Vatanga muhabbat, tug‘ma qobiliyat, ulkan jasorat

Bu dunyoda abadiy qolmoq mumkin emas, biroq yaxshi nom qoldirmoq katta saodatdir.

Alisher NAVOIY

 

Avlodlarga meros qolgan xayrli ishlar, ezgu amallar inson hayotini mangulikka muhrlaydi. Bu so‘zlarning nechog‘li haqiqat ekanini O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida bo‘lganimizda yana bir amin bo‘ldik.

Islom Karimov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan “Butun olamni jo qilgan yurak” nomli ko‘rgazmada davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari, oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalari ustoz-murabbiylari, talabalar, o‘quvchilar, oilaviy tashrif buyurgan insonlardan tortib, kichik yoshdagi bolajonlar, nuroniy otaxonu onaxonlarni uchratish mumkin.

 

– Muzey o‘z faoliyatini boshlaganiga hali uncha ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsada, bu yerga keluvchilarning soni kun sayin ortib bormoqda. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti tavalludiga atab tashkil etilgan ilk ko‘rgazma ekani bilan yanada ahamiyatlidir. Ko‘rgazmadan nafaqat o‘zbekistonlik, balki xorij ijodkorlarining san’at asarlari o‘rin olgan. Ularda Birinchi Prezidentimizning oilaviy hayoti, xalq bilan muloqot jarayonlari, global muammolarning hal qilishdagi ishtiroklari tasvirlangan turli mavzudagi suratlarni ko‘rish mumkin. Shuningdek, san’at asarlarida Birinchi Prezidentimizga xalqning hurmati, bu buyuk shaxsning elimizga ko‘rsatgan cheksiz mehr-muhabbati, yurtdoshlarimizning minnatdorlik tuyg‘ulari o‘z aksini topgan. Ko‘rgazma 2 zalga bo‘lingan. Birinchi zalda rassomlar va haykaltaroshlarning asarlari namoyish etilmoqda. Ikkinchi zaldan fotorassomlarning 80 ta ijodiy ishi o‘rin olgan, – deydi muzey xodimasi Nilufar Abdullayeva.

 

Ko‘rgazma katta zalidagi suratlar bilan tanisha turib, o‘tkir nigoh egasi bo‘lgan Islom Abdug‘aniyevichning mashhur rassom Bahodir Jalolov tomonidan mahorat bilan ishlangan surati e’tiborimni o‘ziga tortdi. Rassomning bu san’at asarida Buyuk Yo‘lboshchimiz yo‘lbars bilan birga tasvirlanadi. Ma’lumki, yo‘lbars kuch-qudrat, buyuklik, iqtidor ramzidir. Ikki qudrat falsafasini o‘zida jo qila olgan bu kompozitsiyani shunchaki tomosha qilib bo‘lmaydi. Undagi ta’rif etish mushkul bo‘lgan, o‘zgacha bir kuch tomoshabinni o‘z olamiga g‘arq qiladi.

 

– Muzeyga oila a’zolarimiz bilan birga keldik, – deydi Feruz Ro‘ziyev. Bu yerda Birinchi prezidentimiz so‘zlagan nutqlari namoyish etilayotgan video tasvirlar, hayotiy faoliyatlari aks ettirilgan suratlar men va farzandlarimda juda katta taassurot uyg‘otdi. Islom Karimov doimo yurtimiz farzandlarini bilimli, dono va albatta hech kimdan kam qilmay kamol topishini istagan. Hozir o‘zbek farzanlarining qat’iyatu shijoati, bilimi, jahon arenalarida qo‘lga kiritayotgan yutuqlarini kuzata turib, ularning ezgu maqsadlari ro‘yobga chiqayotganini ko‘ramiz.

 

Yana o‘qing:  Tovuq qanotlaridan tansiq taom

Chindan ham Istiqlolimiz asoschisining hayot yo‘li fidoyilik, matonat, xalqiga bo‘lgan ulkan sadoqat bilan yo‘g‘rilgan edi.

 

– Ushbu madaniy tadbirga kursdoshlarim bilan keldik, – deydi biz bilan suhbatda Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi Suyunbek Sodiqov. – Bu yerdagi suratlarni kuzata turib, bir olam taassurot oldim. Buyuk insonning hayot yo‘li bilan suratlar orqali tanisha turib, ularga bo‘lgan hurmatim yanada ortdi. Bugun mustaqil O‘zbekiston deb g‘ururlanib ayta olishimiz uchun poydevor yaratgan, o‘z umrini xalq xizmatiga kamarbasta qilgan, yurt ravnaqi uchun beqiyos ishlarni amalga oshirgan bu buyuk inson biz yoshlar qalbida doimo barhayot. Ularning yoshlarga qarata “Yoshlar, siz mening farzandlarimsiz. Nima kerak bo‘lsa, mana men sizlarga yaratib beraman. Siz, ertamiz egalari, shu yurtning haqiqiy vorislarisiz” degan so‘zlari bizlarga katta kuch bag‘ishlaydi.

 

Fotorassomlar ijodiy ishlari o‘rin olgan kichik zalga o‘tar ekanmiz, Buyuk Yo‘lboshchining meva terayotgan, sport bilan shug‘ullanayotgan, insonlar bilan samimiy muloqoti aks etgan fotosuratlarini diqqat bilan tomosha qilayotgan otaxonga ko‘zimiz tushdi. Qiziqishimiz ustun kelib, ularni suhbatga tortdik.

 

Qizim, men sobiq Ittifoq davrida Islom Karimov Qashqadaryo viloyatida obkom skretari bo‘lgan paytda Kitob tumanida qishloq soveti raisi edim, – deydi Erkin ota Saidov. – Bu inson men uchun nafaqat millat otasi, balki birga faoliyat yuritgan buyuk shaxs sifatida ham qadrli. Hayot deb atalmish eshikdan kirib, unda yashab ketguvchi mehmonlar soni bisyor, ammo unda o‘z nomini abadiyatga muhrlaganlar barmoq bilan sanarli. Millat otasi, o‘zbek xalqining qalbidan joy olgan buyuk shaxs, elim deb, yurtim deb yonib yashagan O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov ham ana shunday insonlardan biri edi.

 

Suhbatga guvoh bo‘lganlar Erkin otadan Birinchi Prezidentimizning qat’iyati, uning insonlar bilan o‘zaro munosabati, ishga bo‘lgan mas’uliyati xususida o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Majmuadan qaytar ekanmiz, turli o‘y-fikrlar xayolimizni chulg‘aydi. Shoir tomonidan bitilgan satrlar yodimizga keladi:

 

Bugun judolik bor gar qalbimizda,

Lekin g‘urur yashar havas qilgulik.

Abadiyat o‘sdi ko‘z oldimizda,

Shundoq yonimizdan o‘tdi Mangulik.

 

Yana o‘qing:  Farzand istiqboli – baxtning timsoli

Xurshida HUSENOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: