OZODALIK SOG‘LIQNI ASRAYDI

yoki toza qo‘llar – pokizalik manbai

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi va YUNISEF hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamkorlikda 2008 yil 15 oktyabr kunini “Xalqaro toza qo‘llar kuni” – “Global Handwashing Day” deb e’lon qildi. Chunki, notoza qo‘llar va tirnoqlar turli kasalliklar ichketar (diareya), gepatit (sariq), gijjalar, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar), ko‘z kasalliklari, pnevmoniya (zotiljam)ning yuqishiga zamin yaratadi. Ayniqsa, go‘daklar va yosh bolalar immuniteti yaxshi shakllanmaganligi hamda kattalar yoki shifokorlar (doya, hamshira)ning tozalikka e’tibor bermaganligi uchun eng ko‘p kasallikka chalinishi mumkin ekan.

An’anaviy tarzda mana bir necha yillardan buyon o‘tkazib kelinayotgan bu kunning o‘zgarmas shiori “Toza qo‘llar hayotni asraydi” deya nomlanadi. Ha, haqiqatdan ham bu shior har bir insonning bolalikdan shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilishga chorlaydi. Ayniqsa, ovqatlanishdan oldin va jamoat transportida yurganingizda (avtobus, mikroavtobus va boshqa avtoulovlar)dan foydalanganingizdan so‘ng, eshik tutqichlarini ushlagach, pul sanaganingizdan keyin ham albatta qo‘llaringizni sovunlab yuving.

Go‘daklar va bolalar kattalarning gigiyena qoidalariga amal qilmasliklari va yomon sanitariya holatidan ko‘proq jabr chekishadi. Har yili yer yuzida 1,1 million bola diareya (ichketar), 1,2 million go‘dak esa pnevmoniya (zotiljam) asoratlari tufayli vafot etar ekan. Qo‘llarni sovunlab yuvish va sun’iy sutli aralashmalar bilan boqilayotgan go‘daklarning so‘rg‘ich va sutli idishlarini vaqti-vaqti bilan antibakterial sovunlar bilan yuvish va go‘daklar uchun ishlatiladigan ushbu buyumlarning ustini toza doka mato bilan yopib qo‘yish ularni turli yuqumli infeksiyalardan asrash uchun o‘tkaziladigan emlashlardan kam ta’sir etmaydi. 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda diareya (ichketar)ning oldini olishda qo‘lni sovunlab yuvish 50 foiz, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar) 25 foiz kamayadi deb xabar beradi baltinfo.ru sayti.

Oila-inson tarbiya oladigan ilk maktab. Ota-ona va oiladagi kattalar ibrati go‘dak qalbida bir umrga muhrlanib qoladigan shirin xotiradir.

Bolaligimda rahmatli Ochilxon momom doimo qo‘llarimiz yuvilgani va tirnoqlarimizning kalta olinganini qat’iy nazorat qilar edi. Chunki, serfarzand oilada ulg‘ayayotgan o‘g‘il ukalarim va singillarim hamda men momomning hamisha “Qo‘llaring yuvilganmi?”, degan savolidan darrov sergak tortardik. Chunki, har gal ovqatlanishdan oldin bu savol takrorlanardi. Kun davomida bu so‘zni bir necha bor eshitgan bo‘lsada, qo‘lini chala yuvgan yoki yuvishni esdan chiqargan bolaga jazo usuli qo‘llanardi. Unga ko‘ra “quloqsiz bola” aka-opalari tomonidan qo‘li majburlab bir necha marotaba yuvilar edi.

Yana o‘qing:  Bolalarning sog‘lig‘ini asrang

Hatto, bozorga borganida tirnoqlari o‘sgan va o‘ziga qaramagan sotuvchining mahsuloti sifatli bo‘lsada momom undan xarid qilish o‘rniga albatta sekingina unga tanbeh berardi. Momomning hamisha tirnoqlari kalta olingan va o‘zi ham ozoda kiyinib yurardi.

