Mutolaa shifo(mi?)
Kitob mutolaasi nafaqat inson ma’naviyati, balki salomatligi uchun ham koni foyda ekanini teran idrok etgan ota-bobolarimiz bolalik chog‘larimizdanoq bizni kitob o‘qishga o‘rgatib borishgan. Qarangki, yaqinda shifokorlar ham mutolaa juda samarali muolaja ekanini isbotlashdi. Hatto ayrim shifoxonalarda biblioterapiya bilan davolash usuli joriy etilgan.
Olimlarning xulosalariga ko‘ra, bir kunda yarim soat vaqtini mutolaaga ajratish orqali inson o‘zini ruhiy bezovtalikdan himoyalashi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, kishini ko‘plab og‘ir kasalliklardan asraydi. Chunki ruhan notinchlikning haddan ziyod kuchayishi 40 foizdan ortiq holatlarda infarkt va insult xastaliklarining kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.
Kitob o‘qish bilan mashg‘ul bo‘lgan keksa kishilarda xotira pasayishi, Alsgaymer xastaligi nisbatan kam uchrar ekan. Bu fikrni mutaxassislar quyidagicha izohlashadi: mutolaa miyani doimiy tarzda mashq qilishga undaydi. Harakatda bo‘lgan miya esa chiniqib boraveradi.
Uyqu oldidan mutolaa qilish tiniqib uxlash va yaxshi tushlar ko‘rishga tayyor holatga keltirar ekan. Ayni paytda jahondagi barcha mutaxassislar qog‘ozda chop etilgan kitoblarni o‘qish telefon ekrani yoki kompyuter orqali o‘qishga nisbatan inson sog‘ligi uchun foydaliroq, deb hisoblaydilar.
Ammo har qanday asar ham shifobaxsh bo‘lmaydi. Muolajaga arzirli kitoblarni har kim o‘z didi, saviyasidan kelib chiqib tanlashi mumkin. Muhimi, mutolaaterapiyadagi asosiy talabga rioya etish lozim. Ya’ni asar qiziqarli bo‘lishi, o‘qish jarayoni faqat huzur-halovat baxsh etib qolmay, fikrlashga ham undamog‘i, o‘ylashga majbur etmog‘i kerak. Masalan, mumtoz asarlardagi bir maromda yechuvchi hikoya uslubi kishida turg‘un va barqaror his-tuyg‘ularni uyg‘otadi, o‘quvchini xotirjamlikka eltadi. Detektiv va sarguzasht asarlar esa diqqat-e’tibor, qunt-sabot va kuzatuvchanlikni chiniqtiradi. Nazmiy asarlardagi aniq ritm organizmda kechayotgan jarayonlarni me’yoriga keltiradi, kayfiyatni ko‘tarib, kishida o‘z kuchiga ishonch uyg‘otadi. Depressiya holatlarida, shuningdek, insultdan keyingi duduqlanishni davolashda ham bu usul qo‘l keladi.
Zuhra ERGASHEVA