SAYLOV KIM TOMONIDAN O‘TKAZILADI?
Birinchi marta ovoz berayotgan biz yoshlar uchun saylov kim tomonidan o‘tkazilishi qiziqarli. Bu haqida ma’lumot bersangiz.
Guljamol Mardonova,
Qarshi shahri
Demokratik jamiyatning asosi saylovlar hisoblanadi. Demokratiyaning o‘zi nima deyishingiz mumkin? Bu xalq hokimiyatchiligi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish tizimidir. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 7-moddasida belgilanganidek, xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir. Demokratik davlatda xalq o‘z vakilini saylovda saylaydi. Har qanday saylov tizimining asosiy vazifasi saylov jarayonlarini imkon qadar ochiq o‘tkazish va unda mutlaqo xolislikni ta’minlashdan iboratdir. Saylovlar ko‘pchilik xohish-irodasini shakllantirish va qarama-qarshiliklarni demokratik hal etishning to‘laqonli mexanizmi hisoblanadi.Shuning uchun mamlakatimizda saylovlarni o‘tkazuvchi mustaqil tashkilot – Markaziy saylov komissiyasi tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasida saylovlarni o‘tkazishni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari ta’minlaydi. Markaziy saylov komissiyasi “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq tuziladi.
Toshkentda shu yilning 11sentyabr’ kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasi ikkinchi qismi va “Davlat hokimiyati vakillik organlariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining navbatdagi saylovi to‘g‘risida”gi Qonunining 1-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida – 2014 yil 21 dekabrda o‘tkazilishi belgilandi va 15 sentyabrdan saylov kampaniyasi boshlanishi to‘g‘risida qaror qabul qildi.
O‘zbekiston Respublikasi hokimiyatining vakillik organlariga saylovlarni o‘tkazuvchi saylov okruglarini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida tuzadi. Markaziy saylov komissiyasi saylov okruglari ro‘yxatlarini, saylovchilar soni hamda okrug saylov kommisiyalari qayerda joylashganligini ko‘rsatgan holda saylovga kamida yetmish besh kun qolganida e’lon qiladi. Markaziy saylov komissiyasining saylov okruglarini tuzish to‘g‘risidagi qarori 2014 yil 27 sentyabrgacha okruglar tuzish bo‘yicha taqdimnomalar kiritilishi belgilandi. 2014 yil 7 oktyabrga qadar matbuotda e’lon qilinishi tavsiya etildi. Mamlakatimizda 135 ta saylov okrugi tuzilishi e’lon qilindi.
Okrug saylov komissiyalarining a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tavsiyasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Okrug saylov komissiyalari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganida komissiyaning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va kamida 6-8 nafar a’zosidan iborat tarkibda tuziladi.
Uchastka saylov komissiyalarining a’zolari xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari tavsiyasiga binoan tegishli okrug saylov komissiyalari tomonidan tasdiqlanadi. Uchastka saylov komissiyasi saylovga kamida qirq kun qolganida 5-19 a’zodan, shu jumladan komissiyaning raisi, rais o‘rinbosari, kotibidan iborat tarkibda tuziladi.
Ushbu siyosiy tadbirning muvaffaqiyati ko‘proq ushbu komissiyalarning faol faoliyatiga bog‘liq.
Jamila SOTIBOLDIYEVA,
huquqshunos