Agar birorta dugonam tozalikka anchayin beparvo bo‘lsa momom “undan uzoqroq yur”der edi. Ayniqsa, hech kim bilan kiyim (bosh kiyim) almashtirma deya uqtirardi. Uyda har kimning o‘z tarog‘i bo‘lardi. Momom albatta tarog‘ini va menikini ham alohida-alohida oq chit ro‘molga o‘rab qo‘yardi. Taralgan va tushgan sochlarni alohida yig‘ib mevali daraxt tagiga ko‘mar edik. Tirnoqlar ham shunday odam bosmaydigan daraxt tagiga ko‘milardi. Ularni hech qachon axlatga qo‘shib tashlamaganmiz yoki xazon kabi yoqmaganmiz. Chunki, odamning jismidan ajralib chiqqan har qanday unga tegishli narsa nopok joyga tushsa insonga ziyon yetadi, der edi momom.

Yillar o‘tib ulg‘ayib, o‘zim mustaqil bozor-o‘char qilganimda beixtiyor somsa sotayotgan yigitchaning o‘sib ketgan tirnoqlariga qarab, undan yegulik xarid qilayotgan odamlarga achindim. Uning yoniga borib sekingina “tirnoqlaringizni olsangiz bo‘lmaydimi” dedim. U menga istehzoli nazar tashlab, “kennoyi sizga nima, hech kim indamayaptiku yo siz SES (DSNM)danmisiz”deb javob qaytardi. Ammo men ham bo‘sh kelmadim.”O‘zingiz tuppa-tuzuk yigit ekansizu, ammo kir tirnoqlar sizga yarashmabdi. Buning ustiga iflos qo‘llar va kir tirnoqlar sababli kasal bo‘lishingiz mumkin” dedim. Sotuvchining ensasi qotgancha yana baqirib xaridor chaqira boshladi.

Bir paytlar o‘sha bozorda somsa sotayotgan o‘smir yigitchani eslasam unga rahmim keladi. Nahotki, uyda ota-onasi va maktabda ustozlari unga bir og‘iz tozalik xususida aytmagan bo‘lsa? Yoki u bilan bir dasturxon atrofida ovqatlanadigan do‘stu birodarining uning iflos qo‘llarini ko‘rganda ta’bi tirriq bo‘lmasa?

Momoning bolalikdan qulog‘imga singib qolgan qozon-tovoq, supra va tandir-o‘choq hamda albatta dasturxon atrofida bosh yalang o‘tirmaslik haqidagi pandu nasihatlarini bot-bot eslayman.

“Tandir-o‘choq yoki qozon boshida bosh yalang yurish bexosiyat bo‘ladi. Ovqat yoki xamirga soch tushishi mumkin. Ehtiyot bo‘l, Dilor, men keksa odam bo‘lsam bolalarning tagligini yuvasan, uy tozalaysan, tirnoqlaringni albatta olib yur. Luqmam nopok bo‘lmasin” deya onamga ham nasihat qilar edi. Hatto, uyda ham aslo momom bizga oyoq kiyim almashtirib kiyishga ruxsat bermasdi. O‘zining kalishi ham eshik orqasida turardi. Birortamiz “yurak yutib” momomning kalishini kiyganimizni eslay olmayman. “Chunki, har kimning mijozi har turli bo‘ladi. Birovning oyog‘i, birovning esa qo‘li terlaydi. Terlash esa odamdan odamga yuqadi, “der edi momom.

Yana o‘qing:  Psixologik portret deganda nimani tushunamiz?

8-sinfda o‘qib yurgan chog‘larimda ilk bora soch yuvish uchun shampun ishlatganman. Ungacha momom guruch yuvilgan suv, yog‘siz qatiq, tuxum, xina surtib yuvilgan sochlarimni iroqi (atir) sovun bilan ham yuvdirar edi.

Bolaligimda momom qo‘l va oyoqlarimga xinani chopib, achchiqtosh aralashtirib bog‘lab qo‘yardi. Bu ham oyoq va qo‘llarning terlashini oldini olar ekan. Shuningdek, xina qo‘l va oyoq tirnoqlarini sog‘lom o‘stiradi. Keyinchalik o‘qib bildimki, achchiqtosh esa zamburug‘li kasalliklarning oldini olar ekan.

Yuqorida tilga olingan “Xalqaro toza qo‘llar kuni” munosabati bilan momojonimni eslab “Qari bilganni, pari bilmas”ligiga yana amin bo‘ldim.

Gulchehra ShIRINOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: