Zotiljamning sabab va oqibatlari

Pnevmoniya ushbu kasallik qo‘zg‘atuvchisining o‘pka alveolasi va bronxlar epiteliysiga tushishidan boshlanadi. Xastalik havo – tomchi yo‘li orqali bemordan sog‘lom odamga yuqadi.

Ushbu dardning yashirin davri xastalik qo‘zg‘atuvchisining turiga qarab 2-3 kun davom etadi. So‘ngra o‘pkadagi yallig‘lanish jarayoni faol bosqichga o‘tadi va alveolalar bo‘shlig‘ida yiringli suyuqlik to‘plana boshlaydi. Ayniqsa, bemorning immun tizimi sust faoliyat yuritsa va u kashanda bo‘lsa hamda xasta kishi sovuqqotsa, shuningdek, uni tez-tez asabiylik, ruhiy zo‘riqish (stress) bezovta qilsa bu dard avj oladi. Ayollarda klimaks davridagi gormonal o‘zgarishlarda ham zotiljamga chalinish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Yana pnevmoniyaning rivojlanishiga yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanishi hamda gripp va O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya)larning asorati ham sabab bo‘ladi.

Shuningdek, pnevmokokk, streptokokk, mikoplazma, xlamidiya, ko‘k yiring tayoqchasi kabi o‘ta yuqori darajadagi zaharli va xavfli kasallik qo‘zg‘atuvchilari hamda turli viruslar, bakteriyalar, zamburug‘larning zaif immun tizimli organizmga tushishi zotiljamga turtki bo‘ladi.

Pnevmoniyaning aspiratsion hamda o‘pkadagi xavfli o‘sma atrofida rivojlanadigan parakankroz turi ham uchraydi.

Kasallikning klinik begilari

Bemor oyoqda o‘tkazilgan gripp, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya)lar sababli ham ularning asorati sifatida pnevmoniyaga chalinishi mumkin. Dastlab xasta kishini bir necha kun davom etuvchi gripga o‘xshash tumov (burun bitishi, undan suv kelishi hamda tez-tez aksirish, ko‘z yoshlanishi), yo‘tal tana haroratining birdan ko‘tarilishi, a’zoi badanning titrab-qaqshashi, yuqorilab ketgan haroratning dori vositalari ta’sirida ham tushmasligi bezovta qiladi. So‘ngra bu belgilarga qo‘shimcha ravishda organizmning kasallik qo‘zg‘atuvchisi ta’sirida zaharlanishi (intoksikatsiya) alomatlari, ya’ni dardmand odamning tez toliqishi, uning bosh og‘rig‘idan shikoyat qilishi, ishtahaning yo‘qligi qo‘shiladi.

Zotiljam boshlangach 3-5 kundan so‘ng quruq yo‘tal kuzatiladi. Keyin esa nam yo‘tal sababli balg‘am ko‘chadi. O‘pka to‘qimasi yallig‘langani sababli shikastlanadi va bemorning ko‘krak qafasida og‘riq kuzatiladi. Agar ikkala o‘pka ham pnevmoniyaga chalingan bo‘lsa, xasta odamning ikkala tomonida nafas olganida va yo‘talganda og‘riq bo‘ladi. Ba’zan bu a’zolarda bo‘g‘iq “g‘ijillash” ovozlari aniq eshitiladi. Shuningdek, bemorni hansirash ham bezovta qiladi. Bu belgi o‘pkaning ko‘p sohasi yallig‘langanidan shuningdek, nafas yetishmovchiligi ham boshlanganidan darak beradi.

Yana o‘qing:  Ilm mangu shu’ladir

Tashxis va davo

Ushbu kasallikka uning dastlabki bosqichlarida tashxis qo‘yish uchun bemorning shikoyati, qon, peshob, balg‘amning laboratoriya tahlillari sinchiklab o‘rganiladi hamda ko‘krak qafasini albatta rentgen qilish zarur. Agar o‘pka parenximasida uning rentgen tasvirida nuqsonli o‘zgarishlar kuzatilsa, nafas yetishmovchiligi boshlanmasligi uchun qo‘zg‘atuvchi turiga qarab antibiotiklar tavsiya etiladi.

Diqqat, bu a’zolardagi kichik xastalik o‘chog‘idagi o‘zgarishlarni shifokor fonendoskop orqali yaxshi eshitmasligi mumkin. Ya’ni, bular o‘pkadagi bilinar-bilinmas xirillash va qattiq nafas olish kabi klinik belgilar hisoblanadi. Ammo bu kabi belgilar bir necha kun o‘tib kuchayadi. Chunki, o‘pkadagi yallig‘lanish o‘chog‘i hajm jihatdan kengayadi. Biroq, bunday holatda kech bo‘ladi. Sababi yiringli yara o‘chog‘i anchagina keng joyni egallaydi. Shunda vrach – rentgenolog o‘pka suratiga asoslanib o‘choqli, segmentli va total pnemoniya deya tashxis qo‘yadi.

Kattalarda zotiljam qo‘zg‘atuvchisi turiga qarab xastalik belgilari kuzatiladi. Bu klinik belgilar o‘tkir shaklda kechadi yoki ba’zan namoyon bo‘ladi. Ayrim paytlarda pnevmoniyaga to‘g‘ri tashxis qo‘yish qiyin kechadi. Ammo ushbu kasallik belgilarini dard boshlangan erta bosqichlarida aniqlash zarur. Zero, o‘z vaqtida davo muolajalarini boshlash kerak. Aks holda bu xastalik og‘irlashib, mudhish oqibatlarga olib keladi. Keksalarda pnevmoniya atipik flora ta’sirida (mikoplazma, legionella, xlamidiyalarning hujayra ichiga joylashib olganligi sababli) asoratli kechadi.

Bemorning ratsional tuzilgan taomnomasida albatta meva-sabzavotlar hamda go‘sht, sut va sut mahsulotlari, baliq, ko‘katlar ham bo‘lishi zarur. Shuningdek, toza havoda sayr etish hamda to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish, zararli odatlar (ichish, chekish, giyohvand moddalarni iste’mol qilish)dan voz kechish ham immun tizimini mustahkamlaydi. Bu ijobiy omillar esa xastaning tezda tuzalib, oyoqqa turishiga zamin yaratadi.

Ibragim AXATOV,

Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya

ilmiy-amaliy tibbiyot markazi katta ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: