YANGI YIL DASTURXONI ortiqcha vaznga sabab bo‘lmasin
Yangi yilda barcha ayollar bayram dasturxonini har yilgidan ham to‘kinroq va chiroyli bo‘lishini istaydi. Ular turli-tuman salatlar, pishiriqlar, taomlar tayyorlab oila a’zolari hamda mehmonlarni hayratga solishga harakat qilishadi. Ammo dasturxon atrofida o‘tirganingizda 31 dekabr ham yilning bir kuni ekanini unutmang!
– Barcha taomlardan oz-ozdan tatib ko‘rish mumkin. Biroq, ularni to‘yguningizcha iste’mol qilish Siz uchun faqatgina ortiqcha kaloriya manbai bo‘ladi. Eng muhimi kechqurun yog‘siz go‘sht, baliq, tovuq hamda ko‘katlardan bir ozgina tamaddi qiling. Ammo “Napoleon” torti bo‘laklarini ertalabki nonushtaga qoldirganingiz ma’qul.
– Bayram dasturxonini tayyorlash taraddudi bilan ovora bo‘lib, yugur-yugurlar Sizni charchatib qo‘ymasin. Albatta, o‘z vaqtida tushlik qilib olishni unutmang. Chunki, kun davomida ovqatlanish yodingizdan chiqib qolsa, kechqurun bayram dasturxonidagi mazali va to‘yimli yeguliklar Sizni o‘ziga ohanraboday tortadi. Beixtiyor haddan ziyod, betartib ovqatlanishdan tezda to‘yib qolasiz.
– Yangi yilni spirtli ichimliklar ichishdan boshlamang. Bayram kuni alkogolli ichimliklarni miyoridan ortiq iste’mol qilish umuman tavsiya qilinmaydi. Ayniqsa, och qoringa ichilgan ichimlik o‘zingizni nazorat qilishni sezilarli darajada susaytiradi.
– Bayram kechasi dasturi haqida oldindan rejalashtirib oling. Agar kechki soat 20: 00 dan tungi soat 2: 00 gacha Yangi yil dasturxoni atrofida o‘tirishni rejalashtirsangiz, osongina hamma ovqatni paqqos tushirishingiz hech gap emas. Yaxshisi soat 8: 00-8: 30 atrofida ovqatlanib, tungi soat 12 ga qadar oila a’zolaringiz bilan dildan suhbat quring. Farzandlaringiz bilan turli xil o‘yinlar o‘ynang, Yangi yil uchun mo‘ljallangan kinofilmlarni tomosha qiling.
– Yangi yil dasturxonini bezashda ranglarga ham e’tibor bering. Chunki, dasturxon va idishlarning yorqin rangi ishtaha ochishga turtki bo‘ladi. Qizil, sabzirang kabi dasturxonlar va shu tusdagi idish-tovoqlar qorni to‘q odamning ham ishtahasini qitiqlaydi.
– Xorijlik dizayner, “Ranglar va ularning sirli ta’siri” kitobi muallifi Jozef Kennet fikriga ko‘ra ko‘k, binafsharang, yashil kabi sovuq ranglar insonning me’yorda ovqatlanishiga ijobiy ta’sir etadi. Shuningdek, kichikroq desert likobchalar ham bayram dasturxonidan kichikroq taom bo‘laklarini olishga Sizni majbur etadi.
Unutmang, azizlar, bir kunlik bayram kechasi deb nafaqat me’da-ichak tizimingizga, balki yurak-qon tomir tizimingizga ham ortiqcha yuk yuklamang.
Xurshida HUSENOVA