Navoiylik kollej bitiruvchilari

yosh tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlardan unumli foydalanmoqda

Dostonbek yosh bo‘lishiga qaramay, tadbirkorlikning boshini tutgan. U hozirda “Navoiy texno-planet” savdo markaziga rahbarlik qilib, u yerda avtomashinalar uchun zaruriy ehtiyot qismlar savdosi bilan shug‘ullanadi.

Navoiy arxitektura va qurilish kasb-hunar kollejini tamomlash arafasida turgan bu yosh tadbirkor o‘zining samarali biznes g‘oyasi bilan bank tomonidan o‘ttiz million so‘m imtiyozli kredit olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu mablag‘ni u anchadan buyon orzu qilib yurgan mo‘jazgina avtosavdo shoxobchasi faoliyatini yo‘lga qo‘yishga sarf etdi. Aniq reja asosida ish boshlab, bir nechta tengdoshlari bandligini ta’minladi.

Hozirda savdo shoxobchasidagi qulay imkoniyat va ishonchli takliflar mijozlarga manzur bo‘lmoqda. Yosh tadbirkorning kelgusidagi maqsadi savdo shoxobchasi faoliyatini kengaytirib, sotib olingan ehtiyot qismlarni bevosita shu yerning o‘zida o‘rnatib berish xizmatini yo‘lga qo‘ymoqchi.

Navoiy viloyati, Karmana tumanida yashovchi Sevara Hamroyeva ham yosh tadbirkor qizlardan. U Agrobankning 15 million so‘m kredit mablag‘i evaziga tikuv sexini tashkil etib, 4 nafar yoshlarni ish bilan ta’minladi. Sevaraning andozasi asosida yaratilgan milliy liboslar nafaqat tumanda, balki viloyatning o‘zida ham ma’lum va mashhurdir.

Ha, Navoiy viloyatida bunday azmi qarorli, tadbirli, mehnatkash yoshlar ko‘plab topiladi. Ularning har birida o‘ziga xos orzu o‘ylari, ulug‘ maqsadlari bor. Ana shu maqsadlar ro‘yobini kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini bajarilishi misolida ko‘rishimiz mumkin. Zero, bugunning bitiruvchisi kolejni tamomlamasidanoq, biror bir kasbning boshini tutgan usta hunarmand, tadbirkor yoki mohir ishbilarmon bo‘lib shakllanmoqda. Bu albatta, yurtimizda yoshlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar samarasidir.

Navoiy viloyatida mavjud 4 ta akademik litsey, 47 ta kasb-hunar kollejida o‘tgan yilning o‘zida jami 40 ming 86 nafar o‘quvchilar 120 ta kasb bo‘yicha ta’lim olishdi. 1, 5 mingdan ziyod bitiruvchiga shaxsiy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish, bandligini ta’minlash maqsadida bank tomonidan 17 milliard 800 million so‘mlik mablag‘ ajratildi. Bu shunchaki raqamlar emas, balki katta hayotga kirib kelayotgan yoshlarga dalda, kerak bo‘lsa, orzularining ushalishi hamdir.

– Kollejni tamomlagach, menda qay sohani boshidan tutsam ekan, degan ikkilanish bo‘lmagan. Chunki o‘quvchilik yillarimdayoq, kelgusidagi rejalarimni aniq belgilab olganman, – deydi yosh tadbirkor Maftuna Farmonova. – Bank tomonidan 22 million so‘m imtiyozli kredit asosida 5 ta tikuv mashinasi sotib olib, sex faoliyatini yo‘lga qo‘ydim. O‘z bilim va tajribamni oshirish maqsadida hozirda Toshkent yengil sanoat institutinining tikuv konstruktori fakultetida tahsil olayapman.

Yana o‘qing:  Vatanga xizmat – oliy saodat

Shu o‘rinda aytish joizki, bankdan kredit olib, mablag‘ni to‘g‘ri yo‘naltirish ham o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Buning uchun inson bilimli, vaziyatga to‘g‘ri baho bera oladigan, tadbikorlik qobiliyatiga ega bo‘lishi lozim. Zero, ishbilarmon kishigina boshlagan ishini muvaffaqiyatli amalga oshiradi. Daromadning qonuniy va samarali yo‘llarini izlaydi.

Navoiy arxitektura va qurilish kasb-hunar kolleji miqyosida yoshlarning hunarli bo‘lishi, o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashish borasida ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda mazkur o‘quv dargohini 445 nafar yoshlar tamomlaydi. Shunisi ahamiyatliki, bu yil tadbirkor bo‘lish istagida 64 nafar yoshlar imtiyozli kredit olish uchun murojaat etgan bo‘lib, ulardan 24 nafarini qizlar tashkil etadi. O‘tgan yil esa 17 nafar bitiruvchi kredit olish istagini bildirgan bo‘lib, ularga 153 million 720 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Quvonarlisi, yoshlarning yil sayin tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishi ortib borayotir. Ayniqsa, parrandachilik, chorvachilik, tikuvchilik, issiqxona va go‘zallik salonini tashkil etish, mebel ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarga ularning qiziqishi katta.

– Yoshlik izlanish va kuch-g‘ayrat fasli. Bugungi kun yoshlaridagi g‘ayrat va shijoatni ko‘rib, ochig‘i ularga havasim keladi. Zero, bu qadar e’tibor va imkoniyatlar hech bir yurtda yo‘q, – deydi Navoiy qurilish kasb-hunar kolleji kasbiy ta’lim bo‘yicha direktor o‘rinbosari Olimjon Istamov. – Ayni paytda ko‘pgina o‘g‘il-qizlarimiz o‘z yo‘lini aniq tanlab, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqda. Ochig‘i, biz bundan faqat quvonamiz. Zero, ustoz uchun shogirdining muvaffaqiyatidan ko‘ra yuksak mukofot bo‘lmasa kerak.

Yoshlarni ishga joylashtirish bo‘yicha ham viloyat miqyosida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. 2016 yil davomida 9 ming 446 ta yangi ish o‘rinlari, 2 ming 851 ta kvotalangan ish o‘rinlari tashkil etish rejallashtirilgan. Bu bo‘yicha “Ixtisoslashtirilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari”o‘tkazib boriladi.

Muxtasar qilib aytganda bugungi tezkor davrda o‘g‘il-qizlarimiz ildam va bunyodkor bo‘lmog‘i, o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘ymog‘i lozim. Zero, orzu maqsadlari ulug‘ yoshlargina buyuk ishlarga qodirdir.

 

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: