Raxit – bu kasallik nega kuz va qishda tug‘ilgan bolalarda ko‘p uchraydi?

Bir umrlik asoratlarni qoldiruvchi raxit xastaligi faqat kichik yoshdagi bolalarda uchraydi. U bola organizmida D vitamini yetishmasligi natijasida kelib chiqadi. Bolaning rivojlanishi, xususan, suyakning o‘sishi va mustahkam bo‘lishi uchun organizmga kalsiy va fosfor elementlari zarur bo‘ladi. D vitamini esa kalsiy va fosforning ichakdan so‘rilishi, ularning suyak, mushak va boshqa a’zo to‘qimalariga yetib borishini boshqaradi.

Agar organizmda D vitamini yetishmovchiligi kuzatilsa, bolaning kalsiy va fosfor elementlariga bo‘lgan ehtiyoji qondirilmaydi. Bu esa, o‘z navbatida, raxitni keltirib chiqaradi. Ko‘pincha, ushbu kasallik kech kuz va qish oylarida tug‘ilgan bolalarda uchraydi. Sababi, bu paytda tug‘ilgan bola uchun quyosh nuri yetarli bo‘lmaydi.


Raxit kasalligidan saqlanish uchun quyoshli kunlarda va ertalab bolani ochiq havoga olib chiqish juda foydali. Bu kunning eng qulay vaqti ertalab soat 8:00 dan 11:00 gacha, yoz kunlari kechki 18:00 dan keyin hisoblanadi. Ochiq havodagi sayr bolani chiniqtirish bilan birga organizmda D vitamini ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Hattoki, homilador ayolning quyosh nuridan bahramand bo‘lishi ham farzandida D vitamini yetishmovchiligi bo‘lmasligida muhimdir.
Shuningdek, bolaga D vitaminiga boy oziq-ovqatlar: mol go‘shti, ayniqsa, baliq, tuxum hamda jigar mahsulotlarini berish ham uning raxit kasalligiga chalinmasligini ta’minlaydi. Go‘dakka qo‘shimcha mahsulotlar berilmaydigan davrda ona D vitaminiga boy, kalsiyga to‘yingan oziq-ovqat: sut va sut mahsulotlari, turshak, loviya, xurmo, ko‘k piyozni muntazam iste’mol qilsa, ushbu moddalar ona suti bilan birga farzandiga o‘tadi va uning sog‘lom bo‘lishiga zamin yaratadi.

Raxitga chalingan bolalar ko‘p bezovta bo‘ladi. Bot-bot qaysarlik va injiqlik qiladi. Chiroq yoqilishi, quloqqa chalingan kutilmagan tovushdan doim cho‘chib tushadigan bo‘lib qoladi.

Bunday holatlarda tezda shifokorga murojaat qilish zarur. Kasallikni bolaning gavda tuzilishidagi nomutanosibliklardan ham aniqlash mumkin.
Agar bolada raxit xastaligi belgilari sezilsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak. Chunki ushbu xastalikni davolash alohida muolajalarni talab etadi. Agar boshlang‘ich holati bo‘lsa, D vitamini dorilari va boshqa kalsiyni ko‘paytiruvchi vositalarni iste’mol qilishning o‘zi yetarli bo‘ladi. Ammo kasallik zo‘rayishining oldini olish uchun bir necha choralarni ham ko‘rish mumkin. Xususan, zarur bo‘lgan hollarda shifokorning tavsiyasiga muvofiq davo gimnastikasi, massaj, kvars lampasi bilan nurlantirish amaliyotlari o‘tkaziladi. Davo choralari va maxsus dori-darmonlar faqatgina mutaxassis tavsiyasi bilan iste’mol qilish mumkin.

Yana o‘qing:  Ehtiyotsizlik xastalikka yo‘l ochadi

Kasallikka chalingan bolalarning immuniteti tushib ketadi, oqibatda yuqumli kasalliklarga ta’sirchan bo‘lib qoladi. Shuningdek, raxit kamqonlik, suyak­lar yumshashi bo‘g‘imlar, mushaklar bo‘shashi, tishlar kech va bir tekis chiqmasligiga olib keladi. Uning og‘ir asoratlarida bolaning ancha vaqtgacha boshi va gavdasini tuta olmasligi kuzatiladi.

Bundan tashqari, vaqtida davo choralari ko‘rilmasa, bola vaznining ortib borishi natijasida suyaklari qiyshayadi. Boshining peshona qismi oldinga, ensa qismi esa orqaga turtib chiqadi, umurtqa pog‘onasi bukchayib qoladi, ko‘krak qafasi pastga qarab kengayib ketadi, oyoq «X» yoki «O» shaklida qiyshayadi, yassi oyoqlik rivojlanishi mumkin.

Murodjon IRISMETOV,

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya

ilmiy amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: