Qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
Respublikamizda saylov qonunchiligini yanada erkinlashtirish va takomillashtirish bo‘yicha qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
Zebo QOBILOVA, Qashqadaryo viloyati
– Saylov qonunchiligini yanada erkinlashtirish va takomillashtirish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar har bir mamlakatda saylovlarni eng yuqori demokratik talablar va umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq ravishda o‘tkazishning muhim omili hisoblanadi. O‘zbekistonda shakllangan demokratik saylovlarning muhim tamoyillaridan biri shuki, mamlakat prezidenti muqobillik asosida bevosita saylovchilar tomonidan saylanadi.
Ijtimoiy kelib chiqishi, irqiy yoki milliy mansubligiga, jinsi, ma’lumoti, tili va dini, mashg‘ulot turi va xususiyatiga qarab, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylov huquqini biron-bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklash ta’qiqlanadi. Saylovlarda qatnashish orqali fuqarolar mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan siyosiy partiyalar va ularning nomzodlariga munosib baho beradilar.
Respublikada saylov tizimining huquqiy asoslari parlament va boshqa vakillik organlariga saylovlarda jamoatchilik fikrini har tomonlama aniqlash, nomzodlarning shaxsiy fazilatlarini bilish, saylovchilarning faqatgina ovoz berishgina emas, balki ularning saylov kompaniyasida bevosita ishtirok etishi uchun ham demokratik muhit yaratishga yo‘naltirilgan.
Savolga poytaxtimizdagi 3-sonli Davlat notarial idorasi notariusi Dilfuza RASULOVA javob berdi.