Tarbiya uchun eng yaqin ko‘makchi

Kitob – eng buyuk kashfiyot. Bunga hech qanday shubha yo‘q. Kitobning eng katta foydasi, uni o‘qigan odam, avvalo, o‘zligini anglaydi. Qanday yashash kerakligini tushunib yetadi.

Boshqa hech kim yoki hech narsa bunday imkoniyatga ega emas. U insonlar qalbiga ezgulik ulashadi, ziyo olib kiradi, yaxshilikka oshno etadi, hayot yo‘llarini yoritadi.

Lekin so‘nggi yillarda kitob va kitobxonlik borasida odamlar uch toifaga ajralib qolgandek. Bir turkum kishilarimiz o‘zlari o‘qigan kitoblarga haddan tashqari berilib, atrofidagi boshqa narsalarni unutib qo‘yish darajasiga yetganlar. Ikkinchi toifa uchun kitob umrini o‘tab bo‘lgan vosita, shuning uchun uni mutlaqo keraksiz deb hisoblaydi. Uchinchi toifadagilargina kitobni inson ma’naviy olamini boyitish bilan birga, jamiyat hayotini go‘zallashtirishga, moddiy, tabiiy borliqning taraqqiyotiga xizmat qiluvchi zarur omil deb biladilar.

Kitobni ayniqsa, farzandlarimiz hayotida tutgan o‘rni beqiyos. Lekin o‘g‘il-qizlarimizga kitob harid qilayotganda uning badiiy saviyasiga jiddiy e’tibor qaratishimiz lozim. Afsuski, bugun ota-onalar ko‘chada qo‘liga qanday badiiy asar tushsa, uyiga olib kelib, bolasiga o‘qib bermoqda. Ota-onlarimiz chetdan kirib kelayotgan ertak va multfilmlarda olg‘a surilayotgan buzg‘unchi “ommaviy madaniyat” sarqitlariga e’tibor qilmayapti. Oqibatda bolalarimizni ma’naviy-ruhiy qiyofasida milliylikka zid bo‘lgan ayrim bir illatlar shakllanib qolmoqda. Bola tarbiyasi va ma’naviyati juda nozik va murakkab jarayon bo‘lib, u ota-onalardan katta mas’uliyat va e’tiborni talab qiladi.

Bolaning ma’naviy-ruhiy qiyofasini shakllantirish ishlarini maktabgacha ta’lim muassasasidan boshlash kerak. Sababi psixologik jihatdan bu yoshda yuqorida sanab o‘tilgan ijobiy fazilatlarni shakllanishiga nisbatan bolada tabiiy motivatsiya va ehtiyojlar yuzaga keladi. Ya’ni, bola bu yoshida to‘g‘ri so‘z, sadoqatli do‘st, sezgir, sinchkov, hamma narsaga o‘zini daxldor deb biladi. Mas’uliyatli ishlarga ehtiyoj sezadigan, g‘amxo‘r, atrofidagi insonlarga mehribon bo‘ladi. Demak, mazkur yosh ma’naviy-ruhiy qiyofani shakllantirishga imkoniyat ko‘proq bo‘lgan davr hisoblanadi. Shunday ekan farzandlarimizni ham ma’nan, ham jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishida ota-onalar, tarbiyachilar va jamoatchilik o‘z mehnatini ayamasligi lozim.

X. JABBOROV

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi yetakchi mutaxassisi

Yana o‘qing:  Halollikning yo‘li nurafshon

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: