Umurtqa pog‘onasi – tana asosi

Osteoxondroz ko‘pchilik o‘ylaganidek oddiy tuz yig‘ilishi natijasidagina paydo bo‘lgan xastalik emas, balki bu organizmda kechadigan chuqur patologik jarayon tufayli kelib chiqadigan juda ham murakkab, surunkali kasallik hisoblanadi.

Olimlarning kuzatishlaricha, vertebrogen (osteoxondroz va uning asoratlari) kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar gripp va uyda shikastlanishlar ko‘rsatkichidan keyingi nogironlik keltirib chiqarish bo‘yicha esa yurak-qon tomirlari kasalliklari bilan bir o‘rinda turadi. Ko‘rinib turibdiki, osteoxondroz kasalligi aholi orasida juda keng tarqalgan bo‘lib, ijtimoiy muammoga aylanmoqda.

Umurtqa pog‘onasi odam organizmida harakat-tayanch a’zolarining asosi hisoblanadi. Umurtqalar orasida disk bo‘lib, bu disk umurtqalarni bir biriga biriktirib turadi, shu bilan birga amortizatsiya vazifasini bajaradi va umurtqaning harakatlanishini ta’minlaydi. Umurtqalar orasidagi ushbu diskning yemirilishi osteoxondroz deyiladi. Buning natijasida umurtqalar orasidagi bo‘g‘im yemiriladi – bu spondeloartroz deyiladi. Umurtqa diskining yorilishi natijasida uning ichidagi yadrosi siqilib, tashqariga chiqadi va disk churrasi paydo bo‘ladi.

Mazkur patologik jarayonlar umurtqaning qiyshayishiga olib keladi. Bu esa skolioz deyiladi. Natijada umurtqa orasidagi masofa qisqaradi va orqa miyadan periferik nervlar chiqadigan umurtqalararo teshik qisiladi. Buning oqibatida periferik nerv tolalari eziladi va bosh miyadan orqa miyagacha kelgan impuls ezilgan periferik nerv tolalaridan ular boshqaradigan a’zolargacha to‘liq yetib bormaydi. Bu esa o‘z navbatida shu a’zolardagi paylar, mushaklar, qon tomirlari va boshqa to‘qimalar faoliyatining buzilishiga olib keladi.

Natijada mushak va paylar tortilib, qattiq og‘riqlar paydo bo‘ladi. Kislorod va ozuqalar yetishmasligidan qo‘l-oyoqlar muzlaydi, uyushadi, holsizlanadi. Harakatlanganda va yurganda qattiq og‘riq paydo bo‘ladi. Ba’zi hollarda nogironlik darajasigacha olib kelishi mumkin. Mana shularni hisobga olib bunday kasalliklarga chalingan bemorlarga “oddiy tuz yig‘ilgan” yoki “nervlar shamollagan” deb qaramasdan, ularni har tomonlama, chuqur, individual tibbiy tekshiruvidan o‘tkazish, to‘g‘ri va to‘la tashxis qo‘yish lozim.

Shuni ta’kidlash lozimki, bunday bemorlarni davolash jarayoni har bir bemorga individual – uning kasalligining og‘ir-engilligiga, o‘tkir yoki surunkaliligiga, qanday asoratlar qay darajada kechayotganligiga va bemorning umumiy ahvoliga qarab o‘tkazilishi lozim. Bemorni to‘la va samarali davolash garovi, birinchidan, bemorga qo‘yilgan tashxisning to‘g‘riligi va to‘liqligiga, ikkinchidan, shu organizmda kechayotgan patologik jarayonlarning qandayligiga qarab kasallikni keltirib chiqarayotgan sababiga yo‘nalgan muolajalar o‘tkazilishiga bog‘liq.

Yana o‘qing:  Beshik sonning tug‘ma chiqishi kasalligini rivojlantiradimi?

Bunday xastalik bilan og‘rigan bemorlarni vertebronevrologiya bo‘yicha malakasini oshirgan yuqori malakali vrach-nevrologlar, vrach ortoped-vertebrolog tekshiradi. Kompyuter yoki magnitli-rezonansli tomografiyada tekshiruvdan o‘tkazib, kasallikning bosqichini, shuningdek, qanday asoratlar keltirib chiqarganligi aniqlanib, ularga muolaja o‘tkazish rejasini tuzib chiqishlari kerak.

Shu o‘rinda aytish lozimki, osteoxondroz va disk churrasi bilan og‘rigan bemorlar bir-birlaridan keskin farq qiladilar. Shuning uchun disk churrasi deb qo‘yilgan tashxis bu hali to‘la va oxirgi tashxis emas. Chunki, ba’zi bemorlarda disk churralari katta bo‘lishiga qaramasdan periferik nerv tolasini ezmaydi.

Ba’zi bir bemorlarda disk churralari uch-to‘rt millimetr bo‘lsa ham ular nerv tolalarining ildizini ezadi, natijada qaysi nervlarni ezishiga va qaysi umurtqaning orasida paydo bo‘lishiga qarab qo‘l yoki oyoqlarda qattiq og‘riq, tortishish, uyushish, sovqotish, harakatlanganda og‘riqlarning kuchayishi kabi kasalliklar belgilarini keltirib chiqaradi.

Ba’zi bemorlarda esa disk churralari orqa miyani ezib, uning faoliyatini butunlay buzib qo‘yish xavfini tug‘diradi. Bundan tashqari, ba’zi hollarda umurtqalarning siljishi, umurtqalar yonidagi paylarning, mushaklarning yallig‘lanishi, shuningdek, umurtqalar orasidagi disklarda kistalar, o‘simtalar paydo bo‘lishi va boshqa asoratlar bo‘lishi mumkin. Shuning uchun kompyuter tomografiyasida disk churrasi mavjudligini ko‘rib, bemorni har tomonlama tekshirmasdan, uning umumiy holatini hisobga olmasdan “faqat jarrohlik usuli bilan davolash mumkin, boshqa muolajalar yordam bermaydi” degan fikrlar noto‘g‘ri. Chunki, bemorda disk churrasi bo‘lishi mumkin, lekin uni qiynayotgan og‘riqlar va kasallikning boshqa belgilari disk churrasidan emas, boshqa sabablar tufayli ham bo‘lishi mumkin. Buni mutaxassis individual har bir bemorni osteoxondroz hamda uning asoratlari qanday holatda ekanligini aniqlab, shundan keyingina bemorni qanday usul bilan davolash kerakligini belgilashi lozim.

Respublikamizda osteoxondrozni va disk churasini davolashda Respublika travmotologiya va ortopediya ilmiy tekshirish markazida vertebrolgiya, ya’ni umurtqalar kasalligi bo‘limi, Respublika neyroxirurgiya markazida samarali o‘tkazilmoqda. Zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yordamida konservativ, operatsiyasiz davolanish yo‘llari ham keng ishlatilmoqda va o‘z samarasini bermoqda.

O.ZOKIROV,

travmatolog – ortoped

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: