O‘tmish surati: elga ma’rifat ulashgan mutafakkir

Chunki fotoapparat va boshqa suratga olish anjomlarini Farg‘ona vodiysiga fan-texnika yangiligi sifatida birinchi bo‘lib Ibrat domla olib kelgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Namangan viloyatida bo‘lgan uchrashuvdagi nutqida viloyatda tug‘ilib o‘sgan va milliy madaniyatimiz, adabiyotimiz, san’atimiz, ilm-fanimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ma’rifatparvarlar haqida gapirar ekan, “Milliy uyg‘onish davrining yetuk namoyandalaridan biri, Vatan va xalq istiqloli uchun jonini fido qilgan ulug‘ bobomiz Ibrat domla haqida to‘xtalib o‘tishni o‘rinli deb bilaman”, degan edi.

XIX asrda To‘raqo‘rg‘onda tug‘ilgan Is’hoqxon To‘ra Ibrat arab, fors, rus, hind, urdu, ingliz, fransuz tillarini yaxshi bilgan. Qadimiy finikiya, yahudiy va yunon yozuvlarini o‘rgangan. O‘z bilimini boyitish maqsadida dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lib, turli xalqlar tarixi va madaniyatini tadqiq qilgan, Sharq va G‘arb ilm-fani, madaniyati va san’ati bilan yaqindan tanishgan. Dunyo tamaddunining ilg‘or madaniyati, fan va texnika yangiliklaridan yurtdoshlarimiz ham bahramand bo‘lishi yo‘lida sidqidildan mehnat qilgan.

Is’hoqxon to‘ra Ibrat 1896 yili Koshg‘ar safaridan qaytgach, olti tilni o‘z ichiga olgan “Lug‘ati sitta alsina” (Olti tilli lug‘at) nomli asarini yozdi. Kitob ancha qiyinchiliklar bilan 1901 yili Toshkentda chop etildi. Ibrat ilg‘or pedagog sifatidagi faoliyatini davom ettirib, 1907 yili o‘z uyida “usuli savtiya” metodiga asoslangan maktab ochdi. Unda 30 nafar qishloq bolalarini o‘qitdi. O‘qish-o‘qitish ishlarini o‘zi tuzgan dastur asosida olib bordi. Maktab yorug‘ derazali katta xonada joylashgan bo‘lib, yangi o‘quv qurollari – parta, stol-stullar, yangi o‘quv kitoblari, qora taxta (doska), daftar kabilar bilan ta’minlangan edi.

1908 yili Orenburg shahridan bosmaxona uskunalarini keltirib, “Matbai Is’hoqiya” bosmaxonasi (“Is’hoqiya bosmaxonasi”)ni tashkil etgan. 1960 yilgacha faoliyat ko‘rsatgan ushbu bosmaxonada ko‘plab ilmiy-ma’rifiy kitoblar, risolalar, gazeta va jurnallar chop etilgan.

Ibrat o‘nlab kitob do‘konlari, kutubxona va maktablar ochgani, bog‘lar yaratgani Farg‘ona vodiysi ijtimoiy hayotida muhim iz qoldirgan bo‘lsa, u yaratgan olti tilli lug‘at, ilmiy-pedagogik va badiiy asarlar o‘z davrida talabalar uchun g‘oyat zarur manba bo‘lib xizmat qilgan. Ibratning ilm-ma’rifatga chaqiruvchi she’rlarida inson taqdiri birinchi o‘rinda turdi. U xalqning iqtisodiy-madaniy hayotiga xizmat qiluvchi, uning mushkulini yengillashtiruvchi, uzog‘ini yaqin qiluvchi ilm-fanni, texnikani targ‘ib etdi.

Yana o‘qing:  Muzey va ta’lim hamkorligi

Is’hoqxon Ibrat jahon ilm-fanida yaratilgan har bir ilg‘or yangilikdan o‘z xalqini bahramand etishga harakat qildi. 1908 yili tashkil qilingan “Fotografiyai Is’hoqiya”, 1910 yili To‘raqo‘rg‘on aholisi uchun bunyod etilgan istirohat bog‘i buni tasdiqlaydi. Bugina emas. U otasidan qolgan katta yerni gulbog‘ qildi, favvora qurdirdi, 150 tup manzarali daraxtlardan xiyobon yaratdi, Yevropa usulida katta imorat qurdirib, uning arkiga “Xush kelibsiz, Is’hoqiya bog‘iga!” – deb yozib qo‘ydi. To‘raqo‘rg‘on aholisi uni hozir ham “Gulbog‘”, “Is’hoqiya bog‘i” deb ataydi.

Prezidentimizning yuksak e’tibori bilan Is’hoqxon To‘ra Ibratning xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari o‘zining munosib e’tirofini topdi. Bugungi kunda viloyatda ulug‘ bobomiz xotirasini abadiylashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. To‘raqo‘rg‘on tumanida Ibrat xiyoboni va bog‘ yaratish, uning nomidagi muzey va viloyatda ma’rifatparvarning nomi bilan xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashgan maktab tashkil etish kabi loyihalar ustida ish olib borilmoqda.

Muazzamxon MAMAJONOVA,

Nodira TURDALIYEVA,

Farg‘ona olimpiya zaxiralari kolleji o‘qituvchilari

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: