OTA HAM SOG‘LOM BO‘LSA…

Istiqlol yillarida inson salomatligi, xususan ona-bola sog‘ligi va bolalarni jismonan baquvvat, ma’nan yetuk qilib tarbiyalash ustuvor vazifa sifatida kun tartibiga chiqarildi va bu borada ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Salkam chorak asrda bu sohada qilingan ishlar salmog‘i hayratlanarli. Buni tavsiflab, ta’riflab bo‘lmaydi. Birgina “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini tasavvur etib ko‘ring-a…

Sog‘lom ona, sog‘lom bola haqida matbuotda yuzlab maqolalarni o‘qib, nega sog‘lom ota xususida kam gapiramiz yo bolaning sog‘ligi otaga bog‘liq emasmi, degan savol tug‘iladi.

“O‘G‘ILNI OTAGA O‘XSHATAR JAHON…”

Sharq adabiyotidagi istalgan daho shoirlar ijodini olasizmi, o‘zbek xalqi yaratgan doston, ming-minglab ertak, rivoyat, maqol, qo‘shiq yo o‘zga janrlardagi asarlarga nazar solasizmi, oilani, jamiyatni asrab turgan uchlikka duch kelasiz: Vatan – oila – farzand. Shu uchlikda Vatan yuqori turadi, ota-ona ikkinchi, farzand so‘nggi o‘rinni egallaydi. “O‘g‘ilni otaga o‘xshatar jahon”, deb yozadi Firdavsiy.

Xalqimiz farzand yaxshi bo‘lsa: “yasha, ota o‘g‘il”, yomon bo‘lsa, “boladan buyurmapti”, deydi. Xalq e’tiqodicha, har otadan yo ul, yo to‘l qolarkan. Bilasizki, qo‘y-echkilar bolalaganda to‘l tushdi, deydi. To‘l, ya’ni qo‘zi-uloqlar ota-ona, yurt qadrini bilmaydi. Odamzodning o‘g‘li ham shunday bo‘lsa u ul emas, to‘ldir.

Istalgan yozma tarixiy va xotira kuchiga asoslangan og‘zaki manbalarda ota oila boshlig‘i, munosib o‘g‘il-qizlar tarbiyachisi sifatida sharaflanadi va farzand tarbiyasidagi o‘rni yuksak baholanadi.

OTALAR BEDARDMI?

Avvalo, oila qurishda bo‘lg‘usi ota va onadagi irsiy kasalliklarni bilish, o‘rganish shart. Ota-bobolarimiz shunday qilishgan.

Shunday ekan, nega onalarni avaylash, asrash, xastaligini bolaga o‘tkazmaslik haqida bong urganda otalarni unutamiz? Nega boladagi uchragan kasallikni onadan ko‘ramiz, ularni behuda ayblaymiz? Hozirgacha, o‘g‘il ko‘rmasa ham onani gunohkor bilamiz. Kelin farzand ko‘ravermasa ham erni emas, uni ayblab, tug‘masga chiqaramiz. Buning barchasi erni bekamu ko‘st bilishdan.

O‘ylab qarasangiz, bu ham yangilik emas. Besh-olti yil oldin malaka oshirishga kelgan shogirdimni uchratib qoldim. So‘rashib: “armiya” qancha bo‘ldi (shogirdlardan farzandlar nechta deyish o‘rniga shunday so‘rayman), – dedim. Xomush holda: “Yo‘q, bo‘lmayapti”, – dedi. O‘tgan yillar mobaynida xotinini shifoxona, mulla-eshon, qushnoch qolmay ko‘rsatibdiyu, o‘zini ko‘rsatmabdi. Yaxshi gapirib, pinhona bir tanish shifokorga olib bordim. Sir saqlashni aytib, tekshirtirdim. Shukurki, davolanish sharofati bilan ota bo‘ldi. Hozir bir o‘g‘il, bir qizi bor. Xulosaga keldim: ayrim yigitlar uyalib yoki or qilib ularga dardini ayta olmas ekan-da.

Yana o‘qing:  QO‘ShQANOT ShIFOKORLAR

ORTIQCHA G‘URUR – KIMGA ZARAR?

Farzand ko‘rishda va salomatligida ota aybdor bo‘lmaydi, degan fikr hamon mavjud. Bola kasal yoki nogiron bo‘lsa, onani ayblash, mas’uliyatdan ko‘z yumish oson. Axir aroqxo‘r, giyohvand otadan sog‘lom bola tug‘iladimi? Yoki orttirilgan yuqumli xastalikka uchragan erkaklar o‘z dardini aytmay, majruh farzandlar tug‘ilishiga sabab bo‘layotgani fojea emasmi?

Biz atrofdagi do‘stu yoronlar, qarindosh-urug‘lar, mahalladoshlar o‘sha yigit (erkak)ning nafaqat xastaligini, balki shu holatga olib kelgan omillarni-da bilamiz. Bilamizu unga ta’sir etish, davolatish o‘rniga sukut saqlashni ma’qul ko‘ramiz. Necha ming yillik qadriyat, an’analarni unutib, o‘z-o‘zimizni, yaqinlarimizni nazorat qilmaymiz.

“BELIDA BELBOG‘I BOR”LAR MAS’ULIYATI

Mustahkam, baxtli oila haqida gapirganda eng ko‘p mas’uliyatni erkakda, otada bo‘lishi ko‘pchilikka ayon. Yigit uylanishdan oldin shu mas’uliyatni, aqlan, jismonan va ruhan his etishi, chuqur anglashi shart. Bu mas’uliyatni singdirish esa otaning, boboning, tog‘aning, amakining vazifasi, burchidir.

Hozirgi kunda otalarning aqlan va ruhan sog‘lomligi, ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashi sog‘lom avlod, komil farzandlar tarbiyalashning yetakchi omilidir. Bo‘lajak onalarga qanchalik diqqat-e’tibor qilib sog‘lig‘ini saqlashga harakat qilayotgan, shart-sharoit yaratayotgan, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borayotgan bo‘lsak, bo‘lajak otalar masalasiga ham shunday yondashilsa, maqsadga muvofiq keladi.

Abduolim ERGASHEV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: