biz uchun o‘zbek tili ana shunday yuksak va qadrlidir.

Yana o‘qing:  ILM ChO‘QQILARI SARI

Navro‘z NORBOBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: