Qovun shifobaxsh dorivor vosita sifatida ham iste’mol qilinadi(mi?)

Qovun tarkibida V1, V2, RR, A, S vitaminlar, karotin, foliy kislota, yog‘lar, kaliy, natriy, temir moddasi hamda shakar mavjud. Bundan tashqari kaliy, kalsiy, natriy va xlor kabi mineral moddalar ham qovunning tarkibida bor. Shuningdek, quvvatsizlik, kamqonlikda va ateroskleroz hamda boshqa shu kabi yurak qon tomir kasalliklarida tabiblar qovun iste’mol qilishni tavsiya etishadi. Yana qovun antibiotiklar ta’sirini kuchaytiradi. Ularning organizmga zaharli ta’sirini esa kamaytiradi. Bu poliz mahsulotining tarkibida ko‘p miqdorda fermentlar bor. Shu sababli me’da-ichak tizimida yengil hazm bo‘ladi va ichaklar faoliyatini yaxshilaydi. Shifobaxsh dorivor vosita sifatida qovunni jigar kasalliklarida va buyrak hamda qovuqda, o‘t qopida tosh paydo bo‘lganida iste’mol qilish mumkin. Ko‘p qovun tanovvul qilsangiz teringiz rangi tiniqlashadi va kamqonlikda qon tarkibidagi gemoglobinni ko‘taradi hamda immunitetni oshiradi. Asab tizimiga qovunning ijobiy ta’siri beqiyosdir.

Yana xalq tabobatida qovun urug‘i mijoz sustligida qo‘llaniladi. Ya’ni, bir kunda uch mahal bir choy qoshiqdan kukun holiga keltirilgan qovun urug‘i och qoringa iste’mol qilinadi. Ayniqsa, asalga qo‘shib tanovvul qilinsa yanada shifobaxsh xususiyati ortadi. Ammo bu dorivor vositani bir kunda 2 grammdan ortiq iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Sababi taloqda muammo keltirib chiqarishi mumkin. Yana ruhiy zo‘riqish (stress)da ham bu poliz mahsuloti asab tizimiga ijobiy ta’sir etadi. Qovunning kaloriyasi kamligi uchun (100 gramm mahsulotning quvvati 30-38 kkal) uni ortiqcha vaznga ega bo‘lgan insonlar 2-3 kun davomida iste’mol qilishlari mumkin. Foliy kislota yoki V9vitamini homiladorlik davrida homilaning benuqson rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va klimaks, shuningdek, xotirani kuchaytirish hamda depressiya (ruhiy tushkunlik)da ham shifobaxshdir. Organizmni va ichaklarni ortiqcha xiltlardan tozalashda qovun mag‘zidagi kletchatka katta yordam beradi. Chunki, bu dag‘al tolali kletchatka organizmdan zaharli moddalarning chiqib ketishiga ko‘maklashadi. Ammo qovunni sut mahsulotlari va spirtli ichimliklar bilan iste’mol qilib bo‘lmaydi. Sababi me’da-ichak tizimi faoliyatini buzadi. Emizikli ayollar, qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar, me’da-ichak tizimining yuqumli kasalliklarida, gastrit, (me’da shilliq qavatining yallig‘lanishi) me’da va o‘n ikki barmoq ichak yarasida qovun tanovvul qilish tavsiya etilmaydi.

Qovunning mag‘zida kremniy moddasi mo‘l. Bu mikroelement organizmning qattiq to‘qimalari, asablar, teri va soch holatini yaxshilaydi. Inson kayfiyatini ko‘tarishda va uyqusizlikda, charchoq, asabbuzarlikning oldini olishda qovun iste’mol qilish foydali.

Yaxshi yetilib pishmagan xom qovunni iste’mol qilishdan saqlaning. Chunki, u me’dada sekin hazm bo‘ladi. Qovunni muzlatilgan holda uch oygacha muzlatgichda saqlasa bo‘ladi. Undan kokteyl va vitaminli ichimliklar tayyorlash mumkin. Shuningdek, qovundan qoqi, murabbo, pavidlo, sukat, jem, marmelad tayyorlanadi. Yana uni yog‘och bochkaga tuzlash mumkin. Shuningdek, kichikroq va xom qovunlar ham marinadlanadi. Qovun chanqoqni yaxshi qondiradi.

Yetilgan qovun o‘zi kichik bo‘lsa-da og‘irroq tosh bosadi va xushbo‘y hidli bo‘ladi hamda chertib ko‘rsangiz bo‘g‘iq tovush chiqaradi. Bandining qarama-qarshi tomonidagi po‘chog‘ini bosib ko‘rganingizda xom qovunniki qattiqroq, yetilib pishgan qovunniki esa nisbatan yumshoqroq bo‘ladi.

Umuman olganda qovunning turi ko‘p. Barchasi biri-biridan mazali. Ammo haddan tashqari katta qovunni sotib olmang. Chunki, uni kesganingizda oq mag‘zining po‘choqqa yaqin qismi alohida ajralib tursa va notabiiy pushti, qizg‘ish, qattiq hamda oqish rangda bo‘lsa va yeb ko‘rganingizda mazasi yoqmasa bilingki, uning tarkibida selitra haddan ziyod ko‘p bo‘ladi. Bunday qovunni iste’mol qilgan odam zaharlanadi.

O‘zingiz va oila a’zolaringizning sog‘lig‘iga befarq bo‘lmasangiz qovun tanlashda adashmang!

Yana o‘qing:  Salomatlik va xush kayfiyat siri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: