Ichimlikdan paydo bo‘lgan shirinlik

Shokoladni yaxshi ko‘rmaydigan bola bo‘lmasa kerak. Uni hatto kattalar ham suyib iste’mol qiladi. Hozir do‘konlardan uning bir-biridan mazali turlarini topishingiz mumkin. Ho‘sh, ko‘pchilikning ko‘ngliga yo‘l topa olgan bu totli shirinlik qachon paydo bo‘lgan? Uning tarkibi nimalardan tashkil topgan? Bugun shular haqida suhbatlashamiz.

Shokolad tarkibidagi eng asosiy narsa kakaodir. Shirinlikning paydo bo‘lishi aynan kakao bilan bog‘liq. Eramizdan oldingi 1200-1000 yillarda Markaziy Amerikada yashovchi qabilalar kakaoning ho‘l mevasini qaynatib, musallas olgan.

Astek qabilasi vakillari esa kakao dukkagidan achchiq va ko‘pikli ichimlik tayyorlaganlar. «Shokolad» deb nomlangan ushbu ichimlik jangchilar, zodagonlar va ruhoniylar uchun mo‘ljallangan edi. Asteklar bu ichimlik aql va uzoq umr baxsh etadi, deb hisoblaganlar. Taxminiy fikrlarga ko‘ra «shokolad» so‘zi ana shu ichimlik nomi – «xocolatl» (chokolatl) so‘zidan kirib kelgan. Bu so‘z «achchiq suv» degan ma’noni anglatadi (xocolli- «achchiq», atl-«suv»). XV asr so‘ngida mashhur sayyoh Xristofor Kolumb Amerika yeriga borib qolganida mehmondo‘stlik belgisi sifatida unga bir kosa ana shu ichimlikdan hadya qilishgan. XX asrda olimlar shokolad tarkibida kaliy, temir, magniy kabi foydali moddalar va qon-tomir devorlarini mustahkamlab, qon ivishiga qarshi kurashadigan flanovoidlar borligini aniqladi. Tajribalar, hatto shokoladning hidi ham foydali ekani, u organizmni viruslardan himoya qilishda yordam berishini ko‘rsatdi.

Fransuz shokolad ustasi Fransua Lui Kaye 1819 yili katta kashfiyot – qattiq shokolad tayyorlashni o‘rganadi. Kayening sa’y-harakatlari sabab tez orada Shveysariya «shirinlik taraqqiyoti»ning markaziga aylandi. 1830 yili Sharl-Amede Kolxer yong‘oqli shokoladni, 1876 yili Daniyel Peter sutli shokoladni o‘ylab topadi. 1828 yili gollandiyalik Konrad van Xouten bu sohada yangi sahifa ochadi. Ya’ni, kakao kukunini siqib, undan kakao yog‘i olishni kashf etadi. Bu ixtiro hozirgi kunda ham shokolad ishlab chiqarishning asosi bo‘lib xizmat qilyapti.

Shokolad sanoatining dunyo miqyosida rivojlanishi XIX asr o‘rtalariga to‘g‘ri keldi. Shu davrda yirik shokolad sanoatchilari paydo bo‘ldi, ular o‘rtasida shiddatli raqobat boshlandi. Muvaffaqiyat qozonish ilinjida shokoladchilar xaridorlarning e’tiborini tortadigan yangi usullar o‘ylab topishga kirishishdi. Masalan, Germaniyadagi «Ritter sport» firmasi asoschisi Albert Ritter shokolad bo‘lagining odatdagi to‘g‘ri burchakli shaklini kvadrat shakliga almashtirish orqali boyib ketdi.

Yana o‘qing:  Teran nigohlar

Boshqa ixtirochilar shakl haqidagina emas, balki sifat borasida ham bosh qotirdi. Masalan, quruq sut ixtirochisi shveysariyalik Anre Nestle sutli shokoladlar tayyorladi. O‘zining ishlab chiqarish huquqidan unumli foydalanib, XX asr boshlarida Shveysariyaning eng nufuzli ishlab chiqaruvchisiga aylandi. Albatta, unga Angliyada Kedberri, Belgiyada Kanebo, AQSHda Milton Xershi kabi yirik shokolad sanoatchilari bilan bellashish oson kechmagan. Masalan Milton Xershi 1893 yili Pensilvaniya shtatida deyarli butun aholisi shokolad ishlab chiqaradigan katta shahar qurilishini boshladi. Boshqa bir amerikalik ishbilarmon Frenk Mars esa birinchi shokoladli batonchiklar – mashhur «Mars» va «Snikers»ni o‘ylab topdi.

Bugun shokolad ishlab chiqarish qandolatchilikning eng ommalashgan yo‘nalishiga aylandi. Uning dunyodagi iste’moli 4 million tonnadan oshib ketdi. Bu shirinlikni eng ko‘p amerikaliklar, inglizlar va gollandlar iste’mol qiladi. Albatta, shokoladni me’yoridan ortiq iste’mol qilish ko‘ngilsiz oqibatlarga olib keladi. Uning me’yordagi miqdori katta yoshli odamlar uchun haftasiga yuz grammdan to‘g‘ri keladi. Achchiq shokoladni ko‘proq yesa ham bo‘ladi, u insonni ozdirish xususiyatiga ham ega. Shokolad mehnati og‘ir, katta jismoniy kuch sarflaydigan kasb sohiblarining asosiy taomiga kiritilgani bejiz emas.

Mirjalol MADVALIYEV tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: