O‘tkir yuqumli ichak kasalliklariga chalinmaslik uchun nima qilish kerak?

Yoz faslining issiq kunlarida aholi orasida o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari ko‘p uchraydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har yili 275 milliondan ortiq kishi o‘tkir yuqumli ichak kasalliklariga chalinadi va ularning 70 foizga yaqinini 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etadi. Xo‘sh, bunday kasalliklar qay tarzda rivojlanadi? Yuqish yo‘llari va keltirib chiqaruvchi omillar qanday? Ushbu savollarga viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi vrach-epidemiologi Beg‘am JONTEMIROV quyidagicha javob berdi:

— Yoz fasli o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarini qo‘zg‘atuvchi mikroblar hamda ularni tashuvchi zararli hasharotlarning ko‘payib rivojlanishi uchun qulay vaqt hisoblanadi. Chunki bu paytda meva-sabzavot va poliz ekinlari ayni pishiqchilik davriga kiradi. Ayrimlar ushbu maqsulotlarni yuvmasdan tanovul qilishga shoshiladi. Lekin, ularning sanitariya-gigiyenik holati, shuningdek, tekshiruv laboratoriyalaridan o‘tkazilgan tahlillari bilan qiziqmaydilar. Bu holat o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarini keltirib chiqarishi hech gap emas.

TURLARI

 O‘tkir yuqumli ichak kasalliklariga qorin tifi, salmonellyoz, ichburug‘, virusli gepatitning “A” turi, rota virusli gastroenterit va boshqa bir qator kasalliklar kiradi. Qorin tifi mikroblari oqar suvda, sabzavot va mevalarda 5 kundan — 10 kungacha, ko‘lmak suvda 1 oygacha, non va non mahsulotlari yuzasida 50 kungacha saqlanadi. Vabo qo‘zg‘atuvchilari esa oqar suvda 18 kundan 5 oygacha yashaydi. Vabo qo‘zg‘atuvchisi suvda, salmonellyoz qo‘zg‘atuvchilari esa oziq-ovqat mahsulotlarida qulay sharoitda hattoki ko‘payishi ham mumkin.

KLINIK BELGILARI

— Mazkur kasallikka xos bo‘lgan umumiy klinik belgilar – tana suvsizlanib, darmon qurishi, harorat ko‘tarilishi, bosh og‘rishi, qorin sohasida og‘riq, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ichning tez-tez  va suyuq ketishi, ba’zida najasda qon aniqlanishi holatlarida namoyon bo‘ladi.

Ba’zi hollarda katta yoshdagi odamlarda kasallik belgilarsiz kechadi, lekin mikroblar ularning  najasi, siydigi va so‘lagi bilan tashqi muhitga chiqadi. Bunday kishilar tibbiyotda “sog‘lom bakteriya tashuvchilar” deb yuritiladi. Ba’zida esa kasallik alomatlari yengil namoyon bo‘lib, bemorlar kasallikni oyoqda yurib o‘tkazishadi. Kichik yoshdagi bolalar, ayniqsa, go‘daklar organizmining kurashuvchanlik xususiyati hali to‘liq shakllanmaganligi sababli ichak kasalliklariga beriluvchan bo‘ladi.

MANBAI

— Kasallik manbai bemor odam hisoblanib, virus asosan fekal-oral (najas-og‘iz) yo‘li orqali yuqadi. Zararlangan oziq-ovqat mahsulotlari, ifloslangan suv ham yuqish omili bo‘lib xizmat qiladi. Bundan tashqari, maishiy muloqot yo‘li bilan — uyda, oshxonada, yotoqxonada va bemor foydalangan uy-ro‘zg‘or buyumlari, idish-tovoq, ko‘rpa-to‘shaklardan umumiy foydalanish oqibatida ham yuqishi ehtimoldan xoli emas.

Yana o‘qing:  WI-FI VA SMARTFONLAR

O‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining tarqalishida hasharotlar, ayniqsa, suvarak va pashshalarning o‘rni juda katta. Ular asosan hojatxona, chiqindixona, molxona, kir o‘ralarda tuxum qo‘yib yetiladi va ko‘payadi. Birgina axlat solinadigan idishda minglab pashsha lichinkalari rivojlanishi mumkin. Bitta pashsha esa millionlab mikrob, gijja tuxumlarini olib yuradi hamda ochiq qolgan oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘nib ularni zararlaydi.

 Shuningdek, kasallik qo‘zg‘atuvchilarining odam organizmiga tushib, toki kasallikning ilk alomatlari paydo bo‘lguniga qadar ma’lum muddat o‘tadi. Bu davr belgilarsiz kechadi va yashirin davr deyiladi. Bu holat bir necha soatdan 21 kungacha davom etadi. Kasallik yashirin davri turiga qarab, qisqarishi yoki cho‘zilishi mumkin, u kasallik qo‘zg‘atuvchisining ayrim xususiyatlari va odam immunitetiga bog‘liq.

OLDINI OLISH ChORALARI

— Avvalambor, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish, hojatdan so‘ng va ovqatlanishdan oldin qo‘llarni sovunlab yuvish odat tusiga kirishi lozim. Meva-sabzavotlarni yaxshilab yuvib iste’mol qilish zarur. Umumiy ovqatlanish va shaxsiy uy amaliyotida ovqat      tayyorlashda sanitariya-gigiyena qoidalariga, xom go‘sht va pishirilgan mahsulotlarga alohida ishlov berish,  tayyor mahsulotlarni saqlash sharoitlari va muddatlariga qat’iy rioya qilish, pashshalarning ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik, belgilanmagan suv havzalarida cho‘milmaslik zarur.

Sog‘lom turmush tarzi qoidalariga rioya qilgan kishi nafaqat o‘tkir yuqumli ichak, balki boshqa kasalliklarga ham chalinmaydi. Kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olish ming bor afzal ekanligini unutmang!

Shohista BOZOROVA yozib oldi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: