YURTNI QO‘RG‘ON BO‘LIB ASRAGAN O‘G‘LON

Farzand. Insonni ota-onalik baxtiga muyassar etuvchi bu ilohiy
mo‘jiza hamisha aziz va qadrlidir. Shu sabab farzandni “dilbandim” deb ataydilar, “jonimga payvand” deya ta’riflaydilar. Ezgu ishlarga qodir bo‘lishini niyat qiladilar. Kelajak orzularini unga bog‘laydilar. U dunyoga kelishdan boshlab ota-ona ardog‘iyu yuksak orzulariga yo‘ldosh bo‘lib ulg‘ayadi.

Shirin opa har gal o‘g‘li Bahromjonning harbiy libosdagi suratiga sog‘inch ila boqar ekan, beixtiyor bolalik chog‘lari ko‘z oldida namoyon bo‘ladi: Ana u gilam ustiga barcha o‘yinchoqlarini – askarchalar, harbiy mashina, samolyot va tanklarni yoyib o‘yin boshladi. Ularni ikki guruhga bo‘lib, jang qilishga tutindi. Mitti qo‘mondon bu sevimli o‘yinini shu qadar berilib o‘ynardiki, hatto tushlik bo‘lganini, qornining ochqaganini unutardi. Onasining qistovi bilangina ma’lum fursat dam olardi. Uning yoqtirgan o‘yinchoqlari harbiylikka xos bo‘lgani sabab, barcha yaqinlari unga har doim mana shunday sovg‘alar hadya etishardi.

Ha, u niyatiga yetdi. O‘zi maqsad qilganidek mahoratli harbiy xizmatchi, kasbiga sodiq ofitser bo‘ldi. Bugun uning nomini qahramon sifatida faxr ila tilga olishadi, qahramon sifatida sharaflashadi. Faqat, u bugun oramizda yo‘q.

Bahromjon Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtiga o‘qishga kirganida harbiy sarkardalar, xususan, Amir Temur hayotiga oid bir qator kitoblarni o‘qib tugatgandi. Aytmoqchimizki, uning bolalikdagi xarbiylikka oid o‘yinlarining davomi ulg‘aygani sari shu yo‘nalishdagi kitoblarga ulandi. “Alpomish”, “Kichik jang”, “Zamonaviy terrorizm”, Amir Temurning jang san’ati tasvirlangan bir qator kitoblar. Shirin opa o‘g‘li o‘qigan har bir asarni mehr ila tutib, kitob javoni bilan tanishtirar ekan, yigirmadan ziyod kitobning harbiy yo‘nalishida ekanligi e’tiborimizni tortdi. U jasorat ilmini dastlab shu kitoblar orqali shuuriga singdirgan bo‘lsa ajabmas. Chunki, yurt tinchligiga rahna solgan dushmanlarga ro‘baro‘ bo‘lib, ularning yengilishi muqarrar ekanligi, bu yo‘ldan qaytishlariga da’vat etganligining o‘zi uning qo‘rqmas, jasoratli ishlarga qodir ekanligidan dalolat.

Shirin opa va Ulug‘bek akalar bilan qahramonimizni xotirlar ekanmiz, onaizor bir so‘zni qayta-qayta takrorladi: “O‘g‘lim haqida ortiqcha maqtovli so‘zlar ishlatmanglar. U burchiga sodiq qoldi, shu yo‘lda jonini fido etdi”. Biz opaning maqsadini tushundik. Biroq, ularning iltimosini chetlab o‘tgan holda, yurt tinchligi, millat ertasi, Vatan mustaqilligining barqarorligi uchun fido bo‘lgan bunday mard yigitlar haqida har qancha maqtov so‘zlarini aytsak, she’rlaru maqolalarda jasoratini ta’rifu tavsif etsak shuncha kam. Kapitan Bahromjon Jo‘rayev tug‘ilib o‘sgan xonadonda bo‘lganimizda oliy harbiy ta’lim muassasasida birga o‘qigan do‘stlari tashrif buyurishgan ekan. Ular ham bizning fikrimizni tasdiqlagan holda, uning insoniy fazilati, tirishqoqligi, bilimdonligiga alohida urg‘u berib o‘tishdi.

Yana o‘qing:  “Baka-bum-bak”: doira sadosida bayram shukuhi

– Kursdoshlarimiz orasida u har tomonlama ajralib turardi, – deydi mayor Akbar Islomov Bahromjonni xotirlar ekan. – Alpqomat, kelishgan bo‘lgani uchun, harbiy libos hamisha unga yarashgan. Futbolni yaxshi ko‘rardi. Jismonan chiniqqanligi, nazariy bilimlarni chuqur egallagani sabab, dala-o‘quv mashg‘ulotlarida hamisha oldingi safda bo‘lgan. O‘qish jarayonida ko‘p marotaba faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan.

– U ishonchli do‘st edi, – suhbatga qo‘shildi mayor Hasan Isakov. – Dunyoqarashi keng, fikri teran bo‘lgani sabab, ko‘p kursdoshlarimiz undan maslahat olardi, undan o‘rganardi. Bahrom hamisha suyansa bo‘ladigan yelkadosh edi. U hamisha yuragimizda yashaydi.

– Bilim yurtini tugatganimizdan so‘ng, yurtimizning turli hududlarida xizmat boshladik. U Sharqiy harbiy okrugga xizmatga yuborildi, – suhbatni davom ettiradi podpolkovnik Yuriy Popov. – Bahrom o‘z vazifasiga sidqidildan yondashgani, talab darajasida uddalagani uchun xizmatda tez o‘rin topdi. Oradan ko‘p o‘tmay xorijda hamkorlikda o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotiga yuborildi. Bu ham bo‘lsa uning tirishqoqligi va zakovatidan dalolat. U juda ta’sirchan va talabchan edi. Qo‘l ostidagi harbiy xizmatchilardan ham o‘z ustida ishlashni, kitob o‘qib, nazariy bilimlarini oshirib borishni talab etardi. O‘z navbatida tinib-tinchimasligi, fidoyiligi bilan ajralib turardi. Mustaqilligimizni ko‘rolmaydigan bir guruh g‘alamislarga qarshi kurashda safdoshlarini asrab, o‘zini qurbon etgani ham uning fidoyiligi, ortga chekinmasligidan dalolat. Bunday mardlarning nomi tarixda albatta qoladi, jasorati aslo unutilmaydi.

Kapitan Bahromjon Jo‘rayev oliy harbiy ta’lim muassasasini tugatganidan so‘ng milliy armiyamiz safida ofitser sifatida xizmat qilarkan, ko‘plab yutuqlarga erishdi. Qurolli Kuchlar Akademiyasi qoshidagi chet tillarni o‘rganish kursida tahsil olib, Shveysariyada bo‘lib o‘tgan hamkorlikdagi mashg‘ulotlarda saboq olib qaytdi.

– O‘g‘lim oxirgi marta uyga kelganida kayfiyati chog‘ edi. Chunki, akademiyada tahsil olish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tib qaytayotgandi, – deya o‘tgan kunlarni xotirlaydi Shirin opa. – Xizmatda erishgan yutuqlaridan mamnunligi chehrasidan sezilib turardi. Ona sifatida uning baxtiyorligidan xursand bo‘ldim. Xizmat joyiga shoshilib turgan farzandimga oq yo‘l tiladim. Biroq, ketar chog‘i sumkasi qayta-qayta stulga ilinib qolaverdi. Endi o‘ylasam katta bo‘lgan uyi uni qo‘yib yuborgisi kelmagan, chog‘i. U yolg‘iz o‘g‘il bo‘lgani sabab bizga, singlisiga juda mehribon edi. Kasbi bilan faxrlanar, harbiy libosiga haddan ziyod e’tiborli edi. Do‘stlarining mehri, ishonchini qozongani sabab, ular bayramlarda, olamdan o‘tgan kunida albatta tashrif buyurishadi. Ular xonadonimizda bo‘lishganda uyimizga o‘zgacha fayz kiradi. Bag‘rim nurga to‘ladi, o‘g‘limni ko‘rgandek bo‘laman. O‘g‘lim haqida hamisha bir so‘zni takrorlayman: u bizga juda yaxshi o‘g‘il bo‘ldi.

Yana o‘qing:  MAROQLI HORDIQ bolajonlarga tortiq

Ziyoli oila boshlig‘i – Ulug‘bek aka ham qaramon o‘g‘li haqida yurakda qoladigan gaplar aytdi, xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. O‘g‘li bilan faxrlanishini qayta-qayta takrorladi. Kapitan Bahromjon Jo‘rayev vafotidan so‘ng “II darajali Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlandi. Aziz nomi tarixga muhrlandi. U haqda o‘ndan ziyod maqolalar, ocherklar yozildi, she’rlar bitildi.

Yillar o‘tadi. Yangi-yangi avlodlar dunyoga keladi. Mustaqillik ziyosidan bahra olib ulg‘aygan bu millat farzandlari Bahromjon kabi she’ryurak yigitlardan o‘rnak olib, qad rostlashadi. Uning aziz nomini, so‘nmas xotirasini hamisha yodida saqlashadi. U kabi jasoratlarga qodir inson bo‘lishga harakat qilishadi. Zero, Vatanni asrash yo‘lidagi jasorat, fido bo‘lgan umrlar mangulikka daxldordir. Shoira Guljamol Asqarova kapitan Bahromjon Jo‘rayevga o‘tli satrlar bitganidek:

Yurtni qo‘rg‘on bo‘lib asragan o‘g‘lon,

Vatanni orim deb saqlagan o‘g‘lon,

Sen o‘zing yov yengmas qo‘rg‘onsan, qo‘rg‘on,

Vatan qo‘rg‘oniga darz yetmagaydir.

Sen, ey, Alpomishdan kuch-quvvat olgan,

Shiroqdan qosh olgan, qoboqlar olgan,

Sohibqironimdan saboqlar olgan,

Sen kabi qo‘rg‘ondan o‘q o‘tmagaydir.

Sen yurtni yovlardan asrar qo‘rg‘onsan,

Xalqini oridek saqlar qo‘rg‘onsan,

Sen endi Vatanga aziz o‘g‘lonsan,

Vatan o‘g‘lonini unutmagaydir.

Zulfiya YUNUSOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: