So‘zning boli bilan siylang

Biroq so‘zning so‘zdan farqi bor. Hech e’tibor berganmisiz, qaysi shirin so‘zingizdan bolangizning tanasi yayrab ketadi, chehrasi ochiladi, qaysi biridan ensasi qotganday bo‘ladi? Erkalatsang, er bo‘ladi, deyishadi-ku, axir. Besh yashar qizalog‘im menga:

– Aya, meni popon deng, poponim, mochonim, deb erkalating, – dedi. O‘ylanib qoldim, so‘z tanlashni, tovushning sehrini biladi-ya, shu bolam. Issiq choyni “papa” deb uqtirdim, o‘zimga kerakli, bolam sindirishidan qo‘rqqan billur idishni yana “papa” dedim. Qizalog‘im, yaxshining iliq, issiq bilan bog‘liqligini sezdi. Men sizning poponingiz, qaynoq nafas, yaxshilardan yaxshingiz, mehringizga zoringiz, deydi-ya. Bolamga ertak o‘qiyman.

“Kampir va o‘g‘il” ertagida ona tilab-tilab olgan farzandini, ko‘zimning nuri, shirin so‘zim, ko‘rar ko‘zim, yurar yo‘lim, o‘ltirar o‘rnim, deb ardoqlar ekan. Ertaklarni uch og‘ayni botirlarga ulayman… Ertaklar ichra ovvoraman, fikrlar munchog‘ini terganday, so‘zlar ma’nosini uqqanday bo‘laman: sheryurak, arslonbilak, lochinim, burgutim, deb bolasini ko‘rqmas, elda elomon qilaman, xalqqa qayishtiraman degan ota-ona sherga, yo‘lbarsga mengzaydi-da, bolasini. Boshiga urding begonaga, yelkasiga qoqding – o‘zingga bo‘ldi, deydi qadimgilar. Peshonasi yorug‘ bo‘lsin, boshi toshdan bo‘lsin, qadri cho‘kmasin deb, farzandlarimizning do‘q-po‘pisalarimizdan egilib borayotgan yelkalarini silab qo‘yaylik gohida. Soatlab oynai jahonga termulib, umrimizni o‘tkazmasdan qizimizni, aylanaman shu oyimdan, qaldirg‘och qosh qanotimdan, men seni bergan Xudoyimdan minnatdorman, deya mittigina jussasini bag‘rimizga bosaylik.

Chopinganim bo‘riday,

Bo‘rilarning zo‘riday.

Yigit bo‘lar chirog‘im

O‘zi erning eriday,

deb suyanchig‘imiz – o‘g‘limizni alqab qo‘yaylik.

Kechalari boshimiz yostiqqa tegishi bilan birpasda uyquga ketib jigargo‘shalarimizga alla-yu ertak aytishni unutmaylik! Bog‘chaga sudrab “jim bo‘l!” deyavermay, jumboqlarda fikrlataylik:

Kunduzi ko‘rinmadi, kechasi ko‘rindi, biri katta, biri kichik tug‘ilgandir beshta kuchuk, deb har kuni bitta topishmoq bilan olam idrokiga yo‘llaylik.

Bilasizmi, farzandimiz 9 oylik bo‘lganda tashqi muhitga moslashib boradi. Jussasi, tanasi o‘sadi, boshini ushlaydigan, “g‘o‘ng‘illab” tovush chiqaradigan, onasiga, yaqinlariga intiladigan bo‘ladi. Bu davrda ular bilan muloqotga kirishish, alla aytib ovutish, mehr rishtasini so‘z bilan bog‘lashimiz juda-juda zarur. Bolamiz tilga kirganda, gapga o‘rgataylik. She’rlar aytib berib so‘zlarga mehrini uyg‘otaylik.

Bu nima? Nimaga? Nima uchun? deb savol berayotgan biyronimizga:

Yana o‘qing:  Smarodinali pirog

Boshi taroq,

dumi o‘roq,

buni toping,

jon qizaloq,

desak va xo‘rozning toji nega taroq, dumi o‘roqligini ko‘rsatib tushuntirsak, ertaklar aytib ulg‘aytirsak, u 6-7 yoshidayoq biyron, nuktadon bo‘lib yetishadi.

Dunyoni so‘z o‘rabdi, shirin so‘zdan gul unibdi, chehramizdan quyosh charaqlab, olam nurga to‘libdi. Sher yurakli, alp qomatli, mard bahodirlar bolalikdan qo‘rqmas, jasur va bilimdon bo‘lib ulg‘aygan bolakaylardan chiqibdi.

Ertangi kunimizni, millatimiz taqdirini qadri osmon, g‘ayrati dunyocha, shijoatida o‘zbekning ruhi ufurgan, oyog‘idan o‘t chaqnagan, ko‘zlarida mehr toblangan farzandlarimiz timsolida ko‘ramiz.

 

Shirin orzudan orziqib ketamiz. Ilohim, farzandlarimiz biz – ota-onalarning ishonchini oqlasin.

 

Malika MIRTOIROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: