Silning davosi bor

Bugungi kunda sil xastaligi dunyo miqyosida ijtimoiy xavfli kasalliklar safida turadi. Mamlakatimizda bu dardga chalingan bemorlarga bepul tashxis qo‘yilib, beg‘araz statsionar xizmatlari ko‘rsatiladi.

Sil qo‘zg‘atuvchisi 1882 yilda Robert Kox tomonidan aniqlangan. Uning mikobakteriyasi hayot faoliyati davomida turli fermentlar faolligi bilan uzviy bog‘liq bo‘ladi. Dorilar mikobakteriyalarga ularning fermentativ faolligini susaytirish orqali ta’sir etadi. Infeksiya ta’siri organizmga qanday yo‘l bilan tushishi, uning miqdori, virulentligi hamda organizmning sezgirligi, individual qarshilik ko‘rsata olish xususiyatlari bilan belgilanadi. Yuqori virulentli mikobakteriyalar sezgir organizmda ko‘payadi va kasallik o‘choqlarining paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Sil – yuqumli kasalliklardan bo‘lib, uni mikobakteriyalar yuzaga keltiradi. Kasallik tananing barcha a’zolarini, ayniqsa, o‘pkani shikastlaydi. Bemordan sog‘lom odamga havo-tomchi yo‘llari orqali yuqadi. Xasta odam gaplashganda, yo‘talganda, aksirganda, idish-tovoqlari sog‘lom odam bilan birga bo‘lganda bu infeksiya yuqori darajada xavfli bo‘ladi.

Mikobakteriyalar havoda uzoq vaqt saqlanishi mumkin. Ayniqsa, kam shamollatiladigan xonalarda, quyosh nuri tushmaydigan nam joylarda mikobakteriyalar uzoq muddat yashaydi.

Xastalik asosan immuniteti past insonlarda kuzatiladi. Kasallanish belgilari ikki haftadan ortiq davom etadigan yo‘tal, ko‘p balg‘am ajratish, biroz isitmaning ko‘tarilishi bilan kuzatiladi. Shuningdek, tunda ko‘p va sovuq terlash, holsizlanish, ishtahaning susayishi, vazn yo‘qotish, ko‘krak qafasida og‘riq, qon tuflash kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi.

 Ta’kidlash joizki, kashandalik, ichkilikbozlik, giyohvandlik odam immunitetining pasayishiga olib keladi va sil bilan kasallanish ehtimolini yanada oshiradi.

Sil kasalligi bedavo emas. Bemorlar kasallik belgilari namoyon bo‘lgan vaqtdanoq kechiktirmay tezda mutaxassis shifokorlarga murojaat etishlari va to‘liq davolanish kursini o‘tishlari uni davolashning asosiy shartlaridan biridir.

Bugungi kunda O‘zbekistonda ushbu xastalikka qarshi samarali chora-tadbirlar olib borilmoqda. Jumladan, mamlakatimizda 2015 yil YUSAIDning kasallikka qarshi kurashish bo‘yicha dasturi ish boshladi. Hozirgi kunda ushbu dasturning asosiy vazifasi xastalikka laboratoriya sharoitida tezkor va sifatli tashxis qo‘yishni ta’minlash, silga qarshi kurashish xizmatlarini xalqaro standartlarga mos ravishda olib borish, shu bo‘yicha sog‘liqni saqlash tizimining kadrlar va tashkiliy salohiyatini kuchaytirish, xastalikka qarshi kurash dasturini sohaning boshqa sektor va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan muvofiqlashtirish hamda o‘zaro aloqalarni kuchaytirishdan iborat.

Yana o‘qing:  Konservatoriya faoliyati e’tirof etildi

Dastur orqali joylarda birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatlari, jamoat tashkilotlari va aholi o‘rtasida aloqa o‘rnatish orqali silga tashxis qo‘yish va davolash imkonini yanada yaxshilanishiga erishiladi.

Ushbu dastur yurtimizning uzoq tuman va viloyatlari, shuningdek, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm va Navoiy viloyatlarida keng targ‘ibot ishlarini olib borishga qaratilgan. Buning natijasi o‘laroq, aholi o‘rtasida olib borilayotgan keng ko‘lamli targ‘ibot-profilaktika ishlari natijasida yurtimizda kasallanish miqdori bugungi kunda sezilarli darajada kamaygani qayd etilmoqda.

 

Xolmurod SATTOROV,

Qashqadaryo viloyati sil kasalliklari dispanseri birinchi toifali ftiziatri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: