Uyqu nima?

“Men bugun yaxshi uxladim”, “Men bugun uxlay olmadim”, “Mening uyqum kelyapti”, degan so‘zlarni bir-birimizdan eshitib turamiz. Miriqib uxlagan kishining rohat qilganini, uxlay olmaganning esa qanchalik iztirob chekkanini, uyqusi kelayotgan odamning ahvolini tushunamiz. Biroq uyquning o‘zi nima ekanini hamma ham ta’riflab berolmaydi. Vaholanki, uyqu jarayoni haqidagi tushunchani, uyquning inson faoliyatidagi va salomatligi uchun qanchalik foydasi borligini bilish katta ahamiyatga ega.

Uyqu tabiat qonuniga bo‘ysunadi, fasl almashinuvi, kunning tun bilan almashinishi, tabiatdagi shunga o‘xshash bir necha almashinuvlar uyquga ta’sir etadi. Uyg‘oqlik payti uyqu bilan almashinadi. Organizmdagi qaytalanib turadigan jarayonlarga nerv sistemasi hukmronlik qiladi. Kunduzi kishi ishlayotganida ichki organlardan tortib, bosh miyagacha o‘z faoliyatini zo‘r berib ko‘rsatadi, ya’ni tanadagi butun a’zolar ishga tortiladi. Bunda vegetativ nerv sistemasining simpatik bo‘limi hukmronlik qiladi. Uyqu vaqtida esa bosh miyadan tortib, ichki organlargacha o‘z faoliyatini pasaytirib, ancha dam oladi.

Ma’lumki, bosh miya to‘qimalari qo‘zg‘alish va tormozlanish xususiyatiga ega. Odam uyg‘oqlik paytida miya hujayralari ko‘p qo‘zg‘aladi. Har bir hujayra, har qanday to‘qima ish faoliyati vaqtida o‘zidan juda katta kuch-quvvat yo‘qotadi, binobarin ularning faoliyati uzoq davom etishi uchun sarflangan quvvat o‘rnini to‘ldirish lozim bo‘ladi. Miya hujayralari ham qo‘zg‘algan paytda ma’lum miqdorda energiya sarf qiladi va uni tiklash uchun ehtiyoj sezadi. Miya charchaganda uyqu keladi. Bu orom davrida haqiqatan ham kuni bilan xizmat qilgan hujayralar yana o‘z navbati bilan qo‘zg‘alish uchun kuch-quvvatni tiklaydi. Demak, tinch uxlab orom olish inson uchun yaratuvchilik mezonidir.

Odatda kechasi miriqib uxlab turgan odam ertalab o‘zini yengil his qiladi, yangi mehnat kuni uchun kuch – quvvati tiklanganligini sezadi.

Uyqu inson umrining uchdan bir qismini o‘z ichiga oladi. Bolalar yoshiga qarab sutkasiga 8 – 14 soatdan ortiq, keksalar esa 7 – 8 soat atrofida uxlaydi. Oltmish yil yashagan kishi o‘z umrining yigirma yillini uyqu bilan o‘tkazadi. Odam nega bunchalik ko‘p uxlaydi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Uyquga ketgan yillarga ba’zan achinib ham qo‘yadi kishi. Lekin shunday bo‘lsa ham odamlar ko‘pincha ko‘p uxlashdan emas, balki uxlay olmaslikdan shikoyat qiladilar.

Yana o‘qing:  Bolalarning sog‘lig‘ini asrang

Olimlarning o‘tkazgan tadqiqotlaridan ma’lum bo‘ladiki, o‘n yoshdan oshgan odamlarning faqat 55 foizi to‘yib uxlamayman, deb javob bergan. Qolgan 45 foiziga yaqin kishi esa har ikkala sababdan shikoyat qilgan.

Uyqu paytida kishining, avvalo, bosh miya mag‘izi (tugunchalari) tashqi xabarlardan xoli bo‘lib, miya faoliyatining o‘ziga zarur bo‘lgan ma’lumotlarnigina qabul qilib oladi. Zarur bo‘lmaganlarini inkor etishga majbur bo‘ladi. Bu bilan foydali ma’lumotlar xotirada uzoq vaqt olib qolinadi.

Yosh bolalar sog‘lig‘ini saqlash, organizmni mustahkamlashda kunduzgi uyqu (1,5 – 2 soatlik) yaxshi natija beradi.

Yaxshi uxlay olmaydigan kishilar quyidagi vositalardan foydalanishlari mumkin. Bir osh qoshiq asalni bir piyola iliq suvda eritib yoki ikki qoshiq shakarni bir piyola issiq suvda eritib, uyqudan 1-1,5 soat oldin ichish uyquni yaxshilaydi. Uyqu oldidan oyoqni issiq suvga botirib o‘tirish yoki oyoqqa grelka qo‘yish ham yaxshi natija beradi. Siz kunduzi biror narsadan asabingiz buzildi-yu, tinchligingizni yo‘qotib qo‘ydingiz, deylik. Buning oqibatida uyqu kelmasligi tabiiydir. Bunday vaqtda o‘z yaqin kishingizga nimadan xafa bo‘lganingizni aytib, ichingizni bo‘shatsangiz, dilingiz yozilib, keyin osonroq uxlaysiz.

Uyqudan oldin o‘z-o‘zini tinchilantirish yo‘llari ham yaxshi foyda qiladi. Uyqu oldidan ochiq havoda sayr qilish, yoqimli kuy tinglash yoki biron bir badiiy adabiyotni mutoalaa qilish ham nihoyatda foydalidir.

Xullas, uyqu kelmasa darrov uyqu dorisi ichmaslik, tushkunlikka, vahimaga tushmaslik kerak. Bunday tushkunliklar aksincha, uyquni yanada qochiradi. Uyqu kelmasa, yaxshisi o‘rindan turib, o‘zingizga yoqadigan biror qiziqroq ish bilan shug‘ullaning, shunda charchab uyquga ketasiz.

Lobar ZAKIROVA,

Salomatlik va tibbiy statistika instituti “Sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti va o‘qitish” bo‘limi mudiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: