Xalq ishonchini qozonish – asosiy burchimiz

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 5 yanvarda sog‘liqni saqlash sohasining bir guruh yetakchi mutaxassislari bilan uchrashuvda soha xodimlari oldiga qo‘ygan vazifalar joylarda o‘rganilmoqda.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida har bir insonning malakali tibbiy yordamdan foydalanish huquqini ta’minlash, zamonaviy tibbiy yordamni aholiga yaqinlashtirish borasida amalga oshirilgan tizimli chora-tadbirlar jamiyat taraqqiyotini yuksaltirishda muhim omil bo‘ldi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev bu yo‘nalishdagi ezgu ishlarni izchil davom ettirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish, xalqimizni dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash, aholining ehtiyojmand toifalariga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha qabul qilingan huquqiy hujjatlar bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘layotir.

Tibbiyot sohasiga davlat darajasida qaratilayotgan bunday e’tibor natijasida shifo muassasalarining moddiy-texnik salohiyati yuksalmoqda. Jumladan, urologiya sohasida diagnostika va davolash ishlari yildan-yilga takomillashmoqda. Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazida yiliga o‘ttiz mingga yaqin bemor ana shu yo‘nalishdagi zamonaviy tibbiy-maslahat va davolash yordamidan foydalanayotir. Bu yerda yiliga sakkiz mingdan ziyod turli darajadagi jarrohlik amaliyotlari bajariladi.

Sohaga yuksak tibbiy texnologiyalarning kirib kelishi tufayli ilgari operatsiya bilan davolangan ko‘pgina xastaliklarni tig‘siz davolash, bemorlarni sog‘lom hayotga qaytarish imkoniyati kengayayotir. Bugungi kunda urologik xastaliklarning salmoqli qismi endoskopiya usulida davolanmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda barcha viloyatlardagi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida urologiya bo‘limlari tashkil etilib yuksak tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangani, Respublika urologiya markazining Urganch filiali tashkil etilgani sog‘liqni saqlash sohasidagi ilg‘or usullarni hududlarga ham izchil tatbiq etish, zamonaviy tibbiy yordamni xalqimizga yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda.

Erishilayotgan bunday yutuqlar bilan birga talay dolzarb vazifalar ham o‘z yechimini kutmoqda. Xalqimizning zamonaviy tibbiy yordamga kundan-kun o‘sib borayotgan talabini qondirish, yurtimizning chekka hududlarida yashaydigan aholini ham bunday zamonaviy tibbiy yordamdan to‘liq bahramand etish zimmamizga katta mas’uliyat yuklayotir.

 

Prezidentimiz uchrashuvda bu masalalarga alohida e’tibor qaratib, xalqimizning zamonaviy tibbiy yordamdan foydalanish borasida qilgan murojaatlariga o‘z vaqtida tez va samarali javob qaytarish ishlarini yaxshilash, aholining talab va ehtiyojidan kelib chiqib tibbiy xizmatni yanada rivojlantirish bilan bog‘liq ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Yana o‘qing:  Ota-ona ibrati farzandlarga qanot bag‘ishlaydi

 

Xususan, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining barchasi Toshkent shahrida joylashgani qishloq tumanlarida yashaydigan aholi bunday zamonaviy tibbiy yordamdan foydalanishda muayyan qiyinchilik tug‘dirayotgani qayd etildi. Bu muammoni bartaraf etish uchun ixtisoslashtirilgan markazlar olimlari va shifokorlari hududlarga chiqib aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishi, xususan, jarrohlik muolajalarini amalga oshirishi masalasi ilgari surildi.

Bu bizning markazimiz jamoasi zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Shundan kelib chiqib, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni hududlarda amalga oshirish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqish choralarini ko‘rmoqdamiz. Kelgusida barcha viloyatlarda markazning filiallarini tashkil etish uchun 2017–2018 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasini tuzish ishlari olib borilmoqda.

Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazining Urganch filialiga bir guruh olimlarimiz va shifokorlarimiz boradi. Ular Xorazm viloyati aholisi orasida urologiya sohasida mamlakatimiz tibbiyoti erishayotgan muhim yangiliklarni targ‘ib etishi, bunday tibbiy xizmatga muhtoj insonlarga yordam ko‘rsatishi, tibbiy-profilaktika ishlarini rivojlantirishda birlamchi tibbiyot maskanlariga ko‘mak berishi rejalashtirilgan.

Markazimizning Nukus filialini ochish yuzasidan ham ish olib bormoqdamiz. Zero, ekologik jihatdan nisbatan noqulay hudud hisoblangan mazkur mintaqada zamonaviy urologiya xizmatiga ehtiyoj ancha yuqori. Shuningdek, hududlardagi mutaxassislar, xususan, QVPlarda ishlaydigan umumiy amaliyot shifokorlari ishtirokida urologiyaning dolzarb masalalari yuzasidan mahorat darslarini tashkil etish, tibbiyot yangiliklarini ommalashtirish, kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlash ishlarini takomillashtirish asosiy maqsadimizdir.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, shifokorlar salomatlik posbonlaridir. Xalqimiz bizga eng ulkan boyligi – salomatligini ishonib topshirar ekan, biz, tibbiyot xodimlari bu omonatni nafaqat asray olishimiz, balki insonlarning sog‘lom va uzoq umr ko‘rishi yo‘lida kuch-salohiyatimizni ayamasligimiz, bu ezgu maqsadga butun borlig‘imizni baxshida etishimiz kerak. Shundagina shifokor degan sharafli nomni oqlab, xalqimizning ishonchini qozonishga erishamiz.

Farhod OQILOV,

Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazi direktori

O‘zA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: