Qarog‘ida baxt ingan ayol

Erta bilan ishga otlangan Ra’no Zokirovani yengil avtomashina zumda manzilga eltib qo‘ydi.

Uyana o‘sha qadrdon dargoh – “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining Qashqadaryo viloyat tibbiy ijtimoiy patronaj markazi binosiga kirib borarkan, mehribon hamkasblari bilan yuz ko‘rishishni o‘ylab, qalbi quvonchga to‘ldi.

…Bugun doimgidek hamkasblari navbatdagi xizmat safariga hozirlik ko‘rishmoqda. Pediatr, ginekolog, UTT, EKG mutaxassislari, hamshira hamda ijtimoiy xodimlardan tashkil topgan guruh Shahrisabz shahridagi “Navro‘z” MFYga jo‘nash arafasida. Zaruriy tibbiy anjomlar, xayriya yuki ortilgan mashina safarga tayyor. Brigada rahbari Lola opa Xo‘jamberdiyeva jamoasi bilan tibbiy jihozlar va dori-darmonlar ro‘yxatini yana bir bor ko‘zdan kechirarkan, safdoshlariga vazmin holda boshini irg‘ab, yo‘lga chiqish mumkinligini tasdiqlaydi. Jamoa manzilni ko‘zlab yo‘lga tushdi.

Ra’noxon oyna ortidan atrofga razm solarkan, manzilni yaqin va yengil qilayotgan yo‘llarning ravon va kengligidan quvonadi. Shu tobda beixtiyor, bundan yigirma yil muqaddam ilk ish boshlagan kezlarni ko‘z oldiga keltirdi. Tibbiy ijtimoiy patronaj brigadasi tashkil etilgan yillar edi, u paytlar. Bunday qulay shart-sharoit qayoqda deysiz!? Mutaxassislar ozchilikni tashkil qilar, zaruriy tibbiy asbob-uskunalar yetishmas, bori ham anchagina eskirib qolgan edi. Ammo shunga qaramay, Jumaqul Qurbonov, Abror Qo‘ldoshev kabi ustozlarning zahmatkash va fidokorligi tufayli mavjud sharoitda ham tunni kunga ulab, aholi salomatligiga kamarbasta bo‘lishgan. Insonlarning tibbiy madaniyatini oshirishda o‘z mehnatini ayamagan. Yo‘llarning noqulayligi-yu, ob-havoning injiqliklariga parvo qilmay, viloyatning chekka-chekka tumanlariga borib, aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishgan.

 

Qashqadaryo viloyatida olib borilgan “Salomatlik” haftaligi davomida 26 ta MFY, 29 ta QFY hamda harbiylar shaharchalarida istiqomat qilayotgan 2 ming 158 nafar fertil yoshidagi ayollar va bolalar keng qamrovli tibbiy-ijtimoiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

 

Endilikda barchasi butkul o‘zgacha. So‘nggi yillarda aholining tibbiy madaniyati yanada oshdi. Ra’noxon ko‘rik paytida ham bunga ko‘p bora amin bo‘ldi. Avvallari kam ta’minlangan, tibbiy-ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarni aniqlab, ularni tibbiy ko‘rikka jalb etish ko‘p vaqtni talab etgan bo‘lsa, endilikda aholi o‘z salomatligiga befarq bo‘lmagan holda bunday tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. Albatta bunda viloyatning mutassaddi tashkilotlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan birgalikda olib borilgan ijtimoiy hamkorlik yaxshi samara berayotir. Ammo Ra’no Zokirovaning vazifasi birgina bu emas. Uning zimmasiga moddiy yordamni o‘z egalariga manzilli yetkazib berish ham yuklatilgan. U hamkasblari bilan dori-darmon, kiyim-kechak, sanitariya-gigiyenik vositalardan iborat xayriya yordamlarini o‘z egalariga yetkazib beradi. Xalq tinchligi, yurt farovonligi, savobli ishlarga qut-baraka tilab qilingan elning duosidan Qashqadaryo tibbiy ijtimoiy patronaj brigadasi xodimlarining ko‘ngli tog‘dek ko‘tariladi. Shahrisabz shahridagi “Navro‘z” MFYda o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik davomida bundan bir necha yil muqaddam Germaniyada davolanib kelgan Og‘abek ismli bolakayning onasi jamoaga minnatdorlik bildirib ketgani ham tibbiyot xodimlariga o‘zgacha ko‘tarinkilik bag‘ishladi. Bunday samimiy izhorlar Ra’noxonning hayotida juda ko‘p bo‘lgan.

Yana o‘qing:  Yaxshi yashash baxti

Jamoa navbatdagi topshiriqni ado etib, ortga qaytarkan, ruhiyatda yengillik his etishadi. Shunda Ra’noxon dadasi Sunnat akaning “Daraxt bir joyda ko‘karadi, qizim! Umrning barakasi va mazmuni kishining to‘g‘ri tanlagan kasbi koriga bog‘liq”, deya aytgan so‘zlarini yodga oladi.

 

Ma’rifat TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: