Uqalash muolajalari mijozni mo‘tadil qiladi

Uqalash (massaj) muolajasi qadim zamonlardan gigiyenik, davolash va har xil kasalliklarning oldini olishda, ish qobiliyatini hamda organizmning turli xil tashqi ta’sirlariga nisbatan chidamlilik darajasini oshirish maqsadida qo‘llanib kelingan va bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.

Uqalash muolajalari davolash usuli sifatida birinchi bor Xitoyda paydo bo‘lgan. Keyinchalik bu usul Koreya, Vyetnam, Yaponiya, G‘arbiy Yevropa, so‘ngra Hindiston, Eron, Iroq, Misr, Yunoniston, Italiya va boshqa davlatlarga kirib borgan. Gippokrat o‘z zamonasida uqalashga ta’rif berib, “Shifokor ko‘p narsalarni, jumladan, uqalashni ham bilishi kerak va tajribali bo‘lishi lozim. Chunki, uqalash bo‘shashgan bo‘g‘im va boylamlarni mustaxkamlaydi, qattiq bo‘g‘im va boylamlarni bo‘shashtiradi” deydi. Mashhur yunon olimi Asklepiad uqalash moyli va quruq, kuchli va kuchsiz, qisqa va uzoq davomli turlarga bo‘linishini aytadi. Ko‘pchilik man’balarda uqalashning usullarini ishlab chiqqan olim Galen ekanligi qayd etiladi. Qadimgi rimliklar odamlarda sihat – salomatlikni, jismoniy kamolotni, qaddi – qomatni shakllantirishda uqalashdan keng foydalanganlar.

Buyuk vatandoshimiz Abu Ali ibn Sino har xil turdagi dori – darmonlarni ko‘p iste’mol qilishning zararli ekanini ta’kidlab, uqalashning ahamiyati va uning turlari to‘g‘risida yozib qoldirgan.

Ibn Sinoning ta’kidlashicha uqalash 4 xil bo‘ladi. Gavdani baquvvat qiluvchi – kuchli, gavdani yumshatuvchi – kuchsiz, ozdiruvchi – davomli va gavdani yashnatuvchi – mo‘tadil turlarga bo‘linishini aytadi. Allomaning aytishicha uqalashdan asosiy maqsad, bo‘shashgan g‘ovak a’zolarni zichlash, yumshoqlarini qotirish, zichlarini g‘ovak qilish, qattiqlarini yumshatishdan iboratligini va ayniqsa, bolalarda qattiq va dag‘al uqalashni tavsiya etmaydi. Go‘daklar va keksalarning sog‘lig‘ini saqlashda uqalashni qo‘llash haqidagi qimmatli fikrlariga bugun ham butun dunyo shifokorlari amal qiladilar.

Uqalash to‘qimalarga bevosita ta’sir ko‘rsatib terida ayrim kimyoviy moddalar, asosan gistamin va atsetixolinning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Gistamin organizmda ko‘plab jarayonlarda ishtirok etadi. Ayniqsa, oqsillarning parchalanish natijasida paydo bo‘ladigan aminokislotalar va polipeptidlar bilan barcha qon, limfa suyuqligi orqali ichki a’zolarni, qon tomir, asab retseptorlarini ta’sirlaydi.

Shuningdek, gistamin moddasi buyrak usti beziga ta’siri natijasida adrenalinning ajralishi oshib organizmning himoya va moslashish qobiliyatini oshiradi. Kapillyar (mayda tomirlar) qon tomirlar kengayi­shi hisobiga to‘qimalarning qon bilan ta’minlanishi yaxshilanadi. Yaxshi ozuqa oladi, modda almashinishi kuchayadi, natijada to‘qimalarning ish faoliyati oshadi.

Yana o‘qing:  Ko‘katlar tarkibidagi foydali oziq moddalar

Uqalashning organizmga ta’sir turiga qarab mahalliy va umumiy uqalash turlariga bo‘linadi. Mahalliy uqalashda faqat bitta a’zoga, mushak, bo‘g‘im yoki boylamlarga ta’sir qilinsa, umumiyda butun tana uqalanadi. Har qanday holatda ham uqalashda tana qismiga emas balki, markaziy asab tizimi orqali organizmdagi ko‘plab a’zolar va to‘qimalarga ta’sir qilinadi va ushbu a’zolarning ham funksional faoliyatida o‘zgarishlar paydo bo‘ladi.

Shunday qilib ming yillar davomida ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan tabiiy davolash va profilaktika usuli uqalash bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Uqalash organizmda umumiy moddalar almashinishini faollashtirib, ichki a’zolarimiz funksional va hayot faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Tanani tetiklashtiradi, uning kasalliklarga qarshilik qobiliyatini mustahkamlaydi. Immun tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va kayfiyatni ko‘taradi, uyquni yaxshilaydi. Ta’kidlash joizki, uqalash natijasida hujayralar faollashib ularning harorati 1 darajaga oshsa modda almashinishi 13 foizga, kislorod bilan to‘yinishi 20 foizga ko‘payadi. Uqalash muolajasi organizmning muhofaza va boshqaruv vazifalarini tartibga soluvchi va kuchaytiruvchi muhim profilaktik vosita hisoblanadi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: