Bolalar o‘yinlari: dardni harakat bilan yengamiz

Shifokorlar bolaning kasaliga qarab qanday dorilar ichirishni tanlab berishadi. Ammo bu yetarli emas. Bemorlik chog‘ida hamma narsa, hatto o‘yinlar ham bolaning kasaliga qarab tanlanishi kerak. Gripp, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar), bronxial astma hamda o‘pka va yuqori nafas yo‘llari bilan bog‘liq boshqa kasalliklarga chalingan paytida polda o‘ynashi uchun bolaga aslo ruxsat bera ko‘rmang.

Hatto xona issiq, pol qalin gilam bilan qoplangan va shamol aylanadigan teshiklar yo‘q bo‘lgan taqdirda ham. Bunday o‘yin paytida bola ko‘krak qafasini qisgan holda cho‘kkalab o‘tiradi. Natijada esa bolaning nafas olish og‘irlashib, o‘pkada havo almashinishi buziladi, qon bilan ta’minlanishi yomonlashadi va yo‘tal kuchayadi. Bunday bola uchun ko‘krak qafasi mushaklarini mustahkamlaydigan, nafas yo‘llarini yaxshilovchi o‘yinlar kerak bo‘ladi. Quyi­da biz sizlarga mana shunday o‘yinlardan bir nechtasini ko‘rsatib o‘tamiz:

O‘yin bilan davolanamiz

Kasal bo‘lish juda yoqimsiz jarayon. Kuni bo‘yi tinib-tinchimaydigan bolaning to‘shakda mixlanib yotishi qanchalik qiyinligini tasavvur qilib ko‘ring. Balki qanaqadir davolovchi harakatli o‘yinlar o‘ylab topish kerakdir? Shunda bolaning kayfiyati ko‘tariladi, ham davolash jarayoni yengil kechadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, agar bola hayotidan xursand, quvnoq va tetik ruhli bo‘lsa, u infeksiyalarga qarshi yaxshi kurashadi hamda ko‘p xastalikka chalinmaydi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, kasal bo‘lib yotgan uch yashar bolakay qanday o‘yinlarni o‘ynagani maqsadga muvofiq? Bir narsani unutmaslik kerak: bola kasal bo‘lgan paytida uning aqliy va ijodiy qobiliyati susayadi. Agar tomog‘i og‘rib, yo‘tal qiynab, tana harorati oshib turgan bo‘lsa, unga ko‘pgina mashg‘ulotlar mumkin emas.

Yo‘talni birga yengamiz

O‘yinga berilganda bola yo‘tal haqida unutadi va ko‘p bezovta bo‘lmaydi. Agar kichkintoyning tana harorati baland bo‘lmasa, krovati yoniga biror idishga issiq suv qo‘ying. Bola qo‘g‘irchog‘ini yuvintirsin, o‘rdakchasi yoki qayiqchasining suzishini tomosha qilsin. Quruq havo nafas yo‘llarini bezovta qilib, yo‘talni qo‘zg‘aydi, nam havo esa aksincha. Agar bola tomoq og‘rig‘idan qiynalayotgan bo‘lsayu, tomog‘ini chayish­ni hali uddalay olmasa, buni o‘yin yordamida amalga oshiring. Otasi, buvisiga piyolada iliq suv, bolaga esa dorivor aralashmani bering va birgalikda tomog‘ingizni «g‘ar-g‘ara» qilib chaying. Boshni qanday tutish va qanday «g‘ar-g‘ara» qilishni ko‘rsatib bering, ovozingizni atay balandroq chiqaring. Ko‘z ochib-yumguncha kichkintoyingiz asta-sekin tuzala boshlaydi.

Yana o‘qing:  Yoz oromgohda soz o'tadi

“Asalarilar asal yig‘ganda”

Bu o‘yin to‘g‘ri nafas olishni shakllantiradi, qo‘l va yelka mushaklarini mustahkamlaydi, diqqatni jamlaydi. Bunda bola qo‘llarini ko‘ksida kesishtirgan holda boshini egib o‘tiradi. Siz unga: «Asalari vizzz dedi», deysiz. Bola qo‘lchalari bilan ko‘kragini siqib-siqib qo‘yadi-da, «vizzz» deb talaffuz qilgan holda nafas chiqaradi. So‘ng siz bilan birgalikda nafas olgan holda qo‘llarini ikki tomonga ajratib, yelkalarini bo‘sh tashlaydi va uchayotganday harakatlar bilan she’r aytadi: «Uchaman, uchaman, hayot gashtin suraman, shirintoy bolalarga asal olib kelaman». Bola xonani bir aylanib kelgach, yana joyiga qaytib o‘tiradi. O‘yin 4-5 marta takrorlanadi.

“Xo‘rozchalar jangi”

O‘yin tartibi quyidagicha: Bola qo‘llari – qanotlarini osiltirgan holda engashib turadi. Tizzasiga bir necha bor urib: «Taq, taq, taq!» deydi. Nafas chiqarib qaddini rostlaydi. Qo‘llar va yelkalarni ko‘tarib, nafas olgan holda pastga tushiradi. Keyin u go‘yoki uyg‘onadi va nafas chiqaradi. Mashq 3-5 marta bajariladi.

Bu o‘yin bolalarning umurtqa pog‘onasi mushaklarini mustahkamlaydi, nafas yo‘llarini bir maromdagi chuqur harakatini shakllantiradi, qomatni to‘g‘ri tutish, diqqatni jamlashni o‘rgatadi.

“Shar shishirish” mashqi

Bu o‘yinda shar asta-sekin shishiriladi va so‘ngra dami chiqariladi. Yoki boladan qo‘llarini xuddi shar shishirayotganday tutib, burni bilan chuqur-chuqur nafas olishini so‘rang. Keyin esa qo‘llarini bo‘shashtirib, sharning damini chiqarayotganday «sh-sh-sh»­ degan ovoz chiqarsin. Bu mashg‘ulot to‘g‘ri nafas olishning shakllanishiga imkon tug‘diradi, bir maromda va chuqur nafas olish, o‘pka va nafas yo‘llari kasalliklarining tez tuzalishiga yordam beradi.

Xonadonimiz quvonchi farzandimiz betob bo‘lib qolsa, nafaqat kayfiyatimizga, balki kundalik faoliyatimizga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasizdir. Farzandimiz betob bo‘lib qolsa unda nafaqat jismoniy balki ruhiy o‘zgarishlar, kuzatiladi. Shuningdek, u yig‘loqi va injiq bo‘lib qoladi. Bola xastalanganda albatta, uning ko‘ngliga qarab davo choralarini o‘ylab topish lozim. Keltirilgan o‘yinlardan tashqari siz ham farzandingizga uning ahvolidan va fe’l-atvoridan kelib chiqib, turli o‘yinlar o‘ylab topishingiz mumkin. Ana shunda kasallikni bola yengib ketishi ancha oson kechadi.

Bahriniso NOROVA tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: