Gigiyenaga amal qilish gijjalardan asraydi: “pakana” gijja

Qadim zamonlardan insoniyat odam va hayvonlar organizmida parazit holda yashaydigan o‘ziga xos chuvalchanglar – gijjalar borligini bilganlar. Tabiblar insonlar organizmida gijjalarning paydo bo‘lish sabablarini aniqlashga doimo harakat qilganlar va bemorlarni davolash yo‘lini qidirganlar.

Odam organizmida parazitlik qiluvchi 200 turga yaqin gelmintlar mavjud. Har bir gelmint turi o‘ziga xos yashash joyiga ega bo‘lib, bunga u evolyusion taraqqiyot jarayonida muvofiqlashgan. Shu yerda o‘zi uchun eng qulay sharoit topadi. Shunday gelmint turlaridan biri pakana gijja gimenolepidoz kasalligining qo‘zg‘atuvchisi hisoblanadi.

Uning uzunligi 2-5 sm, to‘rtta so‘rg‘ichli va mayda ilmoqlarga ega bo‘lgan boshchali chuvalchangdir. Pakana gijja tanasi juda ko‘p mayda bo‘g‘imchalardan iborat. Uning dum qismiga joylashgan yetilgan bo‘g‘imchalar tuxum bilan to‘la bo‘ladi.

Pakana gijja odamning ingichka ichagida yashaydi. Qator hollarda esa kemiruvchilar ichagida ham parazitlik qiladi. Bu gijjalar asosan bolalarda bo‘ladi, katta yoshdagi odamlarda kam uchraydi. Bolalar ichagida yuz, ming va hatto o‘n minglarcha pakana gijjalarni topish mumkin.

Bu gijjalarning tarqatuvchi manbai asosan bemor bolalardir. Pakana gijjaning yetilgan bo‘g‘imchalari ichakda ajraladi va uning tuxumlari axlat bilan tashqariga chiqadi. Parazit tuxumlari tashqi muhitda qurishdan tez nobud bo‘ladi, shuning uchun uning faqat yangi ajralgan tuxumini yutilgandagina odamga yuqadi. Bu bemor bola sog‘lom bola bilan bevosita birga o‘ynasa (umumiy o‘yinchoqlar), hojatxonaga kirilganda gigiyenik qoidalarga rioya qilmaslik sababli ro‘y beradi. Uning tuxumi bemor tunda foydalanadigan tuvak, eshik dastasi, idish-tovoq, uy anjomlari va boshqa jihozlar orqali yuqadi.

Odam ichagida (shuningdek, sichqon va kalamush ichagida) onkosferalar pardalaridan ozod bo‘ladi va ichak vorsinkalariga tushib, lichinkalarga aylanadi. Lichinka o‘zi turgan joyda hujayralarni yemiradi, ichak shilliq qavatini so‘ra boshlaydi va taxminan ikki haftadan so‘ng jinsiy voyaga yetgan parazitga aylanadi. Tuxumlar ichak bo‘shlig‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri munchoqdek tizilgan qator tizma bo‘g‘imlardan tushishi ham mumkin. Shuning uchun qator hollarda tuxumlar tashqi muhitga tushmagan holda ichak ichida bemorning “o‘z o‘ziga yuqtirishi” yoki aniqrog‘i “takroran o‘z o‘ziga yuqtirishi” hodisasi ham sodir bo‘ladi.

Pakana gijja qo‘zg‘atadigan kasallik gimenolepidoz deb atalib, me’da-ichak va asab tizimi faoliyatiga salbiy ta’sir etadi. Ichak zararlanganda qorinda har xil og‘riq, ich buzilib turishi, ko‘ngil aynishi, ishtahaning pasayishi kuzatiladi. Asab tizimi zararlanganda bosh og‘rig‘i, asabiylashish kuzatiladi, diqqat qilish va xotira pasayadi. Allergiya vujudga kelib, bu terini qichishtiradigan toshmalar, kon’yunktivit (ko‘z yallig‘lanishi), burunda tumov kabi belgilar yuzaga keladi.

Yana o‘qing:  Patronaj hamshirasi xonadonda

Pakana gijja bilan zararlanishdan Qanday saQlanish kerak?

Dastavval umumiy sanitariya qoidalari va shaxsiy gigiyenaga rioya qilish: hojatxonalarni toza tutish, xlorli ohak bilan zararsizlantirish kerak. Tungi tuvakni har safar foydalanishdan so‘ng xlorli ohak va qaynoq suv bilan dezinfeksiya qilish kerak. Hojatxonaga kirib chiqqach va ovqat yeyishdan oldin qo‘lni tozalab sovunlab yuvish shart. Tirnoqlarni qisqa qilib olib turish, barmoqlarni og‘iz bo‘shlig‘iga solmaslik kerak.

Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari va tarbiyachilari, quyi sinflardagi maktab o‘quvchilarini yiliga bir marotaba laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazish zarur. Aholi o‘rtasida gimenolepidoz bilan zararlanish yuqori bo‘lgan joylarda ko‘p bolali oilalardagi bolalarni har yili rejali tekshirish tavsiya etiladi.

Bemorlar aniqlanganda oilaning hamma a’zolari tekshiriladi. Davolash-profilaktika tadbirlari bolalar jamoalarida ham bemorlarning oilalarida ham bir vaqtning o‘zida o‘tkazilishi lozim.

Sanitariya rejimiga qo‘yiladigan talablarga gijjaga qarshi kurashish davrida ayniqsa, puxta rioya qilish kerak.

Erkinjon ShAKARBOYEV,

biologiya fanlari doktori,

Malika ShAKARBOYEVA,

Jizzax davlat pedagogika instituti II bosqich talabasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: