MEHRDAN BUNYOD MASKAN
Dunyodagi eng yaxshi narsalar bolalar uchun. Biz borlig‘imizni bolalarga baxshida etamiz. Ayniqsa ota-ona e’tiboridan, oila bag‘ridan ayro yashayotgan ko‘ngli o‘ksik bolalarga nafaqat mehru muhabbatimiz balki bor vujudimiz bilan ularning kemtik ko‘ngillariga malham bo‘lgimiz keladi.
Poytaxtimizdagi 22 sonli “Mehribonlik uyi”da ayni vaqtda 100 nafardan ziyod bolajonlar tarbiyalanishmoqda. Joriy yilda homiylar tomonidan to‘liq ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishda qad rostlagan ushbu maskanda bolajonlar nafaqat tarbiyalanishadi, balki mavjud 60 ta oilaviy guruhda mustaqil hayotga ham tayyorlanadi. Yozgi ta’tilda bolajonlar “Semashka” sihatgohi va Chimyonda joylashgan “Mehribonlik” oromgohida miriqib hordiq chiqarishdi. Yangi o‘quv yilini bolajonlar qaytadan ta’mirlangan ko‘rkam yotoqxona, oshxona, shinam dam olish xonasi, zamonaviy jihozlangan tibbiyot xonalariga ega bo‘lgan binoda boshlashadi.
— Mavjud “Haykaltaroshlik”, “Tasviriy san’at”, “Yumshoq o‘yinchoqlar yasash”, kabi to‘garaklarda tarbiyalanuvchilar kasb sirlarini qunt bilan o‘rganishmoqda. Turli sport to‘garaklari bolajonlar ixtiyorida. “Sen yolg‘iz emassan” Respublika bolalar jamoatchilik jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan turli fan to‘garaklari tarbiyalanuvchilarning bilimini yanada mustahkamlamoqda. E’tiborli jihati shundaki, bolajonlarni fan to‘garaklariga maxsus avtobus olib boradi. Tinimsiz izlanishning yuksak samarasini Alisher Ivanov, Kamila Avulova, Tamila Kuxan, Fotima Abbasova kabi 17 nafar tarbiyalanuvchining ayni vaqtda oliy o‘quv yurtlarining talabalari bo‘lgani ko‘rsatib turibdi. “Mehribonlik uyi”ning 8-sinf o‘quvchisi Xasan Murodov haykaltaroshlik bo‘yicha “Yangi avlod” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichida g‘oliblikni egallagan bo‘lsa, voleybol, basketbol, futbol musobaqalarida sportsevar bolajonlar jamoasi tuman, shahar miqyosida g‘olib bo‘lishgan. Aytsam yutuqlarimiz ko‘p, eng muhimi tarbiyalanuvchilar davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan bunday shart-sharoitlardan oqilona foydalanib, yurtimiz ravnaqi, istiqboli uchun kerakli kadrlar bo‘lib yetishsa bo‘lgani, — deydi “Mehribonlik uyi” rahbari vazifasini bajaruvchi Xursand Xolova.
Mazkur dargohda tashkil etilgan “Salomatlik burchagi” tarbiyalanuvchilarning nafaqat tibbiy bilimlarini oshishiga balki tabiat va dorivor giyohlar bilan yaqindan tanishishiga ham xizmat qilmoqda. Ushbu burchakda tabiatsevar bolajonlarning yozgi oromgohdagi tog‘ yon bag‘ridan o‘z qo‘llari bilan terib kelgan dorivor giyohlari ham joy olgan.
— O‘n yildan buyon shu dargohda ishlayman, bolajonlarning sog‘lig‘i hamisha diqqat e’tiborimizda. Tibbiyot xonasi yetarlicha dori-darmon vositalari bilan ta’minlangan, muolaja xonalarimizda barcha sharoitlar yaratilgan. To‘rt nafar o‘rta tibbiyot xodimlari bolajonlar sog‘lig‘iga mas’ul. Bolajonlar muntazam ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tarbiyalanuvchilarga homiylik yordami ko‘rsatayotgan bo‘lsa, Poytaxtimizdagi 36-Oilaviy poliklinika shifokorlari bolajonlarning sog‘lig‘ini nazorat qilishimizga ko‘makdosh bo‘lishmoqda, — deya ta’kidlaydi bolalar shifokori Tursinoy Abdurahimova.
Ha, ona diyorimizda har bir bola e’tiborda, ularga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik ertaga o‘z mevasini berishi shubhasiz.
Jamila HAYDAROVA